Oʻrmon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oʻrmon — bir-biriga va oʻsish sharoitiga taʼsir etuvchi va geografik landshaft elementini hosil qiluvchi daraxtsimon oʻsimliklar majmui; Yer oʻsimlik qoplamining asosiy tiplaridan biri, biosferaning tarkibiy va juda muhim qismi. Oʻsimliklarning koʻpgina hayotiy shakllaridan iborat boʻlib, bular orasida daraxt va butalar asosiy, oʻtlar, butachalar, yoʻsinlar, lishayniklar va h.k. ikkinchi darajali rolʼ oʻynaydi. Oʻ. Antarktidadan tashqari hamma qitʼalarda oʻsadi, Yer sharidagi quruqlikning 30% ni ishgʻol qiladi. Yerning Oʻ.li maydoni 4 mlrd. ga maydonni egallaydi (Oʻzbekistonda 8,5 mln. ga ni tashkil etadi, 2004).

Oʻsish sharoitiga qarab, koʻpchilik daraxt turlari qimmatli oʻrmon formatsiyasi (mas, qaragʻayli Oʻ., kedrli Oʻ., oqqaragʻayli Oʻ., tilogʻochli Oʻ. va h.k.)ni hosil etadi. Oʻrta Osiyoda archazor Oʻ.lar koʻp. Oʻ.lar turli zonalarda togʻ va daryo qayirlarida ham tarqalgan. Oʻ.ning tur tarkibi, muhim oʻsimliklarning biologik xususiyatlari, yoshi va maʼlum tabiiygeografik sharoitiga qarab oʻsimliklarning bir nechta pogonasi rivojlanadi. Moʻʼtadil mintaqa Oʻ.lari tarkibi boʻyicha: birinchi kattalikdagi daraxtlar va Oʻ. hosil qiluvchi dovdaraxtlar (qaragʻay, qoraqaragʻay, tilogʻoch, eman, shumtol)dan iborat 1pogʻona, ikkinchi kattalikdagi daraxtlar (oqqaragʻay, qoraqayin, lipa, zarang va boshqalar)dan iborat 2pogʻona, butalar (oʻrmon yongʻogʻi, itjumrut, normushk va boshqalar)dan iborat 3pogʻona hamda oʻtbutachali va yoʻsinlishaynikli qoplamadan iborat 4—5 (quyi) pogʻonalar boʻladi. Oʻ.da baʼzan, pogʻonalarga kirmaydigan chirmashuvchi va ilashuvchi oʻsimliklar ham uchraydi.

Oʻ. tabiiy (urugʻidan, vegetativ, bachkisidan) hamda sunʼiy (urugʻ yoki koʻchat ekib) yoʻl bilan tiklanadi. Tabiiy oʻrmonlar asosiy maydonni egallaydi. Oʻ. tarkibi va rivojlanishiga koʻra bir qancha tiplarga ajratiladi. Har bir tip muayyan bir turdagi daraxtlar, butalar, shuningdek, oʻtlar, butachalar, yoʻsin va lishayniklardan iborat. Oʻsish mintaqalariga koʻra, Oʻ.lar Shim. yarim sharda tropik, subtropik, geografik zonallikka koʻra tundra, tayga, dasht, choʻl, toʻqay va boshqalar, oʻsimlikdaraxtlar tarkibiga koʻra qaragʻay, archa, qayin, eman va h.k. Oʻlariga boʻlinadi. Oʻ.ning rivojlanishi tuproq, iqlim sharoiti, hayvonlar ishtiroki va roli, insonning bevosita aralashuvi bilan bogʻliq. Oʻ.dan unumli foydalanilsa, yetilgan daraxtlar tanlab qirqilsa, Oʻ. uzoq yashaydi, yaxshi tiklanadi. Oʻ., oʻz navbatida, tuproq sharoitiga, uning suv rejimiga, strukturasiga, organik va mineral moddalarning toʻplanishiga, tuproq unumdorligiga katta taʼsir koʻrsatadi. Oʻ.da nam koʻpligi tufayli gumus (chirindi) moʻl toʻplanadi, tuproq tez ishqorsizlanadi, kislotaliligi ortadi, ildizlar chuqur tarqaladi. Oʻ. yozgi, ayniqsa, qishki yogʻinlarning taqsimlanishi va toʻplanishiga taʼsir koʻrsatib, oʻsimlik hamda hayvonlar uchun mikroiqlim yaratadi. Yerning Oʻ. qoplami — tirik moddalarning planetar akkumulyatorlaridan biri boʻlib, Oʻ. biosferada bir qator kimyoviy elementlar va suvni saqlab turadi, troposfera bilan oʻzaro faol taʼsirlashadi va kislorod hamda uglerod balansi darajasini belgilaydi. Oʻ.lar odamzod uchun kerakli boʻlgan kislorodning 60% ni ishlab chiqaradi. Oʻ. rekreatsiya va sogʻlomlashtirish ahamiyatiga ega. Tuproqni shamol va suv eroziyasidan, temir va avtomobil yoʻllari, kanallar, qishloq xoʻjaligi ekinlari ekilgan maydonlarni, aholi ggunktlarini turli noqulay tabiiy hodisalardan himoya qiladi. Oʻ.lar togʻlarda sel oqimlarining vujudga kelishiga yoʻl qoʻymaydi, qor koʻchishi, tuproqlar siljishining oldini oladi. Oʻ. yogʻochlaridan 20 mingdan ortiq mahsulotlar ishlab chiqariladi. Oʻzbekiston Respublikasida Oʻ.ga oid munosabatlar 1999 yil 15 apr. da qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining "Oʻrmon toʻgʻrisida" qonuni bilan tartibga solinadi (yana q. Oʻrmon resurslari, Oʻrmon fondi).

Adabiyot[tahrir]

  • Xonazarov A.A., Oʻzbekistonda oʻrmonzorlar barpo etish asoslari, T., 2002.