Xromosomalar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Xromosomalar (xromo... va yun. soma — tana) — hujayrasidagi genlarni oʻzida saqlovchi, hujayra va yaxlit organizm uchun xos xususiyatlarni belgilovchi organoidlar. Oʻzoʻzidan koʻpayish xususiyatiga ega. Organizmlar X.i tuzilishi va funksiyasiga koʻra bir-biridan farq qiladi. "X." terminini nemis anatomi va gistologi V.Valdeyer taklif etgan (1888). X. asosini oqsillar va nukleoproteidlar bilan bogʻlangan 2 zanjirli DNK molekulasi tashkil etadi. X.dagi irsiy axborot DNK molekulasining tuzilishi va uning genetik kodi orqali taʼminlanadi. X.dagi DNKning taxlanishi va RNK sintezini boshkarishda oqsillar ishtirok etadi. X. tuzilishi va funksiyasining oʻzgarishi X. subbirliklari — xromonemalarning spirallanishi bilan bogʻliq. Spirallangan X. hujayra boʻlinishi metafazasida yoruglik mikroskopda yaxshi koʻrinadi. Har bir xromosoma sentromeralari orqali oʻzaro tutashgan 2 ta xromatiddan iborat. Xromatidlar reduplikatsiya natijasida hosil boʻladi. Somatik hujayrlarda X. diploid (2 tadan), ularning biri ona, 2si ota organizmga tegishli. Jinsiy koʻpayish (meyoz) da gomologik X.dan biri jinsiy hujayralarga oʻtadi. Har xil turga mansub organizmlar birbiridan X. soni va ularning tuzilishi bilan farq qiladi. Hujayradagi barcha X. kariotip (X. toʻplami)ni hosil qiladi. Kariotipda jinsiy X. va autosomalar boʻladi. Ayrim turlarda aynan shu tur uchun xos genlarga ega boʻlmagan qoʻshimcha X. ham uchraydi. Bakteriyalar va viruslar genetik apparata bir chiziqli yoki halqasimon, sitoplazmadan yadro qobigʻi orqali ajralmaganligi va taxlanmaganligi tufayli ularni shartli ravishda X. deyish mumkin.