Gimnaziya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gimnaziya — MDHda va baʼzi Yevropa mamlakatlarida mavjud boʻlgan chuqur bilim beradigan maktab turi. „Gimnaziya“ soʻzi grekcha γυμνάσιον (gymnasion) soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, qadimiy Gretsiyada yoshlar aqliy va jismoniy bilim oladigan joylar shu nom bilan atalgan. Zamonoviy ingliz tilida gymnasium soʻzi asosan jismoniy mashq qiladigan joy maʼnosida qoʻllaniladi.

Tarixi[tahrir]

Yevropada[tahrir]

Nemis tilida soʻzlashuvchi, Markazoy Yevropa, Skandinaviya, Benelux va Baltika mamlakatlarida „gimnaziya“ soʻzini oliy oʻquv yurtlariga tayyorlovchi maktab sifatida qoʻllash 16-asrdan beri mavjud. „Gimnaziya“ soʻzi (grekcha γυμνάσιον) qadimiy Afinada mashq qilish maydonini nomlash uchun ishlatilgan. Bu joylarda jismoniy mashq va sportga bagʻishlangan soatlar orasida oʻqituvchilar taʼlim berishgan. Shu asnoda „gimnaziya“ soʻzi bilim olish muassasasi degan maʼnoni olgan.[1]

Bu atamaning ishlatilishi Rimliklar orasida keng tarqalmagan. Italiyada Uygʻonish davri boshlanganda „gimnaziya“ soʻzi yana ishlatila boshlangan. 15-asrda Italiyadan Gollandiya va Germaniyaga oʻtgan. 1538-yil Strassburgda Johannes Sturm hozirgi nemis gimnaziyalarining modeli boʻlgan maktabga asos solgan. 1812-yil Prussiyada oʻquvchilarini universitetga joʻnata oladigan barcha maktab gimnaziya deb nomlanishi haqida buyruq chiqarilgan. 20-arga kelib bu udum barcha olmon mamlakatlariga, yana Avstriyaga va Rossiyaga tarqalgan.[1]

Oʻzbekistonda[tahrir]

Oʻrta Osiyoda gimnaziyalar 19-asrning soʻnggi choragida paydo boʻldi. 1876-yil Toshkentda oʻgʻil va qiz bolalar uchun rus progimnaziyalari (toʻliqsiz gimnaziyalar) ochilib, 1881-yilda gimnaziyaga aylantirildi.[2] Ularda mahalliy aholi badavlat tabaqalari bolalarining baʼzilari ham oʻqigan. Dastlabki yillarda mahalliy aholi bolalari rus tili bilan yaxshiroq shugʻullanishi uchun lotin tilini oʻrganishdan ozod qilingan.

1894-yil Toshkentda lotin tili oʻqitilmaydigan real gimnaziya ochildi. 1900-yildan keyin Samarqand, Yangi Margʻilon (hozirgi Fargʻona), Chorjoʻy va boshqa shaharlarda ham qizlar va oʻgʻil bolalar gimnaziyalari tashkil qilindi. Bularda ham darslar faqat rus tilida olib borilgan. 1917-yil Toshkentda 4 gimnaziya boʻlgan. Gimnaziyalar 1918-yil tugatilib, oʻrniga yagona mehnat maktablari tashkil qilingan.

Manbalar[tahrir]

  1. 1,0 1,1 "Gymnasia and Real-gymnasia". Encyclopedia Americana. 1920.
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil