Isfana

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Shahar
Isfana Isfananing shimoli-gʻarbiy chekkasidagi belgi
Mamlakat Qirgʻiziston
Viloyat Botken viloyati
Tuman Laylak tumani
Koordinatalari 39°50′0″N 69°32′0″E / 39.83333°N 69.53333°E / 39.83333; 69.53333Koordinatalari: 39°50′0″N 69°32′0″E / 39.83333°N 69.53333°E / 39.83333; 69.53333
Mer Tashpolot Qozubayev[1]
Asos solingan XVI
Qachondan beri shahar 2001
Maydoni 2.52 km²
Markazi balandligi 1320 m
Rasmiy tili Qirgʻiz tili
Aholisi 18 244[2] 
Zichlik 11,000 kishi/km²
Milliy tarkibi oʻzbeklar, qirgʻizlar, ruslar, tatarlar, tojiklar
Konfessiyaviy tarkibi Musulmonlar
xristianlar
ateistlar
Vaqt mintaqasi UTC+6
Telefon kodi +996 3656
Pochta indeksi 720400[3]
Rasmiy sayti http://isfana.org (rus.)
Isfana (Qirgʻiziston)
Isfana

Isfana (qirgʻ. Исфана; rus. Исфана) — Qirgʻizistonning Botken viloyati gʻarbiy chekkasida joylashgan shahar. Isfana Fargʻona vodiysining gʻarbiy chekkasida, uch tomondan Tojikiston bilan chegaradosh hudud ichida joylashgan.

„Isfana“ soʻzi „aspanakent“ degan qadimiy soʻzdan kelib chiqqan boʻlib, „otlar makoni“ degan maʼnoni anglatadi deb ishoniladi. Isfanada 16-asrdan beri odamlar yashab keladi. Sovet davrida Isfana oʻz boshidan katta oʻzgarishlarni kechirdi. 1937-yil Isfana qishloq kengashiga asos solindi. 1996-yil kengash qishloq boshqarmasi qilib oʻzgartirildi. 2001-yil oʻsha paytdagi prezident Asqar Aqayevning buyrugʻi bilan Isfanaga shahar statusi berildi.

Isfana Laylak tumanining administrativ markazidir. Mirzapochcha, Samat, Chimgen, Oqbuloq, Taylon va Gʻoʻlva qishloqlari ham Isfana shahar boshqarmasiga qaraydi. Isfananing rasmiy veb-sahifasida berilgan maʼlumotga koʻra, Isfana va unga qarashli qishloqlarning umumiy aholisi 28 085 kishidir. Shaharning oʻzida boʻlsa taxminan 18 200 kishi istiqomat qiladi.

Tarixi[tahrir]

„Isfana“ soʻzi „aspanakent“ degan qadimiy sugʻd soʻzdan kelib chiqqan boʻlib, „otlar makoni“ degan maʼnoni anglatadi deb ishoniladi.[4]

Isfanada kamida 16-asrdan beri odamlar yashab keladi.[5] Tarixda Isfana hozirgi Oʻzbekiston hududiga mos keluvchi yerlarni boshqargan davlatlar tarkibida boʻlgan. 1709-yildan 1876-yilgacha Isfana Qoʻqon xonligi tarkibida boʻlgan. 19-asrning oʻrtasiga kelib Rossiya imperiyasi hozirgi Oʻrta Osiyo hududini bosib ola boshlagan. 19-asrning oxiriga kelib Rossiya imperiyasi hozirgi Oʻzbekiston hududiga toʻgʻri keluvchi yerda hukm surgan barcha uch xonlikni qoʻlga kiritgan.[6] Xiva xonligi 1873-yil magʻlub boʻlgan. Buxoro xonligi 1866-yil bosib olingan. Qoʻqon xonligi boʻlsa 1876-yil Rossiya imperiyasi tarkibiga rasman qoʻshilgan.

Tarixda Isfana asosan oʻzbeklar istiqomat qilgan joy boʻlishiga qaramay, hozirgi Qirgʻiziston tarkibiga kiritilgan. Ruslar Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasini avtonom oblastlarga parchalayotganda Isfanani Qora-Qirgʻiz Avtonom oblasti tarkibiga kiritgan. Bu oblast keyinchalik Qirgʻiz Avtonom oblasti va soʻngra Qirgʻiz SSR qilib qayta tuzilgan. SSRI parchalanganidan keyin Qirgʻiz SSR Qirgʻiziston boʻldi. Shu asnoda asosan oʻzbeklar yashagan Isfana Qirgʻiziston tarkibiga qoʻshildi.

Baʼzi manbalarga koʻra, sovetlar atayin chegaralarni milliy guruhlarning tarixiy yashash joyiga mos kelmaydigan qilib chizishgan. Bunday qilishdan maqsad ushbu hududlarning tarixiy egalarini butunlay Moskvaga tobe boʻlishlarini taʼminlash va shu yoʻl bilan ularni boshqarishni osonlashtirish boʻlgan.[7] Bu manbalarga koʻra, alohida mamlakatlar yaratishdan maqsad Oʻrta Osiyoda panturkistik va panislomistik oqimlarning oldini olish boʻlgan.[8] Bu strategiyani baʼzilar Iosif Stalinning „boʻl va boshqar“ siyosati deb nomlashadi.[8][7] Hozirda Qirgʻizistonda mahalliy aholisi asosan oʻzbeklardan iborat boʻlgan koʻplagan aholi punktlari bor. Oʻrta Osiyoda yashayotganlarning koʻpi aslida boshqa mamlakat tarkibida boʻlishlari kerakligiga ishonishadi.[7] Ayrim olimlarning fikriga koʻra, sovetlar Oʻrta Osiyo mamalakatlari chegaralarini belgilayotgan paytda bu yerlarda koʻp millat vakillari birga yashagani uchun milliy va hududiy chegaralarini aniq boʻlishning iloji boʻlmagan.[9]

Sovet davrida Isfana oʻz boshidan katta oʻzgarishlarni kechirdi. Bu davrda Isfana rivojlanmagan musulmon qishloqdan tipik sovet qishlogʻiga aylantirildi. 1937-yil Isfana qishloq kengashiga (selsovetiga) asos solindi. 1996-yil kengash qishloq boshqarmasi qilib oʻzgartirildi. 2001-yil oʻsha paytdagi prezident Asqar Aqayevning buyrugʻi bilan Isfanaga shahar statusi berildi.

Geografiyasi[tahrir]

Isfana Botken Viloyatining gʻarbiy qismida dengiz sathidan 1 320 metr balandlikda joylashgan. Shaharni uch tomondan togʻlar oʻrab turadi. Bu togʻlar Isfanadan bir necha kilometr masofada joylashgan. Bu togʻlar ichida eng balandlari Turkiston togʻ tizmasi togʻlari boʻlib, ular shaharning janubiy tarafida joylashgan. Turkiston togʻ tizmasi Pomir-Olay togʻ sistemasiga kiradi.

Hududi[tahrir]

Isfana janubidagi Turkiston togʻ tizmasi togʻlari

Isfananing hududi 2.52 km² dir.[5] Isfana va unga qarashli qishloqlarning umumiy hududi boʻlsa 5.88 km² dir

Aholi punkti Hudud (km²)
Isfana 2.52
Mirzapochcha 0.26
Samat 1.16
Chimgen 0.87
Taylon 0.49
Oqbuloq 0.3
Gʻoʻlva 0.28

Iqlimi[tahrir]

Isfananing iqlimi keskin kontinental boʻlib, qishda havo ancha sovuq, yozda boʻlsa ancha issiqdir. Bahor va kuzda koʻp yomgʻir yogʻadi, ammo yozda yogʻingarchilik koʻp boʻlmaydi. Isfanada koʻplagan bugʻdoy va arpa dalalari boʻlib, ular uchun qishda yoqqan qor va bahorda yoqqan yomgʻir juda muhim.

Isfanada yozlar uzun boʻlib, odatda maydan sentabrgacha davom etadi. Yoz oylarida havo keskin isishi mumkin. Shaharda yoz oylarida juda oz yogʻingarchilik kuzatiladi, aynqisa iyundan sentabrgacha.

Isfana iqlimi
Koʻrsatkich Yan Fev Mart Apr May Iyun Iyul Avg Sen Okt Noy Dek Yil
Oʻrtacha maksimal, °C 4 5 9 17 22 27 29 27 25 17 11 7 16,7
Oʻrtacha minimal, °C −4 −3 2 8 11 15 17 16 11 6 2 −2 6,6
Yogʻingarchilik meʼyori, mm 24 27 51 45 30 9 3 0 6 18 21 27 261
Manba: [10]

Demografiyasi[tahrir]

Isfana va unga qarashli qishloqlarning umumiy aholisi 28 085 kishidir.[11] Shaharning oʻzida boʻlsa taxminan 18 200 kishi istiqomat qiladi.[12] 2009-yilgi aholi sanogʻiga koʻra, Isfananing aholisi oʻsha yili 18 244 kishi, Isfana va unga qarashli qishloqlarning umumiy aholisi boʻlsa 27 962 kishi boʻlgan.[2] 1999-yilgi sanoqda oʻsha paytda qishloq boʻlgan Isfananing aholisi 15 910 kishi deyilgan edi.[2]

Isfana aholisining aksar qismi Rossiyada muhojir ishchidir. Chetda ishlayotgan Isfanaliklar soni haqida rasmiy maʼlumot yoʻq.

Isfanada koʻp millat vakillari yashaydi. Oʻzbeklar eng katta etnik guruhdir. Ammo Isfana va unga qarashli qishloqlar aholosi birga qaralsa, qirgʻizlar eng katta guruh boʻladi. 2005-yilgi maʼlumotga koʻra, Isfana va unga qarashli qishloqlarda aholining etnik tarkibi quyidagichadir: 50.2 % qirgʻiz, 45.86 % oʻzbek, 0.3 % tatar, 0.3 % tojik va qolgani boshqa millat vakillari.[5]

Isfana aholisi Islom diniga sigʻinadi. Dindorlar islom dinining sunna mazhabida. Shaharda besh masjid bor. Boshqa din vakillarining katta guruhlari mavjud emas.

2009-yilgi aholi sanogʻiga koʻra Isfana va unga qarashli qishloqlarning aholsi quyidagichadir:[2]

Aholi punkti Aholi soni
Isfana 18 244
Mirzapochcha 770
Samat 2 076
Chimgen 3 325
Taylon 1 360
Oqbuloq 681
Gʻoʻlva 1 506

Iqtisodi[tahrir]

Isfananing asosiy bozori

Sovet davrida Isfanada bir necha ishlab chiqarish fabrikalari va zavodlar boʻlgan. Yana yirik kolxoz mavjud boʻlgan. 1991-yil Qirgʻiziston mustaqil boʻlganidan keyin deyarli barcha zavod-fabrikalar yopildi.

Shahar aholisining aksar qismi chetga ishlagani boradi. Eng koʻp Rossiyaga boriladi. Isfana aholisi yana qoʻshni Qozogʻiston, Tojikiston, Oʻzbekiston kabi mamlakatlarga borib ishlaydi. Chetda ishlaganlarning aniq soni haqida toʻliq va ishonarli maʼlumot yoʻq.

Isfanadagi qolgan aholi boʻlsa savdogarchilik va qishloq xoʻjaligi bilan shugʻullanadi. Chorvachilik ham keng tarqalgan. Dehqonchilik bilan shugʻullanganlar asosan donli oʻsimliklar, mevalar, sabzavotlar va moy chiqaruvchi oʻsimliklar yetishtiradi.

Isfanada ikki katta bozor mavjud. Bozorda ishlovchilar mahsulotlarini asosan Oʻsh, Qorasuv va Xoʻjanddan olib kelishadi. Isfanada yana payshanba va juma kunlari ochiladigan mol bozori bor.

Isfana iqtisodi boshqa Qirgʻiziston shaharchalari iqtisodi kabi doʻkon iqtisodidir. Savdoning katta qismi bozor va doʻkonlarda amalga oshadi. Savdo odatda qattiq nazorat qilinmaydi.

Hukumati[tahrir]

Isfanada mer va shahar kengashi shaharni boshqaradi. Merni Shahar kengashi aʼzolari saylashadi. Shahar kengashida 30 aʼzo bor. Mirzapochcha, Samat, Chimgen, Oqbuloq, Taylon va Gʻoʻlva qishloqlari ham Isfana shahar boshqarmasiga qaraydi. Isfananing hozirgi meri Tashpolot Qozubayevdir.

Isfana meriyasi binosi
Isfana merlari roʻyxati
Mer Faoliyati boshlanishi Faoliyati yakuni
1 Saliha Muratova 02.02.2001 10.04.2001
2 Umarali Isabekov 12.04.2001 18.12.2005
3 Maripjon Moʻminov 20.12.2005 09.02.2009
4 Isak Pazilov 10.03.2009 16.07.2010
5 Berdimurat Jalilov 16.07.2010 27.08.2011
6 Hamza Salyamov 27.08.2011 31.01.2013
7 Tashpolot Qozubayev 31.01.2013 Hozirgacha

Isfana Laylak tumani qaramogʻidagi shahardir. Isfana shu tumanning administrativ markazidir. Laylak tumanining barcha mahkamalari Isfanada joylashgan.

Boshqa millat vakillarining yirik guruhlari mavjud boʻlgan boshqa Qirgʻiziston aholi punktlaridagidek Laylak tumanida ham deyarli barcha davlat ishlarida qirgʻiz millatiga mansub kishilar ishlaydi.[13][14] Qirgʻiziston mustaqil boʻlganidan beri Laylak tumanining barcha hokimlari qirgʻiz boʻlib kelmoqda. Hozirda Isfana meriyasida va Kengashida bir necha oʻzbek ishchi bor.

Taʼlimi[tahrir]

Maktablar[tahrir]

Isfanadagi ikki gimnaziyadan biri Usmon Matkarimov nomli №4-oʻzbek gimnaziya binosi

Isfanada bir qancha taʼlim mahkamalari bor. Shaharda ikkita gimnaziya bor: Usmon Matkarimov nomli №4-oʻzbek gimnaziya (qisqacha Oʻzbek gimnaziyasi deb ataladi) va №1-Gimnaziya (qisqacha Qirgʻiz gimnaziyasi deb ataladi). Bu ikki gimnaziya oʻqishga layoqati yuqori boʻlgan oʻquvchilarni qabul qiladi.

Isfanada oltita oʻrta maktab bor. Bu maktablarning aksarida oʻquvchilar oʻzbek tilida taʼlim oladi. Baʼzi maktablarda ham oʻzbek, ham qirgʻiz sinflar bor. Shahardagi eng katta oʻrta maktablar Alisher Navoiy, Isfana va Yuriy Gagarin oʻrta maktablaridir. Alisher Navoiy oʻrta maktabida darslar oʻzbek, qirgʻiz va rus tillarida olib boriladi. Gagarin maktabida darslar asosan rus tilida oʻtiladi. Bu maktabda qirgʻiz sinflar ham bor. Isfana oʻrta maktabida darslar faqat oʻzbek tilida olib boriladi. Amir Temur va Toʻqtogʻul oʻrta maktablarida ham faqat oʻzbek sinflar mavjud. Issiqkoʻl oʻrta maktabi Isfanadagi eng kichik maktab boʻlib, u yerda darslar oʻzbek va qirgʻiz tillarida olib boriladi.

Bu maktablarning barchasida ingliz tili chet tili sifatida oʻqitiladi. Ammo ingliz tili oʻqitish darajasining sifati yuqori emas. Oʻquvchilar yana qirgʻiz va rus tillarini oʻrganishadi. Bu ikki til Qirgʻizistonda rasmiy tildir. Umuman olganda Isfanada oʻzbek sinflardagi oʻquvchilar toʻrt, qirgʻiz sinflardagi oʻquvchilar uch tilni oʻrganishadi.

Kollej va litseylar[tahrir]

Isfanada Menejment, qonun, moliya va biznes xalqaro akademiyasining (rus. Международная Академия управления, права, финансов и бизнеса) filiali bor. Bu akademiyaning asosiy binosi Bishkekda joylashgan. Shaharda yana №48-kasb-hunar litseyi bor. Litsey tikuvchilarni, duradgorlarni, elektr toki ishchilarini va haydovchilarni tayyorlaydi.

Madaniyati[tahrir]

Oʻzbek gimnaziyasi hovlisida Usmon Matkarimovning busti

Isfanada ikki kutubxona bor: umumiy kutubxona va bollar kutubxonasi. Bu kutubxonalarning ikkisi ham davlatga qarashlidir. Umumiy kutubxona shahar madaniyat uyi binosida joylashgan. Umumiy kutubxonada 42 515 ta, bollar kutubxonasida 27 206 ta nusxa bor.[5]

Shaharda uch muzey bor: Tarix muzeyi (1986-yil ochilgan), Is’hoq Razzoqov muzeyi (1990-yil ochilgan) va Shon-shuhrat muzeyi (1990-yil ochilgan). Isfanada bollar musiqa maktabi ham bor. U yerda oʻquvchilar qoʻshiq kuylashni, raqsga tushishni va akkordeon, doira, qomuz, pianino va rubob kabi musiqa asboblarini chalishni oʻrganishadi. Shaharda yana bollar hunar oʻrganish markazi mavjud. U yerda rasm chizish, raqsga tushish, haykaltaroshlik, toʻquvchilik, komputer va chet tillari boʻyicha toʻgaraklar uyushtiriladi.

Isfanada faqat bitta park bor, Samat Sodiqov parki. Park markazida futbol stadioni mavjud. 5 000 gacha odam sigʻadigan bu stadionda koʻp tadbirlar oʻtkaziladi. Isfananing asosiy kinoxonasi 1990-yillar boshida Qirgʻiziston mustaqil boʻlganidan beri ishlamaydi.

Isfanada oʻzbek milliy-madaniy markazi mavjud.[5] Ammo bu markazning faoliyati 2010-yil Qirgʻiziston janubida oʻzbeklar va qirgʻizlar toʻqnashgan milliy nizodan keyin cheklandi. 10-iyundan 14-iyungacha davom etgan bu toʻqnashuvlar paytida Isfanada vaziyat tahlikali boʻldi, ammo ikki millat vakillari orasida qonli toʻqnashuvlar yuz bermadi.

Transporti[tahrir]

Isfana butunlay quruqlikda joylashgan. Eng yaqin temir yoʻl stansiyasi 45 km masofada Tojikistonning Proletarsk shaharchasida joylashgan. Isfana va Botken Viloyati markazi Botken shahri orasidagi masofa 150 km dir. Koʻmir qazib olinadigan Sulukta shahri Isfanadan 16 km masofada joylashgan.

Yer[tahrir]

Isfanada jamoat transporti yaxshi rivojlanmagan. Shahar boʻylab marshrutkalar yuradi. Asosiy yoʻllar boʻyida xususiy taksichilar turadi. Shaharda faqat bitta avtobus stansiyasi bor. Stansiyadan Qirgʻizistonning boshqa shahar-qishloqlariga avtobuslar, mikroavtobuslar va taksilar boradi.

Isfanada yoʻllarning juda oz qismi asfalt bilan qoplangan. Yoʻllar yaxshi taʼmirlanmaydi va katta remontga muhtoj. Isfanani boshqa Qirgʻiziston aholi punktlari bilan katta yoʻllar bogʻlab turadi. Isfana bilan Botken va Oʻsh shaharlarini bogʻlab turuvchi yoʻl Qirgʻiziston mustaqil boʻlganidan keyin yaxshi taʼmirlanmagan. Mamlakat bu yoʻlni qayta taʼmirlash uchun Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va Osiyo taraqqiyot bankidan mablagʻ oldi.[15] Isfanadan Bishkekkacha boʻlgan masofa 960 km boʻlib, mashinada borish uchun 24 soat atrofida vaqt ketadi.

Havo[tahrir]

Isfana aeroportida Sky Bishkek havo yoʻllariga qarashli Saab 340A samolyoti

Shaharda Sovet davrida qurilgan aeroport bor. Isfanadan hozirgi kunda faqat poytaxt Bishkekka reyslar bor. Isfana aeroporti oʻz ishini 1940-yillarda Isfana yaqinida qoʻnish liniyasi sifatida boshlagan. Sulukta shahri uchun xizmat koʻrsatgan Qal’acha aeroporti yopilganidan soʻng Isfana aeroporti Sulukta aholisi uchun ham xizmat koʻrsata boshlagan. Hozirgi trassa va terminal 1974-yil qurib bitirilgan. 1980-yillar oxirida Isfana aeroporti texnik muammolar sabab oʻz ishini toʻxtatdi. Aeroport 20 yilcha yopiq turdi. 2007-yil terminal binosi va uchish yoʻli taʼmirlanib, aeroport qaytadan ochildi.[16]

Isfana aeroporti 3C sinfidagi hududiy aeroportdir. Trassa 22 tonna yuk koʻtara oladi va aeroportda asboblar yordamida qoʻnish mumkin emas. Aeroport faqat kunduzi faoliyat koʻrsatadi. Isfana aeroporti Tojikiston chegarasiga yaqin boʻlsa ham, unda chegara nazorati yoʻq va shuning uchun aeroportdan faqat mamlakat ichidagi punktlarga reyslar bor xolos.

Manbalar[tahrir]

  1. "Tashbolot Kozubayev elected the mayor of Isfana". АКИpress. 31 January 2013. http://fergana.akipress.org/news:206981/. Qaraldi: 4 March 2013. 
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2009 Population and Housing Census (Russian). The National Statistical Committee of the Kyrgyz Republic (2010). Asl nusxadan arxivlandi (10 August 2011). 16 May 2013.
  3. Isfana Postal Telegraph Office. Kyrgyz Pochtasy. 3 February 2014.
  4. Yoqubov, Temurboy. The History of Aspanakent (in Uzbek). 
  5. 5,0 5,1 5,2 5,3 5,4 City Profile: Isfana. The Association of Municipalities of the Kyrgyz Republic. 28 April 2013.
  6. Fierman, William. „Uzbekistan.“ Microsoft® Student 2009 [DVD]. Redmond, WA: Microsoft Corporation, 2008.
  7. 7,0 7,1 7,2 Mayhew, Bradley; Richard Plunkett, Simon Richmond (2000). Lonely Planet Central Asia, 2, Lonely Planet Publications, 34, 159. ISBN 0-86442-673-9. 
  8. 8,0 8,1 (1991) in William Fierman: Soviet Central Asia: The Failed Transformation. Boulder: Westview Press, 17. ISBN 0-8133-7907-5. 
  9. Tishkov, Valeriy (1997). Ethnicity, Nationalism and Conflict in and after the Soviet Union: The Mind Aflame. London: Sage Publications, 30-31. ISBN 978-0761951858. 
  10. Isfana Weather. World Weather Online. 26 April 2013.
  11. About the city (Russian). Official website of Isfana. 19 April 2012.
  12. Isfana (Russian). SPR. 1 May 2013.
  13. Kyrgyzstan: Widening Ethnic Divisions in the South (Report). International Crisis Group (29 April 2012). 15 November 2013.
  14. "Uzbeks of Kyrgyzstan complain of discrimination and corruption" (Russian). Eurasianet. 30 January 2006. http://www.centrasia.ru/newsA.php?st=1138598280. Qaraldi: 29 April 2013. 
  15. Sytenkova, Darya (16 September 2013). "Since Independence Kyrgyzstan has Received Over $1 Billion Worth of Credit to Rehabilitate the Roads" (Russian). 24. http://www.24kg.org/community/160746-za-gody-nezavisimosti-kyrgyzstan-poluchil-bolee-1.html. Qaraldi: 20 September 2013. 
  16. "After twenty years Isfana Airport is reopened in Kyrgyzstan" (Russian). Centrasia. 23 August 2007. http://www.centrasia.ru/newsA.php?st=1187850720. Qaraldi: 20 April 2013. 

Havolalar[tahrir]

Galereya