Boʻri

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Bo‘ri

Boʻri, qashqir (Canis lupus) — itsimonlar oilasiga mansub yirtqich sut emizuvchi hayvon. Yevropa, Osiyo va Shim. Amerikada tarqalgan. Oʻzbekistonning choʻl, dashtlari, oʻrmon, toʻqay, togʻ va togʻ etaklarida tarqalgan; qor va muz b-n qoplangan baland togʻlar va tundrada ham yashaydi. B. qoyalar orasiga, toʻqaylik va jarliklarga, quruq qamishzorlarga in quradi. Tulki inlaridan ham foydalanadi. B. inida bolalaydi va bolalarini parvarish qiladi. Chorvachilik r-nlarida podalardan uzoqqa ketmaydi. B. yanvar oyidan boshlab urchiydi. Urchish vaqtida erkaklari urgʻochisini talashib qattiq urishadi. B. monogam hayvon. Jufti uzoq muddat saqlanib qoladi. Homiladorlik davri 62— 65 kun. Yosh boʻri 3—5 ta, qarisi 6—8 ta, baʼzan 10—13 ta bola tugʻadi. Bolasini 5—6 hafta emizadi. Bolasi 3 haftaligida inidan chiqa boshlaydi. Urgʻochisi emizikli davrida erkagi ovqat olib kelib turadi. Bolalari goʻsht b-n oziqlanishga oʻtgandan soʻng ona boʻri ham oʻlja tutib kela boshlaydi. Avg . oxiridan boshlab yosh boʻrilar har xil mayda kemiruvchilarni tutib yeya boshlaydi. Sent.da kattalari b-n birgalashib, uy hayvonlarini va yovvoyi hayvonlarni ov qilishga oʻrganadi. Noyab.ga qadar 10—15 ta buri gala boʻlib yuradi. Oʻlja topish qiyin boʻlib qolganda bitta yoki ikkitadan boʻlib, tarqalib ketadi. Erkagi 2 yoshida, urgʻochisi 2—3 yoshida voyaga yetadi. B. 15—16 yil yashaydi. Yilda ikki marta — bahor va kuzda tullaydi. B. kuchli, chidamli va chaqqon, hid bilish va eshitish organlari yaxshi rivojlangan hayvon. Goʻsht b-n oziqlanadi, baʼzan olma, qovun, tarvuz kabi mevalarni ham yeydi. Asosan, uy hayvonlari va yovvoyi hayvonlar, quyon, yumronqoziq kabi kemiruvchilar, qushlar, hatto oʻlimtiklar b-n oziqlanadi. B. juda ochkoʻz va xoʻra, ikkitasi bitta qoʻyni yeb qoʻyishi mumkin. Podaga hujum qilganda koʻp qoʻyni nobud qiladi. Bir nechta B. birgalikda yoki tuda boʻlib ov qiladi. Quturgan va ochiqqan boʻrilar odamga ham hujum qilishi mumkin. B.ning 12 ta kenja turi bor. Oʻrta Osiyoning choʻl, dasht va past togʻlarida choʻl boʻrisi (S. 1. campestris), Pomir togʻlarida tibet boʻrisi (S. 1. laniger) kenja turlari yashaydi. Baʼzan qora B. ham uchraydi, uning terisi qimmatbaho hisoblanadi. Oʻzbekistonda choʻl boʻrisi tarqalgan.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil