Abu Bakr al-Iyoziy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu Bakr al-Iyoziy
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti milodiy 971-yil (hijriy 361-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi

Hanafiyya-moturidiyya

mazhabi vakili

Abu Bakr al-Iyoziy (arabcha: أبو بكر العياضي) — Hanafiyya-moturidiyya mazhabining yirik vakili.

Iyoziylar shajarasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu Bakr al-Iyoziy iyoziylar sulolasidan hisob­lanib, Abu Ahmad al-Iyoziyning ukasidir. Ibn Zakariyo iyoziylar shajarasini tuzib chiqqan, shajara sahoba Saʼd ibn Uboda al-Ansoriyga borib taqalgan. Shajara quyidagicha: Abu Bakr Muhammad ibn Abu Nasr Ahmad ibn Abbos ibn Husayn ibn Jabala ibn Gʻolib ibn Jobir ibn Navfal ibn Iyoz ibn Yahyo ibn Qays ibn Saʼd ibn Uboda al-Ansoriy.

Iqtiboslar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Al-Moturidiyning zamondoshi va Samar­qandning mashhur olimlaridan bo‘lgan, mahalliy aholi orasida katta hurmat qozongan. Ibn Zakariyoning „Sharh jumal usӯl ad-dӣn“ asarida keltirilishicha, faqih Abdussamad ibn Ahmad al-Arbinjoniy Abu Mansur al-Moturidiy vafot etganda Abu Bakr al-Iyoziyning quyidagi so‘zlarini aytgan:

Diniy ilm va hukmlarni o‘rgatishda bu ummatning olimlari o‘tgan payg‘ambarlar kabidir. O‘tmishda bir payg‘ambarning davri tugab, yechilishi kerak bo‘lgan masalalar paydo bo‘lsa va u masalalarni ochib beruvchi biron olim qolmasa, yangi bir payg‘ambar yuborilganidek, bu ummatning ichida ham har asrda vafot etgan faqihlarning o‘rniga yo yangi olimlar keladi, yoki qiyomat boshlanadi. Chunki, Alloh o‘z bandalarini yo‘l ko‘rsatuvchilardan mahrum qilmaydi.

Muhammad ibn Ibrohim al-Hasiriyning „Al-Hāvӣ fi-l-fatāvā“ asarida keltirilgan rivoyatga ko‘ra, Abu Bakr al-Iyoziydan bir kishi o‘zining ahli sunna val-jamoa eʼtiqodida ekanini qanday anglashi mumkinligi haqida so‘raganda, u shunday javob bergan:

Kimning ilmi ahli sunna val-jamoaning ilmi, Allohning kitobi, Rasulining sunnati va salaf faqihlarning aytgan so‘zlariga muvofiq kelsa, u kishi ahli sunna val-jamoa mazhabida bo‘ladi.

Bu rivoyatlar Abu Bakr al-Iyoziyning Samar­qand hanafiylari orasida yaxshi obro‘ga ega bo‘lganidan darak beradi. Shuning uchun ham Ibn Zakariyo Abu Bakr al-Iyoziyni „ahli sunna val-jamoaning bayroqdori“ deb eʼti­rof etgan. Shuningdek, uning al-Moturidiyning taʼziyasida aytgan so‘zlari Samarqand maktabi ichida Abu Bakr al-Iyoziy va Abu Mansur al-Moturidiyning alohida mavqelari bo‘lganidan dalolat beradi.

Mashhur asari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu Bakr al-Iyoziy ayrim aqidaviy qarashlarini o‘z ichiga olgan „Al-Masāil al-’ashara al-’iyāziyya“ asarini vafotiga yaqin yozib tugatgan va mahalliy aholi mu’taziliylar aqidalaridan uzoq bo‘lishlari uchun uni xalq orasida eʼlon qildirgan. Abu Bakr al-Iyoziy ushbu kitobida quyidagi o‘n­ta aqidaviy masalani yoritib bergan:

— Shubhasiz, bandalar feʼlini yaratuvchi, Allohdir. Ularning feʼllari Allohning qazosi va mashiati (xohishi) orqali paydo bo‘ladi.

— Alloh azaliy Xoliqdir (yaratuvchi). Uning ilmi va sifatlari azaliydir. Bu sifatlar na Allohning o‘zi va na boshqasidir.

— Idrok va ihota qilmasdan Allohni oxiratda ko‘rib bo‘lmaydi. Ammo Alloh (ruiyat) uni ko‘rishni istaganga istagan shaklda o‘z jamolini lutf qiladi.

Qur’on Allohning kalomi bo‘lib, u maxluq (yaratilgan) ham emas va muhdas (keyin paydo bo‘lgan) ham emas.

— Katta gunoh sodir etgan moʻminlar holati Allohning mashiatidir (xohishidadir). Alloh istasa, o‘z lutfi bilan ularni kechiradi, xohlasa, adolati bilan ularni gunohlariga yarasha jazoga tortadi. O‘z jazosini olgan har qanday moʻmin oxir-oqibat jannatga kiradi.

— Bandalar uchun foydali (aslah) yoki foydasiz bo‘lishidan qatʼi nazar, Alloh istagan ishni istagan shaklda qilishga qodirdir. Alloh o‘z ishiga javobgar emas, bandalar esa javobgardir.

Muhammadning katta gunoh qilgan moʻminlarni o‘z shafoatlariga olishlari haqdir.

Qabr azobi haqdir.

— Alloh, albatta, o‘z bandalarining duo­larini qabul qiladi va bandaning duosida hikmat va foyda bordir. Har qanday qadar (taqdir), xoh u xayr­li bo‘lsin, xoh yomon bo‘lsin, Allohdandir (yaʼni, insonlarning yaxshi yoki yomon bo‘lgan barcha feʼllarini taqdir qilgan Allohdir.

— Moturidiyya aqidasiga ko‘ra, banda feʼlining xoliqi (yaratuvchi) Allohdir, foili (bajaruvchisi) esa bandadir.

Al-Hasiriyning taʼkidlashicha, ush­bu o‘nta masala o‘sha davrda Samar­qand hanafiylarining asosiy eʼtiqodiy qoidalari sifatida eʼtirof etilgan va ularga ishonmaganlarni „sohib ash-sharr va-l-bid’a“ (bid’at va gunoh egalari) deb hisoblaganlar. Lekin Abu Bakr al-Iyoziy davrida uning ushbu asari ahli sunna val-jamoa ulamolari orasida asosiy manba sifatida ahamiyatini saqlab qola olmagan. Chunki uning zamondoshi Abu Mansur al-Moturidiy yuqoridagi o‘nta masalani kengroq tarzda va boshqa eʼti­qodiy masalalarni „Kitāb at-tavhӣd“ asarida yoritgan[1].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. S. Oqilov. Abu-l-Muin an-Nasafiy ilmiy merosi va moturidiya taʼlimoti. — T.: „Muharrir“, 2009;
  2. S. Oqilov. Abu Mansur al-Moturidiy ilmiy merosi va moturidiya taʼlimoti. — T.: „Hilol-nashr“, 2017;
  3. Ibn Zakariyo Yahyo ibn Ishoq. Sharh jumal usӯl ad-dӣn li-Abӣ Salama as-Samarqandӣ. — Istanbul: Sulaymoniya kutubxonasi. Qo‘lyozma. Rais­ al-kuttob. Inv. raqam 690;
  4. Abu-l-Mu’in Maymun ibn Muhammad an-Nasafiy. Tabsira al-adilla fӣ usӯl ad-dӣn. — Damashq: 1990-1993;
  5. Muhammad ibn Ibrohim al-Hasiriy. Al-Hāvӣ fi-l-fatāvā. — Istanbul: Sulaymoniya kutubxonasi. Qo‘lyozma. Hakim o‘g‘li Ali Posho. Inv. raqam 402.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.