Zoir Shamsiyev
Zoir Shamsiyev | |
---|---|
Tavalludi |
13-yanvar 1946-yil |
Fuqaroligi | SSSR → Oʻzbekiston |
Kasbi | matematik, muhandis-mexanik, uchuvchi |
Millati | oʻzbek |
Zoir Shamsiyev (1946-yilda tugʻilgan) — matematik, muhandis-mexanik, texnik-mexanik, uchuvchi.
Faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Zoir Shamsiyev Ziyayevich 1946-yil 13-yanvarda Toshkent shahrida tavallud topgan. 1953—1961-yillarda umum taʼlim rus maktabida, 1961—1966-yillar davomida Toshkent aviatsiya texnikumida tahsil olgan. Samolyotsozlik boʻyicha texnik-mexanik darajasini egallagan. Soʻngra, Toshkent va Atkarsk (Rossiya) uchuvchilik oʻquv markazida zaxiraga uchuvchilar tayyorlash boʻyicha taʼlim olgan (1964—1967).
1966—1971-yillarda Toshkent politexnika institutida tahsil olgan. Samolyotsozlik boʻyicha muhandis-mexanik. Toshkent politexnika institutining stajyor-tadqiqotchisi, aspiranti va dotsenti (1971—1984). Rim (Italiya) universitetida ilmiy amaliyotchi (1982—1983). 1984—1995-yillarda O‘zbekiston Respublikasi FA kibernetika institutida kichik ilmiy xodimlikdan laboratoriya mudiriligigacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtgan. 1995—1998-yillarda Toshkent davlat aviatsiya institutida ilmiy ishlar boʻyicha prorektor sifatida faoliyat yuritgan. 2004—2008-yillarda esa Toshkent davlat aviatsiya institutida ilmiy ishlar va axborot texnologiyalari boʻyicha prorektor vazifasini bajaruvchi xodim boʻlgan. Soʻngra, ToshDTU „Uchish apparatlarining aerodinamikasi va parvoz sinovlari“ kafedrasining mudiri (2008—2009), ToshDTU „Uchish apparatlarini loyihalash“ kafedrasining professori (2009–2010) kabi lavozimlarda masʼul shaxs boʻlgan. ToshDTU „Aviasozlik“ kafedrasining professori (2010—2014), ToshDTU „Aviasozlik va havo kemalaridan texnik foydalanish“ kafedrasining professori (2014—2016). 2016-yildan bugungi kungacha ToshDTU „Aeronavigatsiya tizimlari“ kafedrasining professori sifatida ishlab kelmoqda.
1977-yilda texnika fanlari nomzodi darajasiga loyiq deb topilgan. N.Y.Jukovskiy nomidagi Xarkov aviatsiya institutining ixtisoslashtirilgan kengashida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Dissertatsiya mavzusi: „Samolyotlar yassi shaklli sinch uzellarining texnologik jarayonlarini va jihozlarini modellashtirish va ishlab chiqish“.
1991-yilda texnika fanlari doktori darajasiga sazovor boʻlgan. Ukraina Fanlar akademiyasining Kibernetika institutining ixtisoslashtirilgan kengashida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Dissertatsiya mavzusi: „Epchil ishlab chiqarish tizimlarining boshqariladigan obektlar tuzilmasini sintez qilish modellari va uslublarining tahlili va ishlanmasi“.
Unvonlari: „Avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari“ mutaxasisligi boʻyicha professor (1992); „Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishlarni avtomatlashtirish va boshqarish“ mutaxassisligi boʻyicha professor (2011).
Ilmiy faoliyati davomida texnika fanlari boʻyicha 11 nafar fan nomzodi va 2 nafar fan doktori tayyorlagan. Shogirdlaridan biri 1997-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasiga sazovor boʻlgan. 160 dan ortiq ilmiy ishlarini, shu jumladan, 2 ta monografiya va o‘zbek milliy ensiklopediyasida 14 ta maqolasini chop ettirgan. 2007—2013-yillar mobaynida 4 ta Yevropa xalqaro ilmiy-taʼlim loyihalarining rahbari boʻlgan[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Shamsiyev Zoir Ziyayevich“. arboblar.uz. 2024-yil 17-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 17-iyul.