Kontent qismiga oʻtish

Yuriy Vinogradov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Yuriy Vinogradov
Tavalludi 7-dekabr 1932
Samarqand, SSSR
Vafoti 30-sentyabr 2012 Sankt-Peterburg, Rossiya
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Ilmiy darajasi geogarfiya fanlari doktori
Ilmiy unvoni professor

Yuriy Borisovich Vinogradov (1932-yil 7-dekabr, Samarqand – 2012-yil 30-sentyabr, Sankt-Peterburg) – sovet va rus gidrologi, geografiya fanlari doktori, professor, gidrologik jarayonlarni matematik modellashtirish, halokatli toshqinlar va sel oqimlari boʻyicha monografiyalar muallifi, SSSR Fanlar akademiyasining sel komissiyasi va SSSR Vazirlar Sovetining Fan va texnika boʻyicha Davlat qoʻmitasining oxirgi raisi.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Vinogradov 1932-yil 7-dekabr Samarqandda tugʻilgan. Vinogradov yoshlik yillarini Toshkentda oʻtkazgan va oʻrta maktabni oltin medal bilan tamomlagan.

1955-yilda Oʻrta Osiyo Davlat universitetining geografiya fakultetini (gidrologiya boʻlimi) tugatgan. 1955-yilda universitetni tamomlab, Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi Energetika va avtomatlashtirish instituti aspiranturasiga oʻqishga kirgan. Keyinchalik Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi Suv muammolari va gidrotexnika instituti qoshidagi aspiranturaga oʻqishga oʻtkazilgan, keyicnhalik oʻquv joyida ishga qolgan. 1957-yildan boshlab Vinogradov yomgʻir oqimi va toshqinlarni oʻrganishni boshlagan. Aspiranturani tugatgach, 1960-yilda „Oʻrta Osiyoda yomgʻir toshqinlarining maksimal oqimini hisoblash metodikasi“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

1964-yildan Olmaota shahridagi Qozogʻiston Gidrometeorologiya ilmiy tadqiqot instituti (KazNIGMI) sel oqimlari boʻlimini boshqargan. 1967-yilda uning „Oʻrta Osiyo va Janubiy Qozogʻistonning kichik suv havzalarida yomgʻir toshqinlari gidrologiyasi masalalari“[1] nomli birinchi monografiyasi nashr etilgan. 1972-yilda „Oʻrta Osiyo va Janubiy Qozogʻiston sharoitida yomgʻir toshqinlari va ularni hisoblash usullari“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

Yuriy sel toshqinlari haqidagi fan – ilmiy yoʻnalishning asoschilaridan biri boʻlib, uning obyekti sel va sel havzalari hisoblangan[2]. Ilmiy terminologiyaga „transport-smenali sel jarayoni“, „transport sel jarayoni“, „potensial sel oqimlari massivi“ kabi tushunchalarni olib kirgan. Transport va transport-smenali sel jarayonlarining original modellari ishlab chiqgan. Vinogradov 1972-yildan 1975-yilgacha Chemolgan poligonida (Orqa Ili Olatovi) oʻzining rahbarligida va bevosita ishtirokida tabiiy sel oqimi manbalarida sunʼiy sel oqimlarini koʻpaytirish boʻyicha dunyodagi birinchi tajribalar oʻtkazgan. Tajribalar haqida „Slovo o selevom potoke“ ilmiy filmi suratga olingan[3][4].

1976-yildan „Sel oqimlari“ toʻplamlarining davriy nashri tashkilotchisi boʻlgan. 1977-yilda „Muzlik portlashi toshqinlari va sel oqimlari“ monografiyasini nashr ettirgan. Sel oqimlari boʻlimiga rahbarlik qilishni davom ettirib, 1972–1977-yillarda bir vaqtning oʻzida KazNIGMI direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari boʻlib ishlagan. Vinogradov SSSR Vazirlar Soveti huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati Bosh boshqarmasi uchun „Sel oqimlarini oʻrganish boʻyicha yoʻriqnoma“ni ishlab chiqishga rahbarlik qilgan. Olma-Ota shahrini sel oqimidan himoya qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqishda ishtirok etgan[5].

Vinogradov 1978-yilda Davlat gidrologiya institutiga (Leningrad) ishga oʻtgan, oqim jarayonlarini matematik modellashtirish laboratoriyasining mudiri lavozimida ishlagan. U daryo oqimining hosil boʻlish jarayonlarini oʻrganishda matematik modellashtirish usulini qoʻllash bilan bogʻliq yoʻnalishdagi ishlarni boshqargan. 1988-yilda „Oqim hosil boʻlish jarayonlarini matematik modellashtirish“ monografiyasi chop etilgan. Vinogradov 1980-yillarda standart gidrometeorologik maʼlumotlardan foydalanishga yoʻnaltirilgan parametrlarga ega „Gidrograf“ oqimi shakllanishining deterministik modelini ishlab chiqgan. Turli genezdagi sel oqimlarini hisoblash uchun matematik modellardan foydalanish nazariyasini ishlab chiqgan.

100 dan ortiq ilmiy maqolalari chop etilgan.

1980–1991-yillarda SSSR Vazirlar Soveti huzuridagi Fan va texnika davlat qoʻmitasining „Suv resurslaridan kompleks foydalanish va muhofaza qilish“ ilmiy kengashining sel komissiyasi va muhandislik geologiyasi ilmiy kengashining raisi boʻlgan. 2005–2012-yillarda Sel uyushmasini tuzishda qatnashgan va uning Prezidiumi aʼzosi boʻlgan.

2000-yildan Sankt-Peterburg davlat universitetida ishlagan, „Matematik modellashtirish“, „Togʻlar gidrologiyasi“, „Gidrologiyaning zamonaviy muammolari“ fanlaridan dars bergan. 1990-yilda „gidravlika va muhandislik gidrologiyasi“ ixtisosligi boʻyicha professor ilmiy unvonini olgan. Uning ilmiy rahbarligida 12 nafar fan nomzodi tayyorlangan.

Vinogradov „SSSR Gidrometeorologiya xizmati aʼlochisi“, „Rossiya gidrometeorologiya xizmatining faxriy xodimi“ koʻkrak nishonlari bilan taqdirlangan. Vinogradov Selchilik fanini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun oʻlimidan soʻng Sel oqimlari uyushmasi tomonidan Fleyshman medali bilan taqdirlangan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Виноградов, Юрий Борисович - Вопросы гидрологии дождевых паводков на малых водосборах Средней Азии и Южного Казахстана [Текст - Search RSL“]. search.rsl.ru. Qaraldi: 2020-yil 22-yanvar.
  2. „Перов, Вениамин Федорович - Селевые явления [Текст = Debris flow phenomena : терминологический словарь - Search RSL“]. search.rsl.ru. Qaraldi: 2020-yil 22-yanvar.
  3. Руководство по изучению селевых потоков, (Главное управление гидрометеорологической службы при Совете Министров СССР. Казахский научно-исследовательский гидрометеорологический институт), Ленинград: Гидрометеоиздат, 1976. 
  4. Виноградов Ю.Б. Искусственное воспроизведение селевых потоков на экспериментальном полигоне в бассейне р.Чемолган // Селевые потоки. — M.: Гидрометеоиздат, 1976. — Andoza:Бсокр. — Andoza:Бсокр.
  5. Руководство по изучению селевых потоков, (Главное управление гидрометеорологической службы при Совете Министров СССР. Казахский научно-исследовательский гидрометеорологический институт), Ленинград: Гидрометеоиздат, 1976.