Xoja Muhammad Amin rais madrasasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Madrasa
Xoja Muhammad Amin rais madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Buxoro viloyati
Shahar Buxoro
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Xoja Muhammad Amin
Binokorlik tashabbuschisi Xoja Muhammad Amin
Asosiy sana:
XVIII asr boshlari
Holati Saqlanib qolmagan


Xoja Muhammad Amin rais madrasasi — Buxoro madrasasi. Madrasa hozirgi kunda saqlanib qolmagan. Xoja Muhammad Amin rais madrasasi XVIII asr boshlarida Mavlaviy Sharif guzarida[1], Buxoro xonligida hukmronlik qilgan ashtarxoniylar sulolasi davrida Xoja Muhammad Amin tomonidan bunyod etilgan. Tadqiqotchi olim Abdusattor Jumanazarov ushbu madrasaga oid bir qator hujjatlarini oʻrgangan boʻlib, madrasa bilan bogʻliq maʼlumotlar keltirgan. Madrasa gʻarb va janub tomonida yoʻl boʻlgan. Voqif madrasa uchun Xutfar tumanidagi Olti rabot va Raboti shirin mavzesida 55 tanob atrofidagi yerni vaqf qilgan. Ushbu yerlarning 9,5 tanobi uzumzor boʻlgan. Voqif bundan tashqari bir qator mavzelaridagi 400 tanob madrasa uchun vaqf qiladi. Madrasadagi hujralarning bittasida mudarris istiqomat qilgan. Xoja Muhammad Amin rais madrasasida 1 ta imom, 1 ta kotib, 1 ta farrosh, 1 ta sartarosh, 6 ta xattot oʻz faoliyatini olib borgan. Madrasada kutubxona ham mavjud boʻlib, kitobdor tomonidan boshqarilgan. Har bir hujrada ikki nafardan talaba istiqomat qilgan. Madrasada mutavvali oʻqish jarayonlarini nazorat qilib turgan. Uzurli sabasiz 2 oyi 10 kun darsga qatnashmagan talabalar oʻqishdan chetlashtirilgan. Vaqf hujjati hijriy 1130-yil jumad ul-avval oyida (1718-yil aprel) rasmiylashtirlgan. Madrasa Xoja Sharifning mozori oldida boʻlgan. Ushbu vaqf mulkiga Mir Nuriddinxoja ibn qozi Jalol va Mir Hamididdinxoja ibn marhum Mir Qutbiddinxoja mutavvali qilib tayinlangan. Agar u vafot etsa, undan soʻng bu ishni uning avlodlari bajargan. Vaqf mulkiga ikki mutavvalining tayinlanishi boshqa madrasalarda ham uchraydi. Chunki madrasaga vaqf qilinayotgan yerlar hajmi ortiqroq boʻlgan boʻlishi mumkin[2]. Xoja Muhammad Amin rais madrasasi Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi uslubida bunyod etilgan. Madrasa pishiq gʻisht, yogʻoch, tosh va ganchdan qurilgan.


Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Rahmatova S, Qurbonov H. Buxoro guzarlari tarixidan lavhalar. Buxoro: Buxoro nashriyoti, 1995 — 144 bet. 
  2. Abdusattor Jumanazar. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592 bet.