Xoja Ahror

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Xoja Ahror (taxallusi; asl ismi Xoja Ubaydulloh ibn Xoja Mahmud ibn Xoja Shahobiddin Shoshiy) (1404, hozirgi Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumani Bogʻiston qishlogʻi — 1490, Samarqand) — oʻrtaosiyolik mutafakkir, naqshbandiya tariqati rahnamolaridan.

Otasi shayx Xoja Mahmud naqshbandiyaning xojagon sulukida boʻlgan, tijorat va ziroat ishlari bilan shugʻullangan. Shayx Xovandi Tohur ona tomondan uning bobosidir. X.A.ning bolalik va yoshlik davri Toshkentda oʻtgan. Toshkent va Samarqand madrasalarida tahsil olgan. U tasavvuf ilmiga qiziqadi, shu maqsadda Hirotga borib Shayx Bahouddin Umar, Shayx Zayniddin Xavofiy kabi taniqli mutasavviflar suhbatida boʻldi. Bahouddin Naqshbandniig shogirdi shayx Yoqub Charxiy (1447-yilv.e.)dan naqshbandiya tariqati asoslarini oʻrgandi. U Yoqub Charxiydan irshod huquqini olib, murshidi komillik maqomiga yetgach, Toshkent, Turkiston atroflarida shuhrat topa boshlaydi. Naqshbandiya taʼlimotining davomchisi sifatida ulamolar oʻrtasida katta obroʻ orttirdi va "valiy" ("avliyo") sifatida tanilib "Ahror" ("Hur", "Ozod") nomiga ega boʻldi. Tasavvufda bu nom 3 xil asirlikdan xalos boʻlgan: hayvoniy histuygʻularni yenggan; oʻzining barcha xohishistagidan voz kechib, faqat Allohning irodasiga boʻysungan; rasm-rusum va hayot kechirishning barcha odat va anʼnalaridan holi boʻlib, ilohiy nur yogʻdusiga gʻarq boʻlgan zotga nisbatan qoʻllaniladi.

X.A., ayni vaqtda, dehqonchilik va tijorat ishlari bilan shugʻullanadi. Juda katta yersuv, molmulk uning tasarrufida edi. Shu bois Oʻrta Osiyoda beqiyos iqtisodiy va siyosiy qudratga ega boʻlib, mamlakatning ichki va tashqi siyosiy hayotida yetakchi oʻrin egallaydi. U faqat Movarounnahrda emas, Xuroson, Hindistonda ham savdo-sotiq ishlarini yoʻlga qoʻygan. Butun umri davomida el-yurt va xalqning manfaati yoʻlida koʻp savob, xayrli ishlar qilgan. Oʻz xoʻjalik faoliyatidan olgan daromadning koʻp qismini aholi toʻlashi lozim boʻlgan soliqlarni toʻlashga, diniy ishlarga, madaniy qurilishlarni amalga oshirishga sarflagan. Hojatmand insonlarga va oilalarga muttasil yordam berib, mehr va muruvvatini ayamagan. Jamiyatdagi tutgan yuksak mavqeidan foydalanib taxt uchun kurashgan shahzodalar oʻrtasidagi nizolarni tinchlik yoʻli bilan bartaraf qilgan. X.A. Amir Temur tuzgan buyuk saltanat parchalanayotgan, tahlikali va oʻta murakkab davrda yashadi. Shunday sharoitda u fuqarolar, el-yurt manfaatini koʻzlab, siyosiy voqealarda ishtirok etishga majbur boʻldi. Garchi soliklar siyosatdan uzoq turishni afzal koʻrgan boʻlsalarda, X.A. bu anʼanani buzdi. X.A.ning sulton va podshohlar bilan muloqotda boʻlishi shunchaki yuksak martaba, shaxsiy manfaat va shuhrat ketidan quvish uchun emas, balki oddiy fuqarolar manfaatini himoya qilish uchun zarur edi. U shu tariqa mazlumlarning homiysiga aylandi. Jomiy, Navoiy, Bobur X.A.ni oʻzlariga maʼnaviy pirustoz deb bilganlar.

X.A.ning 3 risolasi bizgacha yetib kelgan. Birinchi, "Faqarot ulorifin" ("Oriflar soʻzlaridan parchalar") boʻlib, unda X.A. va boshqa baʼzi mutasavviflarning tariqatga oid fikrlaridan namunalar keltirilgan. Ikkinchisi "Volidiya" ("Otaga bagʻishlov") boʻlib, uni oʻz otasi iltimosiga koʻra yozgan. Unda tariqat yoʻliga kirgan kishining axloqi, odobi, faqr va fano tushunchalari haqida soʻz boradi. Bu risola oʻz davrida keng shuhrat qozonib, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy unga munosib baho bergan. Zahiriddin Muhammad Bobur bu risolani fors tilidan oʻzbek tiliga sheʼriy tarjima qilgan. Bu tarjima 1991-yilda Toshkentda nashr etilgan. Risola 2004-yilda sharqshunoslar Mahmud Hasaniy va Dilora Rajabova tomonidan forsi ydan kayta tarjima qilingan va nashr etilgan. Uchinchi risola "Havroiyya" deb atalib, mashhur mutasavvif shoir Abu Sayd Abdulxayr (Pa.)ning "Havro" ("Hurlar" yoki "Farishtalar") soʻzi bilan boshlanuvchi bir ruboiysini sharhlashga bagʻishlangan. Bu asarlardan boshqaX.A.ning oʻz zamondoshlariga yoʻllagan maktublari ham bizgacha yetib kelgan. Ular X.A.ning oʻz davri ijtimoiy, siyosiy va maʼnaviy hayotida tutgan oʻrnini belgilashda muhim ahamiyatga ega. Bu maktublarning ruscha tarjimasini tarix fanlari doktori Asomiddin Oʻrinboyev tayyorladi. Maktublar A.Oʻrinboyev bilan amerikalik olima, NyuJersi universitetining professori Jo Enn Gross hamkorligida ingliz tiliga oʻgirilib, "Xoja Ubaydulloh Ahrorning xatlari va uning muridlari" nomi bilan 2002-yilda Gollandiyada nashr etildi.

X.A. tasavvuf nazariyasi va amaliyotiga katta hissa qoʻshgan. Uning madaniy merosida Qurʼon oyatlarining tafsiri, hadislarning sharxlari aloxida urin egallaydi. Faxruddin Ali Safiyning "Rashahot" asarida X.A.ning 120 ga yaqin tafsiru sharxlari rashha (tomchi)lar tarzida berilgan. X.A. musulmon dunesining buyuk mutasavviflar silsilasida moʻʼtabar oʻrin tutadi. Musulmon dunyosida 356 ta avliyo oʻtgan boʻlib, ulardan 3 tasi Qutb ulAqtob (ulugʻ darajaga yetgan avliyo) sifatida eʼtirof etilgan. Shu 3 zotning biri X.A. boʻlgan.

Oʻzbekistonda istiqlol tufayli X.A. ning maʼnaviy merosi chuqur oʻrganilmoqda. X.A. tavalludining 600-yilligini keng nishonlash haqida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori (2004-yil 25 mart) uning ana shu merosidan xalqni bahramand etishda muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Valixoʻjayev B., Xoja Ahror tarixi, T., 1994;
  • Maʼnaviyat yulduzlari, T., 1999.
  • Ubaydulla Uvatov, Zokirjon Kutiboyev. OʻzME, Toshkent, 2000-yil.