Xalqaro matematika ittifoqi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Xalqaro matematika ittifoqi
Maqomi Germaniyaning Berlin shahridagi ichki daromad xizmati tomonidan xayriya tashkiloti sifatida tan olingan birlashmagan uyushma
Masqadi Matematika sohasida xalqaro hamkorlikni targʻib qilish
Joylashuvi XMI kotibiyati, Hausvogteiplatz 11A, D-10117 Berlin, Germaniya
Prezidenti Carlos E. Kenig
Bosh mahkamasi Xalqaro ilmiy kengash
Vebsayti mathunion.org

Xalqaro matematika ittifoqi (XMI) – matematika sohasida xalqaro hamkorlikka bagʻishlangan xalqaro nodavlat tashkilot. XMI Xalqaro fan kengashining (XFK) aʼzosi boʻlib, Xalqaro matematiklar kongressini tashkil etadi. XMIga 80 dan ortiq mamlakatning milliy matematika tashkilotlari aʼzodir. Tashkilot toʻrt yilda bir marta matematika rivojlanishiga salmoqli hissa qoʻshgan olimlarga nufuzli Fields medalini topshiradi.

XMIning maqsadlari quyidagilardir: matematika sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish; Xalqaro matematiklar kongressi (XMK) va boshqa xalqaro ilmiy uchrashuvlar, konferensiyalarni uyushtirish va qoʻllab-quvvatlash; matematikaga qoʻshilgan ulkan hissalarini va ilmiy yutuqlarni sovrinlar orqali eʼtirof etish; matematika fanining sof, amaliy yoki taʼlimiy jihatlardan rivojlanishiga hissa qoʻshishi mumkin boʻlgan boshqa xalqaro matematik faoliyatni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash.

XMI 1920-yilda tashkil etilgan, lekin 1932-yil sentabrda tarqatib yuborilgan. 1950-yil Nyu Yorkda qayta tuzilgan, 1951-yil 10-sentabrda rasmiylashtirilgan. Bu paytga kelib tashkilotning 10 aʼzosi boʻlgan. 1952-yil mart oyida Rimda XMI faoliyati boshlangani rasman eʼlon qilingan, tashkilotning ilk ijroiya qoʻmitasi, prezidenti hamda turli komissiyalari saylangan. 1952-yilda XMI qaytadan Xalqaro fan kengashiga qabul qilingan.

XMI Bosh assambleyasining 2010-yil avgust oyida Hindistonning Bangalor shahrida boʻlib oʻtgan 16-yigʻinida Berlin shahri tashkilotning doimiy ofisi joylashgan yer etib tayinlandi. Tashkilotga Gottfried Wilhelm Leibniz ilmiy hamjamiyati institutlaridan biri Weierstrass amaliy tahlil instituti mezbonlik qiladi. Ittifoqning amaldagi prezidenti Carlos E. Kenigdir.