Vladimir Nalivkin

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Navigatsiya qismiga oʻtish Qidirish qismiga oʻtish

Vladimir Petrovich Nalivkin (1852.15.7, Kaluga - 1918.20.1, Toshkent) — tarixchi, sharqshunos, lingvist va pedagog.

1873-yil artilleriya bilim yurtini tugatgach, Turkistonda xizmat qilgan, Xiva va Qoʻqon yurishlarida qatnashgan. Qisqa muddat Namanganda harbiy boshliqning yordamchisi boʻlib ishlagan. Yerli aholining tili, turmushi va urf-odatlarini yaqindan oʻrganish uchun Nanay qishlogʻidan yer sotib olib, oilasi bilan shu yerda bir necha yil yashagan. Oʻzbek, tojik, arab tillarini puxta oʻrgangan. N. Turkiston oʻlkasida ochilgan birinchi rus-tuzem maktabining dastlabki oʻqituvchilaridan boʻlgan, Toshkent oʻqituvchilar seminariyasida mahalliy tillardan dars bergan (1890-yilgacha). 1890—95 yillarda Sirdaryo, Fargʻona va Samarqand gubernatorining yordamchisi boʻlgan. II Davlat dumasining deputatligiga saylangan. 1917-yilda Muvaqqat hukumatning Turkiston qoʻmitasiga raislik qilgan, mensheviklarni yoklagan. U Turkiston oʻlkasining tarixi, etnografiyasi, islom madaniyatiga doir koʻplab asarlar yozgan, oʻzbek ("sart"), fors tillari boʻyicha qoʻllanmalar yaratgan, "sartcha" (oʻzb.)-ruscha, ruscha-"sartcha" (oʻzb.), ruscha-forscha lugʻatlartuzgan. Akad. V. V. Bartoldnint taʼrificha, N. "ruslar orasida oʻzbek tili va turmushini eng yaxshi bilgan" olim edi. Uning xotini M. V. Nalivkina bilan birga yozilgan "Fargʻonadagi oʻtroq aholi ayollarining turmushiga doir ocherklar" hamda "Qoʻqon xonligining qisqacha tarixi" asarlari sharqshunos olimlar tomonidan yuqori baholangan. Keyingi asar 1899-yilda Parijda fransuz tilida A.Dozon tarjimasida bosilgan. Bolsheviklar Taʼsis majlisini tarqatib yuborib, zoʻravonlik bilan hokimiyatni bosib olgandan keyin N. boʻlajak qatagʻonlar va vahshiyliklarni oldindan koʻra olgan. U 1918-yil 20-yanvarda Toshkentda bolsheviklar tuzumiga norozilik sifatida xotinining qabri ustida oʻzini otib oʻldirgan.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Abdullayev, Ortiqboy. "Nalivkin Vladimir Petrovich" OʻzME. N-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Russko-sartovskiy i sartovskorusskiy slovar, s prilojeniyem kratkoy grammatiki po narechiyam Namanganskogo uyezda, sost. V. Nalivkin i M. Nalivkina, Kazan, 1884; Azbuka dlya russko-musulmanskix shkol osedlogo naseleniya Turkestanskogo kraya, izd., 2, ispr, T., 1986; Sartovskaya xrestomatiya dlya Turkestanskoy uchitelskoy seminarii, T., 1896; Rukovodstvo k prakticheskomu izucheniyu sartovskogo yazika, Samarqand, 1898.