Uzassets investitsiya kompaniyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Uzassets investitsiya kompaniyasi
Turi AJ
Tarmogʻi investitsiya
Egasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi
Joylashuvi Toshkent shahri Mirobod tumani Amir Temur koʻchasi 6-uy[1]

„Uzassets investitsiya kompaniyasi“ AJ – davlat ulushi mavjud korxonalarni xususiylashtirishga tayyorlash va salohiyatli investorlarga sotish bilan shugʻullanuvchi oʻzbek kompaniyasi. 2020-yil 16-iyuldagi „Xususiylashtirish jarayonlarini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida“gi VMQ-381 sonli Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi muassisligida tashkil etilgan[2].

Kompaniya 2020-yil 24-avgustdan roʻyxatdan oʻtkazilgan[1]. Faoliyat sohasi tijorat faoliyati va boshqaruv masalalari boʻyicha maslahat berish hisoblanadi. Ustav kapitali 20 milliard soʻm[1]. Ushbu mablagʻ Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi budjetdan tashqari Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasi hisobidan shakllantirilgan.

Faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tashkiliy-huquqiy shakli aksiyadorlik jamiyati boʻlgan Uzassets investitsiya kompaniyasi „Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida“gi qonunga binoan uch pogʻonali boshqaruv tizimi tomonidan boshqariladi[3].

Boshqaruvning eng yuqori pogʻonasi Aksiyadorlar umumiy yigʻilishi hisoblanadi. Ushbu organ bankning umumiy strategiyasini tasdiqlaydi, bank Kuzatuv kengashi aʼzolarini saylaydi va bank faoliyatiga doir masalalarda eng yuqori organ sifatida qaror qabul qiladi[3].

Kuzatuv kengashi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kuzatuv kengashi aksiyadorlar umumiy yigʻilishi vakolat doirasiga kiritilgan masalalardan tashqari bank faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi[3].

381-sonli Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, kompaniya Kuzatuv kengashi tarkibiga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori kiritiladi hamda ularning kamida 50 foizi yuqori malakali, xalqaro tajribaga ega boʻlgan mutaxassislardan iborat boʻladi[2].

Kompaniya sof foydasi saqlash xarajatlari, jumladan, xususiylashtirilgan korxonalarni sotishdan oldingi tayyorlash bilan bogʻliq xarajatlarni olib qolgan holda toʻliq Davaktivga oʻtkaziladi.

Portfeli[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kompaniya tashkil etilganda unga quyidagi davlat kompaniyalari berilgan edi[2]:

  1. „Kvars“ AJ (davlat ulushi – 89,8%);
  2. „Qizilqumsement“ AJ (86,9%);
  3. „Urganch sharob“ AJ (53,9%);
  4. „O‘zbekiston shampani“ AJ (51,0%);
  5. „O‘zgeorangmet LITI“ DUK (100,0%);
  6. „O‘zshaharsozlik LITI“ DUK (100,0%);
  7. „Kafolat sug‘urta kompaniyasi“ AJ (66,5%);
  8. „Olmazor kichik sanoat zonasi“ AJ (73,7%);
  9. „Shahrisabz yulduzi“ DUK (100,0%).

„Kvars“ AJ 2023-yil fevral oyida xususiylashtirildi[4]. Xaridor Quvasoysement 265 milliard soʻm toʻlash hamda Kvarsning 47,2 million yevro miqdoridagi kredit majburiyatini toʻliq qoplash majburiyatini olgan[5].

„Qizilqumsement“ AJ ustav kapitalidagi 86,92 foiz davlat ulushi 2021-yilning oxirida 1,89 trillion soʻmga Kiprda roʻyxatdan oʻtgan United Cement Groupga sotildi[6]

„Urganch sharob“ AJ ustav kapitalidagi 53,94% davlat ulushi 2022-yil iyulda 11,5 milliard soʻmga „Jayhun Ulgurji“ MChJga sotildi[7][8].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]





Report content on this page