Urartu davlati ilk temir davrida

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Urartu davlati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ilk temir davridagi yirik podsholiklardan biri bo‘lgan. Urartu so‘zi ossuriycha bo‘lib, urartcha – Biaynili, Bibliyada – Ararat podsholigi nomi bilan yuritilgan. G‘arbiy Osiyodagi qadimgi davlat (mil. avv. IX-VI asrlar). Urartu davlati ravnaq topgan davrida Armanistonning tog‘lik rayonlarini (hozirgi Armanistonning butun hududi, Turkiya va Eronning bir qismi) ni qamrab olgan. Aholisi asosan urartlar bo‘lgan. Poytaxti – Tushpa shahri bo‘lgan (hozirgi Turkiyadagi Van shahri) bo‘lib, unda podsho Sarduri I davrida katta qurilish ishlari olib borilgan. Mil. avv. IX asr oxiri – VIII asr birinchi yarmida Urartu davlati ravnaq topgan. Menuya, Argishti I va Sarduri II podsholiklari davrida Urartuning hududi ancha kengaygan. Bosib olingan viloyatlarda qal’alar qurilgan (Ararat tog‘ining shimoliy yon bag‘rida Menuaxinili shahri; Erebuni – Yerevan atrofidagi Arin-berd tepaligi; Araksning so‘l qirg‘og‘ida Argishtixinili). Urartuda qullar mehnatidan keng foydalanilgan. Mil. avv. VIII asr o‘rtasida Ossuriya podshosi Tiglatpalasar III (mil. avv. 745- 727) Urartu qo‘shinlarini bir necha marta mag‘lubiyatga uchratgan va Urartu davlati tarkibiga kiruvchi Shimoliy Mesopatamiya va Shimoliy Suriyani egallagan. So‘ngra Rusa I davrida Sargon II boshliq Ossuriya qo‘shinlarining yurishlari natijasida mamlakat xonavayron bo‘lgan. Biroq mil. avv. VII asrda Urartu Janubiy Zakavkazeda hali ham o‘z mavqeini saqlab qolgan edi. Rusa II (mil. avv. 685-645) bu yerda yangi qal’alar bunyod etgan (jumladan Teyshebaini). Skif-kimmeriy yollanma qo‘shini yordamida Urartu podsholari Frigiya podsholigini tor-mor qilganlar (mil. avv. 676 y.). Midiya podsholigining kuchayishi Urartuni Ossuriya bilan yaqinlashtirgan. Biroq mil. avv. VI asr boshida Urartu Midiya tomonidan tor-mor etilgan va uning tarkibiga qo‘shib yuborilgan.

Teyshebaini[tahrir | manbasini tahrirlash]

Teyshebaini Urartu davlatining yirik markazi (mil. avv. VII-VI asrlar) bo‘lib, bugungi kunda Yerevan shahridagi Karmir-Blur tepaligida qal’a xarobalari sifatida saqlanib qolgan. Mahobatli inshoot qoldiqlari (150 ga yaqin xona – ustaxonalar, omborxonalar, don omborxonalari (750 t gacha don saqlangan), vino saqlanadigan yerto‘lalar (8 ta) va b.) aniqlangan. Qal’a atrofida to‘g‘ri rejalashtirilgan shahar joylashgan. Teyshebainidan ko‘plab qurol-aslahalar (jumladan Urartu podsholriga tegishli serbezak dubulg‘alar, sadoqlar, qalqonlar, qilichlar va b.), san’at buyumlari, taqinchoqlar, mixxat yozuvlari, Teyshebaning bronzadan ishlangan haykalchasi topilgan. Mil. avv. 585 yilda Teyshebaini mahalliy va skif qabilalari tomonidan vayron etilgan. Teyshebainida olib borilgan tadqiqotlar jarayonida bug‘doy, arpa, kunjut donlari topilganligi Urartu aholisining asosiy mashg‘uloti dehqonchilik bo‘lganligidan darakdir. Bog‘dorchilik va uzumchilik ham xo‘jalikning asosiy tarmoqlaridan bo‘lgan. Qazishmalar jarayonida olcha, olma, behi, anor, uzum , yong‘oq, shaftoli, shuningdek tarvuz urug‘lari topilgan. Vino saqlanadigan 400 ta maxsus idishlar - karaslar (har birining sig‘imi 800-1200 litr) topilgan. Erebuni (Yerevan atrofidagi Arin-berd tepaligi) shahri xarobalarida olib borilgan tadqiqot ishlari jarayonida toshda o‘yib yozilgan yozuv topiladi, unda: “Xalda xudosi panohidagi Argishti, Menuaning o‘g‘li, bu qal’ani qurdirib, shaharga Erebuni nomini berib, Biayna (Urartu) va boshqa mamlakatlardagi shaharlardanda mustahkam. Shahar o‘rnida avval hech nima yo‘q edi, men bu yerda Xate va Supanidan 6600 askar olib keltirib uni bunyod ettirdim”, deb yozilgan.

Shaharsozlik va madaniyat[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qadimgi urart tilidagi Erebuni hozirgi Yerevan nomi bilan bog‘liq bo‘lib, Armaniston poytaxtining yadrosi sifatida qadimgi shaharlardan biri hisoblanadi. Erebuni shahri xarobalarida olib borilgan qazuv ishlari jarayonida asosi tog‘ toshlari va xom g‘ishtdan qilingan mustahkam mudofaa devorlari bilan o‘ralgan qal’a (5 m balandlikda saqlanib qolgan) ochib o‘rganilgan. Yuqorida qayd etilgan toshdagi yozuv qal’aga kirish qismida saqlanib qolgan, bundan tashqari yana 21 ta qal’adagi saroy, ibodatxona va boshqa binolarning qurilishi bilan bog‘liq ma’lumotlardan iborat mixxat yozuvlari topilgan. Qazuv ishlari davomida saroy va ibodatxonadagi zallarda ossuriy uslubdagi to‘rt xil rangdan iborat suratlar chizilganligi aniqlandi. Shaharning Urartu davriga oid madaniy qatlami nihoyatda yomon saqlangan. Shunday bo‘lsa-da, qazuv ishlari natijasida ko‘plab kulolchilik charxida tayyorlangan sopol idishlari va ularning parchalari, vino saqlanadigan katta sopol idishlar, ossuriy uslubida yasalgan urart muhrlari, turli xil bronzadan qilingan taqinchoqlar, aqiq, feruza va shishadan qilingan munchoqlar topilgan. Arin-berdda olib borilgan tadqiqotlar davomida yuzdan ortiq bronzadan ishlangan skif kamon o‘qlariga o‘xshash o‘qlar topilgan, shuningdek temirdan yasalgan turli hajmdagi o‘qlar ham uchraydi. Erebunidan topilgan kamon o‘qlari qo‘shni Teyshebainidagidan nisbatan qadimiyroqdir. Agar shaharga asos solingan yilni qadimgi mixxatdagi ma’lumotlardan kelib chiqib mil. avv. 782 yil deb hisoblasak, unda Yerevan shahrining yoshi 2750 yil, ya’ni mil. avv. 754 yilda asos solingan Rim shahridan ham katta.

Urartu tili[tahrir | manbasini tahrirlash]

Urartu davlatida amal qilgan urart tili bugungi kunda o‘lik til hisoblanib, mil. avv. IX-VI asrlarga mansub o‘yma yozuvlar (mixxat) orqali ma’lum. Hozirgi Van ko‘li atrofida, sharqroqda Urmiya ko‘ligacha, qisman Armaniston Respublikasihududida tarqalgan. Yozuvi akkad mixxatining soddalashtirilgan tizimidan iborat bo‘lib, 16-17 undosh va 4 ta unlini farqlash mumkin. Urartu tilida yozilgan ko‘plab yodnomalar (500 dan ortiq) dastlab XIX asrning 20-yillarida nemis arxeologlari tomonidan Van ko‘li (Turkiya) atrofidan topilgan.

Adabiyotlar Ro'yxati[tahrir | manbasini tahrirlash]

ARXEOLOGIYA. Z.M.Qodirov. T. 2021.y.