Kontent qismiga oʻtish

Un-Break My Heart

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
„Un-Break My Heart“
Toni Braxton qoʻshigʻi
„Secrets“ albomidan
Chiqarilgan sanasi 7-oktyabr, 1996-yil(1996-10-07)
Yozib olingan 1995
Studiya
Janr
Davomiyligi 4:32
Leybl LaFace
Matn muallif(lar)i Diane Warren
Prodyuser(lar) David Foster
Toni Braxton singllari xronologiyasi
„You're Makin' Me High“ / „Let It Flow“
(1996)
Un-Break My Heart
(1996)
„I Don't Want To“ / „I Love Me Some Him“
(1997)
Klipi
„Un-Break My Heart“ YouTubeda

Un-Break My Heart“ (tarjimasi „(Singan) yuragimni qayta tikla“) — amerikalik qoʻshiqchi Toni Braxton (talaffuzi: Toni Brekston) ijro etgan qoʻshiq. Braxtonning 1996-yil chiqarilgan „Secrets“ nomli ikkinchi studiyaviy albomiga kiritilgan. Qoʻshiqni Diane Warren (talaffuzi: Dayen Uorren) yozgan, David Foster (talaffuzi: Devid Foster) unga prodyuserlik qilgan. Qoʻshiq 1996-yil 7-oktyabrda LaFace Records leybli orqali albomning ikkinchi singli sifatida chiqarilgan. Qoʻshiqda muallif sobiq sevgilisidan qaytib kelishini hamda ogʻritgan koʻnglini yupatishni yolvorib soʻraydi. „Un-Break My Heart“ qoʻshigʻi 1997-yilda 39-Grammy Awards marosimida „Eng yaxshi ayol pop-vokal ijrosi“ (inglizcha: Best Female Pop Vocal Performance) nominatsiyasida gʻolib chiqqan. Qoʻshiq butun dunyo boʻylab 10 milliondan ortiq adadda, AQShning oʻzida esa deyarli 3 million nusxada sotilgan boʻlib, eng koʻp sotilgan singllar safidan oʻrin olgan.

„Un-Break My Heart“ qoʻshigʻining jahon boʻylab bozori chaqqon boʻlgan. Tarona AQShda „Billboard Hot 100“ xit-paradida eng yuqori pogʻonaga koʻtarilib, ushbu pozitsiyani 11 hafta davomida egallab turgan. Shuningdek, „Hot Dance Club Songs“ hamda „Adult Contemporary“ xit-paradlarida ham eng yuqori pogʻonani egallagan. 1998-yilda Billboard 1958-yilga borib taqaladigan 40 yillik tarixini nishonlar ekan, „Un-Break My Heart“ xit-parad tarixidagi yakkaxon xonanda ijro etgan eng muvaffaqiyatli qoʻshiq deb topilgan[2]. Yevropada qoʻshiq oʻndan oshiq mamlakat xit-paradida eng yuqori beshtalikka kirgan, Avstriya, Belgiya, Ruminiya, Shvetsiya va Shveysariya xit-paradlarida birinchi pogʻonagacha koʻtarilgan.

Qoʻshiq uchun rejissyor Bille Woodruff klip suratga olgan. Klipda Braxton suyukli yori oʻlimidan qaygʻurib, birga oʻtkazgan baxtli damlarini xotirlayotgani tasvirlangan. Xonanda 1996-yil „Billboard Music Awards“ tadbiri ochilishida „Un-Break My Heart“ qoʻshigʻini kuylagan. Qoʻshiqni bugunga qadar bir necha xonanda va guruh, jumladan, „Weezer“ rok guruhiga kaver qilgan.

  1. Nielsen Business Media, Inc.. Billboard. Nielsen Business Media, Inc., 21 September 1996 — 64– bet. 
  2. Billboard 40 Years of the Top 40: The Hot 100 of the Hot 100: Top Songs of Four Decades. Billboard, September 19, 1998.