Turdi
Turdi | |
---|---|
Tavalludi | XVII |
Vafoti | 1701 |
Ijod qilgan tillari | Oʻzbek tili |
Turdi, Turdiy (asl ismi va taxallusi; fors-tojik sheʼrlaridagi taxallusi esa Farogʻiy) (XVII asr, Jizzax — taxminan 1699/1700, Xoʻjand) — oʻzbek shoiri.
Buxoro madrasalarida taʼlim olgan. Abdulazizxon davrida saroyning amaldorlaridan, yuz urugʻining koʻzga koʻringan siyosiy arboblaridan boʻlgan. Subhonqulixon taxtga chiqqach, saroydan uzoqlashtirilgan. Ashtarxoniylarga qarshi 1685—86 yillarda koʻtarilgan xalq qoʻzgʻoʻlonida faol ishtirok etgan. Qoʻzgʻoʻlon bostirilgach, Turdi Jizzax, soʻng Xoʻjandga borib, muhtojlik va uzluksiz maʼnaviy tushkunlikda kun kechirgan. Turdi oʻzbek va fors tillarini yaxshi bilgan. „Dar mazammati sipohigari“ sheʼrida oʻzining asosiy kasbkori sipohiylik (harbiylik) boʻlganini, shu kasbi bilan uzoq yillar nimalarnidir tamaʼ qilib, shohlarga xizmat qilganini, lekin oxiroqibatda hech narsaga erisha olmaganini afsus bilan maʼlum qilgan. Lekin harbiylik bilan bir qatorda Turdi oʻz zamonasining oʻqimishli, Sharq adabiyotidan mukammal xabardor, hayot, jamiyat haqida keng tushunchaga ega kishilaridan boʻlgan. Uning jamiyatda tutgan mavqei esa oʻz atrofida yuz berayotgan voqea hodisalarga faol aralashishni taqozo etgan.
Turdining adabiy merosi 18 sheʼrdan iborat boʻlib, ulardan 12 tasi gʻazal, 5 tasi muxammas va bittasi fard janriga oid. 434 misra hajmidagi bu merosning 165 misrasi Subhonqulixon haqidagi mashhur hajviyani tashkil etgan („Subhonqulixon toʻgʻrisida hajviya“, 1691).
Turdi ham oʻz ijodini boshqa shoirlar kabi anʼanaviy ishq mavzuidan boshlagan. Uning: Turkona xirom ayladi ul shoʻxi diloro, Dil mulkini bir goʻshai chashm ayladi yagʻmo matlai bilan boshlangan ishqiy gʻazali lirikaning yaxshi namunalaridan hisoblanadi. Turdining lirik gʻazallari boshqa shoirlarnikidan oʻzining nihoyatda ixchamligi, yaʼni 3—4—5 baytdan iboratligi bilan ajralib turadi. Uning tasavvufiy sheʼrlari ham gʻoyat goʻzal va falsafiy teran mazmunga boy („…Ibrat ila boq, koʻzung tufroqqa toʻlmasdan burun“).
Turdi gʻazallarining aksariyati hali hech kim qalamga olmagan, oʻtkir ijtimoiy-siyosiy va falsafiy-axloqiy mavzularga bagʻishlangan. Ayniqsa, shoirning: Tor koʻngullik beklar, manman demang, kenglik qiling, Toʻqson ikki bovli oʻzbek yurtidur, tenglik qiling … matlai bilan boshlanadigan gʻazalida yurtni boshqarayotgan beklarga murojaat qilib, ularni keng feʼlli, oʻzaro ittifoq boʻlishga, bir-birini urugʻchilik belgilariga qarab kamsitmaslikka chaqirish uning oʻz davridagi yuksak fikrli vatanparvar va haqiqiy insonparvar kishi boʻlganligidan dalolat beradi.
Subhonqulixon toʻgʻrisidagi hajviy muxammasi Turdining shoh asari xisoblanadi. Asarda Subhonqulixon davlat tepasiga kelgach, mamlakatda ahvol yomon tomonga oʻzgarganligi, osoyishtalik oʻrnini tartibsizlik, adlu-karam oʻrnini oʻzaro nifoq egallagani oʻz aksini topgan. Shohning aybi shundaki, u taxtga oʻtirishi bilanoq tajribali, ishbilarmon mulozimlarni quvib, ularning oʻrniga oʻz atrofida davlatni boshqarish ishidan butunlay xabarsiz, fikr mulohazalari sayoz, axloqan tuban kishilarni yigʻadi. Turdi bu asarida Subhonqulixon qiyofasida johil shoh timsolini yaratadi. Ushbu hajviy asari bilan Turdi oʻzbek hajviyotini Alisher Navoiydan keyin yangi bir bosqichga koʻtargan.
Turdi ijodi hayotiy faktlarga, teran mulohazalarga boyligi va uslubining realistik xarakteri bilan oʻzbek adabiyoti rivojiga samarali taʼsir qilgan. Maxmur, Gulxaniy kabi satirik shoirlar ijodining shakllanishida muhim bosqich boʻlgan. A. Majidiy tomonidan topilgan va 1924—25 yillarda nashr etilgan sheʼrlar qoʻlyozmasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi (inv. № 1407).
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Yoqubov H., Turdi ijodiyoti, T., 1941
- Abdullayev V., Oʻzbek adabiyoti tarixi (2-kitob), T., 1967
- Antologiya uzbekskoy poezii, M., 1950
- Abduqodir Hayitmetov. Maʼnaviyat yulduzlari, T., 2001
- Tanlangan asarlar (2-nashr), T., 1960
- Sheʼrlar, T., 1971
- Izbr. proizvedeniya, T., 1951
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |