Surxondaryo viloyat oʻlkashunoslik muzeyi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Surxondaryo viloyat oʻlkashunoslik muzeyi - madaniy maʼrifiy muassasa. Termiz shahrida 1934 yilda (1933 yilda uyushtirilgan xalq xoʻjaligi koʻrgazmasi asosida) tashkil qilingan. Muzeyda Termiz va termiziy allomalar tarixi, qadimshunoslik va tangashunoslik, xalq ogʻzaki ijodi, etnografiyasi, xalq, amaliy sanʼati, oʻlka tabiati, sporti, tasviriy sanʼat boʻlimlari hamda 14 ming nusxadan ziyod asarga ega kutubxona bor. Muzey fondi 64 mingdan ortiq (2004). Eksponatlar Surxondaryo viloyatining eng qadim zamonlardan hozirgacha boʻlgan tarixi va madaniyati haqida hikoya qiladi: turli davrlarga oid zargarlik buyumlari, turli davrlarda zarb qilingan tangalar, hunarmandlik buyumlari, ganch oʻymakorligi, meʼmoriy yodgorliklar qoldiqlari, sopol buyumlar, haykalchalar, toʻqimachilik dastgohlari, uy anjomlari, ish qurollari mavjud. Muzey madaniy-maʼrifiy ishlarni amalga oshiradi, koʻrgazmalar tashkil etadi, ilmiy ishlar nashr qiladi, boshqa koʻpgina ilmiy muassasalar bilan hamkorlikda faoliyat olib boradi.