Sumalak
|
| |
| Turi | Shirinlik |
|---|---|
| Milliy oshxona |
|
| Kelib chiqishi | Katta Eron (Fors) |
| Asosiy komponentlari | yosh bugʻdoy novdalari |
| Boshqa komponentlari | un, oʻsimlik yogʻi, yongʻoq |
| Kaloriyaligi | 300 |


Sumalak (oʻzbekcha: sumalak uz), Samanu (forscha: سمنو / samanu; ozarbayjoncha: səməni halvası), Samanak (forscha: سمنک / samanak), Sümelek (qozoqcha: сүмелек / turkmancha: Sümelek / Syumelek), Sumanak (tojikcha: суманак), Sümölök (qirgʻizcha: сүмөлөк ky) – Markaziy Osiyo hamda boshqa turkiy va forsiy xalqlar tomonidan Navroʻz bayrami kunlari pishiriladigan shirin taom turi. Asosan, bugʻdoyning yosh novdalari, un, yogʻlardan tayyorlanadi. Shuningdek, baʼzi milliy anʼanalarga koʻra, tosh yoki yongʻoq ham solib pishiriladi. Hamda 1 sutka mobaynida pishiriladi.
Tayyorlanishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sumalak servitamin, xushxoʻr va tansiq taom. Tayyorlash usuli: jaydari qizil, qayroqi bugʻdoy tozalanib, sovuq suv bilan yuviladi. Zanglamaydigan idishga solinib, uch kun ivitib qoʻyiladi. Bugʻdoy nish urgach, toza taxta (teshikchalar ochilgan faner) ustiga 1 – 1,5 sm qalinligida yorugʻroq, lekin quyosh nuri tushmaydigan joyga taxtaga yoyiladi va har kuni ertalab suv sepib turiladi. Bugʻdoy maysasi koʻkarganda (3—4 kundan soʻng) uni boʻlaklarga boʻlib, taxtadan ajratib olinadi. Koʻk qiymalanadi yoki ogʻirda tuyiladi va ustidan suv quyib aralashtiriladi, sharbati dokada suziladi. Shu tariqa uch marta sharbat olinib, alohida idishlarda saqlanadi, 0,5 kg undirilgan bugʻdoy uchun 2 kg bugʻdoy uni, 1 kg paxta yogʻi kerak. Qozonda paxta yogʻi dogʻlanib sovitiladi. Yoqqa un va birinchi suzilgan sharbat aralashtiriladi va baland olovda qaynatiladi.
Soʻngra ikkinchi suzilgan sharbat quyiladi, bu ham qaynagach, uchinchi suzilgan sharbat quyilib, baland olovda qaynatish davom ettiriladi. Tagiga olmasligi uchun qozonga yongʻoqdek keladigan 15—20 ta silliq toshchalar va 10—12 dona yongʻoq yuvib solinadi va yogʻoch kurakcha bilan betoʻxtov kovlab turiladi. Sumalak 10—12 soat qaynatiladi. Tayyor sumalakning rangi och jigarrang, quyuq ataladek, mazasi shirin boʻladi. Sumalak yetilgach, qozonning olovi olinib, 5—6 soat dimlab qoʻyiladi.
Sumalak qadimdan, ayrim maʼlumotlarga koʻra 3000 yildan beri, bahorni kutib olish, dehqonchilik ishlarining boshlanishi arafasida, Navroʻz bayramida tayyorlab kelinadi. XX asrning 90-yillaridan boshlab sumalak pishirish Navroʻz bayramida, ayniqsa, ayollar oʻrtasida katta tantana bilan amalga oshiriladi.
Sumalak savdosi
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Eron hududida yilning oxirgi kunlarida sumalak pishirish va sotish mavsumiy savdoning bir turiga aylangan boʻlib, bu holat asosan Ashtian shahri bilan bogʻlanadi. Sumalak shu yerda ishlab chiqarilib, sotiladi hamda Yevropa, Arab va Sharqiy Osiyo mamlakatlariga eksport qilinadi. Natijada bu faoliyat „sumalak biznesi“ sifatida tanilib, Ashtian shahri Eronning „sumalak shahri“ deb ataladigan boʻlgan.
Foydali tomonlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sumalak oʻzbek milliy taomi boʻlib, bahorgi Navroʻz bayrami paytida tayyorlanadi. Uning bir qancha foydali taraflari mavjud[1]:
- Vitaminlar va minerallar manbai: Sumalak bugʻdoy unidan tayyorlanganligi sababli, unda koʻplab vitaminlar, ayniqsa B guruhi vitaminlari, temir, magniy, fosfor va rux mavjud.
- Energiya manbai: Sumalak tarkibida koʻp miqdorda uglevodlar bor, bu esa energiya manbai hisoblanadi. Bu, ayniqsa, bahor paytida tanaga zarur energiyani taʼminlashga yordam beradi.
- Antioksidantlar: Sumalak antioksidantlar bilan boyitilgan boʻlib, ular hujayralarni zararli erkin radikallardan himoya qiladi va immun tizimini mustahkamlaydi.
- Tana tozalash xususiyati: Sumalak tarkibida tolalar (kletchatka) mavjudligi sababli, u ichaklarni tozalashga va ovqat hazm qilish tizimini yaxshilashga yordam beradi.
- Organizmni mustahkamlash: Sumalakning oziq-ovqat qiymati yuqori boʻlib, u organizmni zarur mikroelementlar bilan taʼminlaydi va umumiy sogʻlomlikni taʼminlaydi.
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Milliy taomlar tayyorlash yoʻriqnomasi.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |