Sichqonsimonlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sichqonsimonlar (Muridae) — kemiruvchilar turkumiga mansub sut emizuvchilar oilasi. Gavdasining uz. 5 sm dan 48,5 sm gacha. Dumi uzun, koʻpchiligida yungsiz. 120 ga yaqin urugʻi, 480 ga yaqin turi maʼlum. Oʻzbekistonda 10 urugʻi (sichqonlar, kalamushlar, qumsichqonlar, dala sichqonlari va boshqalar) va 19 turi uchraydi. Jumladan, uy sichqoni, kulrang kalamush va turkiston kalamushi keng tarqalgan. Sichqonlar va kalamushlarning ayrim turlari sinantrop. Barcha S. in qaziydi, qishki uyquga ketmaydi. Qishi iliq mintaqalarda yil davomida bolalab, bir necha marta 1 tadan 22 tagacha bola tugʻadi. Tabiiy sharoitda 1 — 3 yil yashaydi. Tunda va shomda faol hayot kechiradi. Qishloq xoʻjaligi, oʻrmonchilik va oziq-ovqat zaxiralariga ziyon keltiradi. S. 20 ga yaqin infeksion kasalliklar, jumladan, oʻlat, sichqon isitmasi, leptospiroz kabi kasalliklar qoʻzgʻatuvchilarining tabiiy tashuvchisi. Koʻpchilik turlaridan genetik va etologik tadqiqotlarda foydalaniladi. Sichqonlar va kalamushlarning sof liniyalari — lab. hayvonlari.