Shuhrat Yuldashev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Shuhrat Yuldashev
Tavalludi 21-fevral 1964-yil (1964-02-21) (60 yosh)
Toshkent, Oʻzbekiston SSR
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Ish joylari Oʻzbekiston Milliy universiteti
Taʼlimi Toshkent davlat universiteti
Ilmiy darajasi iqtisod fanlari doktori
Ilmiy unvoni professor

Shuhrat Yuldashev Ganiyevich (1964-yil 21-fevral, Toshkent, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbekistonlik olim, iqtisod fanlari doktori, professor.

Biografiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shuhrat Yuldashev 1964-yil 21-fevralda Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tavallud topgan. 1986-yilda Toshkent davlat universiteti falsafa-iqtisodiyot fakultetini iqtisodchi, siyosiy iqtisod oʻqituvchisi mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan. 2004-yilda Niderlandiya Maastrixt Menejment maktabini „Biznesni boshqarish“ Executive (MBA) top-menejerlarni tayyorlash xalqaro dasturi asosida oʻqib tamomlagan. 1986-yildan mehnat faoliyatini Toshkent Xalq xoʻjaligi institutining „Umumiy iqtisodiy nazariya“ kafedrasida assistent lavozimida boshlagan[1]. 1989—1991-yillarda ushbu instituning aspiranturasida oʻqigan. 1992-yildan Toshkent moliya instituti katta oʻqituvchisi, 1996-yilda „Oʻzbekinvest“ milliy eksport-import sugʻurta kompaniyasi menejeri, 1998-yildan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining „Investitsion dasturlar“ departamentining bosh mutaxassisi bir vaqtning oʻzida Toshkent moliya institutida oʻqituvchi, 2001—2006-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qoshidagi Davlat va jamiyat akademiyasining Oliy biznes maktabida „MBA Menejment“ kafedrasi mudiri, 2006-2017-yillarda G. V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filialida kafedra mudiri, fakultet dekani, filialning oʻquv va tarbiyaviy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari lavozimida ishlagan. Hozirda Oʻzbekiston Milliy universiteti iqtisodiyot fakultetida „Iqtisodiyot nazariyasi“ kafedrasi professori[1]. Oʻzbekiston Liberal demokratik partiyasi aʼzosi[1].

Ilmiy faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

1995-yilda „Bozor iqtisodiga oʻtish sharoitida meva-sabzavot kompleksi rivojlanishini bashorat qilish (Toshkent viloyati xoʻjaliklari misolida)“ mavzusida nomzodlik, 2001-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qoshidagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida „Xorijiy investitsiyalar Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy oʻsishi va milliy takror ishlab chiqarishni liberallashtirishning omili sifatida“ mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Olim 2001-yilda Oʻzbekistonda xorijiy investitsiyalar bilan bogʻliq mavzuda birinchi boʻlib iqtisod fanlari doktori dissertatsiyasini himoya qilgan va respublikamizda „Investitsiyalarni va investitsion loyihalarni boshqarish“ ilmiy maktabini yaratgan[1]. Olim 2003—2014-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining iqtisod fanlari boʻyicha eksperti, 2005—2014-yillarda Oʻzbekiston Fan va texnika davlat qoʻmitasi eksperti sifatida faoliyat koʻrsatgan. Olim 160 dan ortiq ilmiy maqolalar, tezislar, 12 ta monografiya, 4 ta darslik, 7 ta oʻquv qoʻllanma va 12 ta elektron darsliklarning muallifi[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 Oʻzbekistonning taniqli olimlari ensiklopediyasi, 2-tom (oʻzbekcha), Toshkent: Science and Innovation, 2023 — 383 bet. 

Andoza:OʻTOE

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]