Shohimardon masjidi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Shohimardon masjidi
Muqobil nomlari Shohimardon masjidi

Umumiy maʼlumot
Turi majmua
Shahar Navoiy
Mamlakat Oʻzbekiston
Qurilishi boshlangan XX asr boshlari
Texnik holati
Material pishgan gʻisht, yogʻoch, ganch

Shohimardon masjidi — Navoiy viloyati, Gʻazgʻon qishlogʻida joylashgan yodgorlik. Masjid dastlab XVI asrda, hozirgi koʻrinishi XX asr boshlarida Buxoro amirligida hukmronlik qilgan mangʻitlar sulolasi vakili Amir Olimxon onasi tomonidan qayta bunyod etilgan[1]. Mazkur masjid qurilishida Gʻazgʻonlik sartaroshlar qatnashgan. Masjid tashqi tomonlarida hadislar bitilgan. Masjid shimoli-sharqida xalifa Ali ibn Abu Tolib al-Kurashiyning ramzi qabri mavjud. Sovet yillarida masjid faoliyati toʻxtatilgan. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, masjid oʻz faoliyatini boshlagan. Masjidda poyustunga tayangan toʻrtta ustun mavjud. Ustunlar orasida gumbaz va arkali qilib ishlangan. Gumbaz ustida sakkiz qirrali oybinoq yaʼni fonar joylashgan. Gumbazdagi sakkizburchakning har bir qirrasida panjara bor va u tuynuk vazifasini bajargan. Masjidda uchta miyonxona mavjud va u ramziy maqbaraga qaratib qurilgan. Miyonxonalar uchta gumbaz bilan qoplangan. Ushbu masjid tarhi Karmana tumani Hazora qishlogʻida joylashgan Deggaron masjidi bilan qurilishi oʻxshashdir. Masjid kirish qismidagi darvozada arab yozuvida „Shohimardon“ yuqori qismida esa „Basmamla“ va chap tomonida „Tayyiba“ kalimasi bitilgan[2]. Masjid tashqi devorlari yuqori qismida oq va qora rangli marmar kitobalarga Qur’oni Karimdan oyatlar va hadisdan iqtiboslar bitilgan. Mazkur bitiklar 1914—1915-yillarda yozilgan. Bitiklar nastaʼliq uslubida va nasx xatida yozilgan[3]. Masjid devoridagi 1 va 2 marmar lavhlar bitikda „Basmala“, Qur’oni Karimdan „Yusuf“ surasi 64 oyati keltirilgan[4]. Uchinchi va beshinchi marmarda hadis keltirilgan[5]. Oltinchi marmartoshda esa Qur’oni Karimning „Fotir“ surasining 28 oyati bitilgan[6].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Шоҳимарбон жомеъ масжиди“. hazratnavoi.uz. Qaraldi: 2023-yil 31-iyul.
  2. Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Навоий 2015, s. 211.
  3. Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Навоий 2015, s. 215.
  4. Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Навоий 2015, s. 217.
  5. Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Навоий 2015, s. 218-220.
  6. Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Навоий 2015, s. 221.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ilmiy adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Абдухолиқов Ф, Ртвиладзе Э, Ҳакимов А, Абдуҳалимов Б, Мансуров А, Маннонов А, Муҳамедов Н, Раззоқов А, Раҳимов К. Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Навоий. Тошкент: Uzbekistan Today, 2015 — 376 bet. ISBN 978-9943-4509-5-0. 

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]