Kontent qismiga oʻtish

Shohid Musayev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Shohid Musayev
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1884-yil
Toshkent
Vafoti 1938-yil
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Millati oʻzbek
Kasbi
  • pedagog

Shohid Musayev (1884-yilda tugʻilgan) – oʻzbekistonlik pedagog.

Hayoti va mehnat faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shohid Musayev 1884-yilda Toshkent shahrining Podaxona mahallasida kosib va bogʻbon oilasida dunyoga kelgan. Musayev dastlabki taʼlim-tarbiyani mahalladoshi Odil qozi Mirtoji Qoriyevdan olgan. Uning taʼsirida zamonada sodir boʻlayotgan ijtimoiy-siyosiy voqealar bilan tanishgan. U boshlangʻich maktablarda oʻqituvchilik qilish davrida ustozining daʼvati va xorijda chiqqan adabiyotlar bilan tanishtirish orqali 1911-yilda Istanbulga borib, Sultoniya maktabiga oʻqishga kirgan.

Maktabni bitirib, Istanbul universitetning sotsiologiya fakultetida tahsil olgan. Dorilfununni bitirgach, oliygohning oʻzida ishlash uchun qoldirilgan. Shuningdek, Sultoniya maktabida ham oʻqituvchilikni davom ettirgan.

Inqilobdan soʻng Boku shaxriga kelib ishlagan. Bokuga borgan toshkentlik ziyolilar uni o'z vataniga kerak ekanligini tushuntirganlar. 1923–1925-yillarda Toshkentdagi Navoiy nomidagi bilim yurtida oʻqituvchi, Narimonov nomidagi texnikumda mudir sifatida ishlagan.

1925-yilda Xalq Maorif komissarligiga nozir sifatida oʻtkazilgan. Shu yili Toshkent okrug pedagogika texnikumida ish boshlagan va tilshunos Shokirjon Rahimiy bilan hammualliflikda yozgan 4 jildli „Oʻzbekcha til saboqligi“ darsliklari butun mamlakatga tarqatilgan[1]. Ammo Turkiyada tahsil olgan va oʻquvchilarni milliy ruhda tarbiyalagani bois keskin tanqidlarga uchraydi. 1926–1927-yillarda Ishchi fakultetida, 1928-yildan to qamoqqa olingunga qadar qishloq xoʻjaligi texnikumida dars berib borgan. U shu yili OGPU Kollegiyasi „Maxsus kengashi“ning hukmi bilan uch yilga konsentratsion lagerga joʻnatilgan. 1929-yil 14-yanvarda OGPUning Ural viloyati Vishla shahridagi Bishlag lageriga yuborilgan.

Ayblov[tahrir | manbasini tahrirlash]

1929-yil 1-martda esa jinoyat kodeksining 58-moddasi bilan ayblanib, Gʻarbiy Sibir Uvitlagga uch yilga joʻnatilgan. Musayev jazo muddatini oʻtagach, yana soxta va tuhmat ayb bilan uch yil surgunga yuborilishi haqida qaror qilingan.

Jazo muddatini 1936-yilda oʻtab, vataniga qaytib kelgan va jumhuriyat kutubxonasida oddiy kutubxonachi lavozimida faoliyat yuritgan. Ammo 1937-yilning 19-avgustida qayta qamoqqa olingan[2].

Vafoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

1938-yilda oktyabr oyining 4-kuni sobiq SSSR Oliy Sudi Harbiy kollegiyasi koʻchma sessiyasi yopiq sud majlisida Shohid Musayev oliy jazoga hukm qilingan.

Manba[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „“Ayblarimni tan olmayman, hammasi tuhmat”“. oyina.uz. Qaraldi: 16-iyul 2024-yil.
  2. Ahmad, Sirojiddin. Qizil mustamlaka: e'lon qilinmagan urush Katta qirg'in qomusi (1929-1950). Toshkent: Info Captal Books, 2022-yil — 635 bet. ISBN 978-9943-5789-3-7.