Shayx Rangrez guzari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Shayx Rangrez (Qavola)Buxoro shahridagi qadimiy guzarlardan biri. Mazkur guzar XV asr o‘rtalarida barpo etilgan. Bu haqda „Tarixi Mullozoda“ kitobida ham aytib o‘tilgan.

Shayx Rangrez
Umumiy maʻlumotlar
Shahar Buxoro shahri
Kim sharafiga nomlangan Sayfiddin Boharziyning shogirdi

Nomining kelib chiqishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Naql etishlaricha, Buxoroda ajoyib bir usta bo‘lgan. U matolarga go‘zal bo‘yoqlar bergan. Shu bois uning san’ati Movarounnahrda shuhrat topgan. Shayx Rangrez matolarga gul bosishda g‘oyat hunarmand, karomatgo‘y avliyo ham bo‘lgan. Uning karomatlarini ko‘rgan Shayxulolam — Sayfiddin Boharziy (XIII asr) shogirdini haqqa yetgan deb hisoblab, unga o‘z qishloqlaridan birini hadya etgan[1]. Ustaning haqiqiy ismi-sharifi noma’lum. Biroq uning mo‘jizaviy san’ati asrlar osha avloddan-avlodga yetib kelgan. Sadoqatli shogirdlar esa ustaning vafotidan keyin uning sharafiga masjid barpo qilib, uning nomini abadiylashtirishgan. Shayx Rangrezning ismi asrlar osha shaharning eng yirik qismlaridan birining nomi sifatida Buxoro tarixiga kirgan.

Aholisi mashg‘ulotlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shayx Rangrez guzari shahardagi Qavola (yoki Qarshi) darvozasi oldida joylashgan. Ammo darvoza asosan Qarshi, Kesh aholisining asosiy kirish joyi hisoblangani bois mahalliy aholi uni Qarshi darvoza deb atagan. Qarshi darvozasi shaharni temiryo‘l bilan bog‘lagan. Shuning uchun bu darvoza doimo gavjum bo‘lgan. Katta yo‘lning ikki chetida usti yopiq savdo do‘konlari bo‘lgan. Bu yerdan ro‘zg‘orbop barcha narsani xarid qilish mumkin edi. Xuddi shu yer Rangrez guzarining markazi bo‘lgan. Guzarda masjid, madrasa va hovuz bo‘lgan. Guzar aholisi asosan bo‘yoqchilik qilgan. Shuningdek, qorako‘l terini oshlash, undan ko‘zni qamashtiruvchi san’atkorona narsalar yasashgan. Bundan tashqari, aholi matolarni bo‘yash, ajoyib adras, alocha va shoyilar to‘qish bilan ham mashg‘ul bo‘lishgan.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

XVI asrning ikkinchi yarmidan keyingi oxirgi qal’a qurilguncha bu yerlar, ya’ni guzar ham shahar tashqarisida bo‘lgan. Uning yonida katta mozor bo‘lib, unda Shayxulolam, ya’ni Sayfiddin Boharziyning qabri bo'lgan. Buxoroda amirlik tuzumi ag‘darilgandan keyin shahar bilan bir qatorda guzarlar ham asl qiyofasini o‘zgartira boshladi. 1927-yilning 10-avgustida shahar Sho‘rolar Sovetining hisobotiga ko‘ra guzarda 50 xo‘jalik bo‘lib, unda 250 kishi istiqomat qilgan. 1929-yilda esa guzarlar qayta ro‘yxatga olinganda Shayx Rangrez guzari Mirzo Rabi deb o‘zgartirildi[2].

Ma’lumki, bu guzar Qarshi darvozasi oldida bo‘lgan. U yerda shahar temiryo‘li qurilishi, vokzalning barpo etilishi natijasida bu hududni kengaytirish masalasi o‘rtaga qo‘yiladi. Shahar Soveti (raisi Porso Xo‘jayev, kotibi Beyer) 1927-yil 28-iyulda 4099-raqamli maktub bilan O‘zbekiston Markaziy Ijroiya Komiteti raisi Yo‘ldosh Oxunboboyevga guzardagi 45 xo‘jalikni boshqa joyga ko‘chirish to‘g‘risida murojaat qiladi. Keyinchalik xuddi shunday mazmundagi 4780-raqamli maktubni 1927-yil 1-sentyabrda Xalq Komissarlari Soveti Raisiga yo‘llashdi. O‘sha davrda poytaxt Samarqandda bo‘lib, u yerdan  O‘zbeniston SSR Markaziy Ijroiya Komiteti Prezidiumi Kotibiyatining o‘rinbosari Kazbekov va kotibi Milovanovlardan javob maktubi olinadi. Natijada viloyat O‘lka Ijroiya Komitetining 3361-raqamli javob xati bilan vokzal oldi aholisi ko‘chiriladi. Shuning uchun bu guzarda aholi ozchilikni tashkil qilgan. Qavola darvozasi va qal’asi vokzaldagi aylanma yo‘ldan o‘tgan. XX asrning 50-yillarigacha atrofi o‘ralgan qal’a devorining ba’zi joylari saqlanib qolgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Баҳромов Қ., Шодиева Н. Бухоро тарихий обидалари географияси. Бухоро: Дурдона, 2020. — 20 bet. 
  2. Раҳматова С., Қурбонов Ҳ. Бухоро гузарлари тарихидан лавҳалар. Бухоро: Бухоро, 1995. — 8 bet.