Shayx Qutbiddinxon Muhiddinxon o‘g‘li

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qutbiy — Qutbiddin Muhiddinov — Eshoni Shayx hazratlari 1906-yil Urgut shahrida Muhiddinxon Valixon oʻgʻli xonadonida dunyoga kelib, 1983-yilda vafot etgan.

U kishining tarjimai holi juda murakkab. Oʻtgan yuz yillikda Oʻrta Osiyo xalqlari qancha ogʻir kunlarni boshdan kechirgan boʻlsa, hazrat ham bulardan benasib qolmagan. Lekin mashaqqatlarga qaramay, arab, fors tillari, tib, mantiq, tafsir va adabiyotshunoslik fanlarini mukammal egallab, olim va shoir boʻlib yetishadi. Xoja Ahrori Vali sulolasiga mansub bu inson bobosi Eshoni Valixon anʼanalarini ochiq boʻlmasa-da xufiyona davom ettirdi.

Eshoni Valixon olamdan oʻtgach, uning ishlarini oʻgʻli Muhiddinxon davom ettiradi. Sovet tuzumi balo-qazoday yopirilib, ilmu maʼrifatga jaholat qalqonini qoʻydi. Buxoroda madrasalar yopildi. Muhiddinxon Buxoro ilmu maʼrifatini Urgutda davom ettiradi. Chorchinor madrasasi qoshida 300 oʻrinli yotoqxona qurib beradi. Madrasa besh yil faoliyat koʻrsatadi. Unda taʼlim-tarbiya ishlari shu qadar mukammal yoʻlga qoʻyilgan ediki, „Buxoroi sharif Urgutga koʻchdi“, degan ovoza tarqaladi.

Xoja Muhiddinxon rahmdil, saxiy va notiq kishi boʻlgan. Ota-bobosidan qolgan boyliklaridan madrasa ahlini, chor-nochorlarni yedirib-ichirib, kiyintirgan. Biroq, mol-mulklari tortib olinib, unga yomon koʻz bilan qaray boshlashdi. Shundan soʻng u Arabistonga borib, 1931-yilda Madina shahrida vafot etadi. Qabri hazrati Usmondan toʻrt qabr narida.

Otasi Muhiddinxon izidan borgan Qutbiddinxon 1917-1920-yillarda Buxoroda Aspas mahdumdan taʼlim oladi. Urgutda Naqshbandiya sulukining yangi oʻchogʻini barpo etgan Eshoni Valixonda Xoja Ahrori Vali singari gʻayb ilmidan xabardorlik, „uvaysiy“lik mujassam edi. Bu xislatga Eshoni Shayx Qutbiddinxon hazratlari ham ega boʻlgan.

Qutbiddinxon hazratlari 1961-yildan boshlab OʻzFA Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutida ilmiy xodim boʻlib ishladi.

Ish jarayonida Navoiy asarlarini oʻrganish bilan shugʻullandi. 1971-yilda Mirzo Muhammad Mahdixonning Alisher Navoiy asarlari tiliga bagʻishlab yozgan "Sangloh" asari ustida ishlab, 65 yoshida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. Unda Navoiyning 12 ta nazmiy, 9 ta nasriy asari grammatikasi chuqur ilmiy tahlil qilingan. Domla toʻrt jildlik "Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lugʻati"ning asosiy mualliflaridan biri boʻldi (Cahifa oxirida mazkur lugʻatning 1 jildi bilan tanishing). "Xamsa" dostonlari lugʻatlarini toʻliq sharhlab chiqdi. "Xazoyin ul-maoniy", "Lison ut-tayr", "Majolis un-nafois" asarlari lugʻatini tuzib, izohladi. Qutbiddinxon domlani akademik shoir Gʻafur Gʻulom „pirim“, „hazratim“ deb eʼzozlardi.

Bu farishtasifat inson shunchalar yoqimli, halim soʻzlar ediki, tinglab toʻymas edingiz. Uning yuksak insoniy xislatlari asarlariga shunday singdirilganki, odamlarni ezgulikka, maʼrifatga, dunyoda yaxshi nom qoldirishga chorlaydi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Zarafshon“ gazetasi veb-sahifasi