Sarrafon hammomi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sarrafon hammomi (Hammomi Sarrafon) (XVI asr) — Buxoro hammomi. Oʻzbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro shahrining tarixiy markazida joylashgan hammom. Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan.


Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ushbu hammom Toqi Sarrafon yonida joylashgan. Taxminlarga koʻra hammom Toqi Sarrafon bilan bir vaqtda 1534—1535-yillarda bunyod etilgan[1]. Hammom qurilishi jihatidan Oʻrta Osiyo hammomlari ichida eng chiroylisidir. Hammom Buxoro shahrida jamoat markazi hisoblangan hamda jamiyat hayotida muhim ahamiyat kasb etgan. Buxoro hukmdori Abdullaxon II (1556—1598) davrida qadimiy tazar qurilishi boshlangan[2]. Hozirgi kunda hammom Arabon koʻchasida joylashgan.

Meʼmorchiligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hammomning yer usti qismi suvoq tomli va sinchli boʻlib, u yechinish va xordiq chiqarish uchun xizmat qilgan. Undan zina orqali chuqurlikda boʻlgan asosiy qismga tushiladi. Mazkur qism pishiq gʻishtdan bunyod etilgan va suvga chidamli materiallardan foydalanilgan boʻlib, yuqori qismi gumbaz bilan qoplangan. Bu yerdan moʻtadil haroratli xonadan besh tomonli, devorlari tokchali zal orqali markaziy xonaga oʻtilgan. Hammomda xodimxona va bugʻxona kabi xonalar boʻlgan. Hammom xonalari gumbaz choʻqqisidagi fonuslar yordamida yoritilgan. Hammom tarhi markaziy boʻlma bilan bogʻlangan, koʻp sonli mijozlar uchun qulay, taxmoni 5 va 6 burchakli boʻlmalardan iborat bir guldasta shaklida bunyod etilgan. Abu Ali ibn Sinoning „Tib qonunlari“ va Kaykovusning „Qobusnoma“ asarida hammomga borishni fazilatlari aytib oʻtilgan. Oʻrta asrlarda hammomlar jamiyat hayotida muhim ahamiyat kasb etgan[3].


Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Muhammadjonov A va boshqalar. Buxoro Sharq durdonasi. Toshkent: Sharq, 1997 — 213 bet. 
  2. Halimov T. Buxoroning qadimgi hammomlari. Buxoro tarixi masalalari (Eng qadimgi zamonlardan hozirgacha) mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konfirensiya materiallari, Buxoro, 2021 — 404 bet. 
  3. Rajabov Q, Inoyatov S. Buxoro tarixi. Toshkent: Tafakkur, 2015 — 460 bet.