Kontent qismiga oʻtish

Safforiylar davlati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Safforiylar sulolasidan yoʻnaltirildi)

Safforiylar davlati — 873-yildan 900-yilgacha Eron, Xuroson va sharqiy Makran( Belujiston )ning ayrim qismlarida hukmronlik qilgan Safforiylar sulolasi tomonidan tuzilgan imperiya.

Kelib chiqishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Safforiylar sulolasi Sharqiy Erondan kelib chiqqan. Sulola asoschisi Ya'qub bin Lays as-Saffor 840 yilda hozirgi Afg'oniston hududida Zaranjning sharqida va Bo'stning g'arbida joylashgan Karnin (Qarnin) nomli kichik shaharchada tug'ilgan . IX asrning 60-yillariga kelganda, tohiriylar davlari ichki nizolar bois ancha zaiflashib qoladi. Bu orada Xuroson bo'ylab noodil siyosat olib boruvchi tohiriy hukmdorlarga qarshi umumxalq qo'zg'olonlari - "g'oziylar" ("eʼtiqod uchun kurashuvchilar") harakati kuchayadi. G'oziylar harakatini o'z vaqtida Ya'qub bin Lays as-Saffor va uning ukasi Amr binni Lays boshqarishadi.

Ular 861 yilda Seistonning poytaxti Zaranj shahrini tohiriylardan tortib olishadi. Keyingi bir necha yil davomida g'oziylar va tohiriylar orasida qator qonli janglar bo'lib o'tadi. NIhoyat, g'oziylarning birlashgan armiyasi 873-yilda tohiriylarning soʻnggi lashkarlariga kuchli zarbani berib, Xurosonning poytaxti - Nishopurni qo'lga kiritishadi. Natijada arab xalifasi Xuroson noibligini Yaʼqubga topshirishga majbur boʻladi. Shu ondan e'tiboran, tohiriylar sulolasi barham topadi va Xuroson hokimiyatiga Safforiylar keladi.

Zaranj shahri Safforiylar uchun muhim harbiy qal'a boʻlgan. Shahar Safforiylarga ham G'arbiy, ham Sharqiy hududlarga oson yo'l ochib bergan. Safforiylar podshohi Yoqub bin Lays 870-yilda Hirot shahrini bosib oladi. Yoqub so'ngra g'arbga e'tibor qaratadi va Xuroson, Xuziston , Kirmonga hujum boshladi. Kobul vodiysi, Sind, Toxariston , Makran, Kirmon, Xuroson va Bag'dodni deyarli to'liq egallaydi. Shundan soʻng Safforiylar janubiy gʻarbiy Eron va janubiy Iroqning bir qismini egallab olishdi. Safforiylar bosib olingan yerlarda Panjshir vodiysidagi konlardan foydalanib o'z kumush tangalarini zarb qilishadi.

876- yilda Safforiylar arab xalifaligi ustidagi Abbosiylarni agʻdarib tashlashga ham urinishadi. Abbosiylar qoʻshini Bagʻdoddagi bir necha kunlik jangdan so'ngina ularni arang orqaga qaytarishga muvaffaq boʻladi. Bu bosqinlardan cho'chigan Abbosiylar Ya’qubni o'zi bosib olgan yerlari ya'ni Seiston, Eron va Kirmonning mutlaq hokimi sifatida tan olishga majbur bo'lishadi. Abbosiylar Safforiylarga hatto xalifalik markazlaridan biri boʻlgan Bag‘dodda ham muhim lavozimlar taklif qilishadi.  

Safforiylar saroy sheʼriyati shaklida fors tiliga homiylik qildilar va o'z davlatlarida fors madaniyatini oʻrnatdilar.  Ular hukmronligi davri sharqiy islom olami Fayruz Mashriqiy, Abu Soliq al-Jirjoniy va saroy shoiri boʻlgan Muhammad ibn Vosif kabi mashhur fors shoirlari yetishib chiqqaniga guvoh boʻlgan .

9-asr oxirida Safforiylar yangi fors adabiyoti va madaniyatining qayta tiklanishiga turtki berdi. Shoh Yoqub Hirotni zabt etgandan so'ng, ba'zi shoirlar uning g'alabasini arab tilida nishonlashni afzal ko'rdilar, biroq Shoh Yoqub o'zining kotibi Muhammad bin Vosif as-Sistoniydan bu misralarni fors tilida yozishni iltimos qiladi.

Safforiylar sulolasi Shoh Yoqub bin Lays vafotidan keyin uzoq davom etmadi. 879-yilda davlatning asosiy tayanchlaridan biri boʻlgan Shoh Yoqub vafot etib, taxtga ukasi Amr ibn Lays oʻtirdi va xalifaga oʻz vassalligini bildirdi. Harbiy, siyosiy bilimlar va yuksak tajriba sohibi Shoh Yoqubning o'limi mamlakat qudratiga qattiq zarba berdi.

Bunday qulay vaziyatni qo'ldan chiqarishni xohlamagan xalifa safforiylarga qarshi boshqa bir sulolani urushga chorlashga kirishadi. Bu davrga kelib Movarounnahrda Somoniylar sulolasi kuchayib borayotgan edi. Xalifa al Muʼtazid (892—902) Amr binni Laysni Movarounnahrning qudratli shohi Ismoil Somoniyga qarshi qayrash orqali xalifalikning asosiy dushmani - Safforiylardan qutulmoqchi bo'ldi. Tez orada xalifa ayyor yo'l tutadi va Ismoil Somoniyni Movarounnahr hokimligidan tushirilgani va u yerga Amr ibn Laysni hokim qilib tayinlaganini eʼlon qiladi.

Movarounnahr noibligi toʻgʻrisidagi yorliqni olgan Amr ibn Lays, o'zining "yangi ulusini qo'lga olgani" shoh Ismoil Somoniyga qarshi qoʻshin tortdi. Negaki, bu jangda u mag'lubiyatga ucharshiga va shu bilan Safforiylardan qutulishga ishonchi komil boʻlgan xalifa uni bunga tinmay undaydi.

Kutilganidek, taxt vorisi Amr bin Lays 900-yilda Ismoil Somoniyga qarshi Balx jangida mag'lubiyatga uchradi. Amr bin Lays o'z hududlarining ko'p qismini yangi hukmdorlarga topshirishga majbur bo'ladi. Shu bilan bir paytlar Abbosiylarning xavsizligiga raxna solgan Safforiylar o'z qudratini yo'qotadi. Ularning siyosiy kuchi qolmay, hududi Seiston bilan chegaralanib qoladi. Vaqt o'tishi bilan ularning roli Somoniylarning noibi roligacha tushib qoladi. Tohir ibn Muhammad o'z davrida bir necha marta harakat qilib Safforiylar davlatini tiklay olmaydi.

9-asr boshlarida esa Safforiylar davlatiga kirgan barcha viloyatlar batamom Somoniylar mulkiga qoʻshib olindi va sulola hukmronligi ag'darildi.

  • Shamsutdinov R., Karimov Sh., Hoshimov S., Vatan tarixi, T., 2020.