Romitaniy Xoja Ali
Romitaniy Xoja Ali | |
|---|---|
| Shaxsiy maʼlumotlar | |
| Dini | Islom |
| Tanilgan sohasi | So‘fiy |
Buxoro yetti pirning toʻrtinchisi, Mahmud Anjir Fagʻnaviy davomchisi
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Xojagon silsilasining toʻrtinchi piri, «Hazrat Azizon» va «Xojai Azizon» unvonlari bilan mashhur boʻlgan Xoja Ali Romitaniy 591/1195 – 621/1224-yillar oraligʻida Buxoro atrofidagi qishloqlardan biri boʻlmish Romitanda tavallud topgan.
Xoja Ali Romitaniy oʻz davrida insonlarni ilmu maʼrifat, sahiylik, odamiylik, adolat va mehr-muhabbatga chaqirgan, halol luqma topish, birovga yuk boʻlmaslik, yetim-yesirlar boshini silashga tashviq etgan. Mutasavvif olimlar taʼbiricha, oriflarning asli suvdan, ular maʼrifat ahlidandirlar. Suvning oʻzi toza va pok, ham poklovchi boʻlganidek, oriflar ham suv kabi pokiza va poklovchidirlar. Ular ham oʻzlarini, ham boshqalarni poklaydilar.
Oʻz qishlogʻi Romitanda oʻsib-ulgʻaygan Xoja Ali toʻqimachilik, yaʼni mato toʻqish kasbini oʻrganib, umrining oxirigacha shu kasb bilan tirikchilik oʻtkazadi. Shu asnoda soʻfiylik yoʻliga kiradi, Xoja Mahmud Anjir Fagʻnaviyga murid tushib, uning murshidligida sayru suluk yillarini bosib oʻtadi. Faxriddin Ali Safiy soʻfiylik yoʻliga kirish maqsadida oʻziga pir qidirib yurgan Romitaniyning Xizr (a.s.) tavsiyasi bilan Anjir Fagʻnaviyga murid tushganligi toʻgʻrisidagi rivoyatni keltirgan.
«Rashahot ayn al-hayot»da keltirilishicha, Xoja Mahmud vafotidan avval Romitaniyga irshod, yaʼni muridlar tarbiyalash huquqini berib, tariqat rahbarligini unga topshiradi va ushbu tariqatning barcha muridlarini unga boʻysunishlarini buyuradi. Shunga koʻra, uning maʼlum muddat Buxoroda irshod bilan shugʻullangan. Biroq, «Matlab ut-tolibin» muallifining yozishicha, Romitaniy Bovard shahriga borib, maʼlum bir muddat u yerda muridlar tarbiyalash bilan shugʻullanadi. Shundan soʻng oʻz taʼlimotini targʻib etish maqsadida Xorazm diyoriga borib, u yerda umrining oxiriga qadar yashab qoladi.
Xoja Ali Romitaniyning Xorazmda xojagon-naqshbandiya tariqatini keng yoyish borasidagi faoliyati muvaffaqiyatli kechadi. Romitaniy bir goʻshada oʻtirganicha, oʻziga muridlar jalb qilish orqali xojagon taʼlimotini targʻib qila boshlaydi. Natijada, bu diyorda unga ergashganlar soni koʻpayib ketadi. Bu hol avvaliga Xorazm hukmdorlarini tashvishga soladi. Oxir-oqibat, Xorazm hokimi ham uning muridlaridan biriga aylanadi. Xoja Ali Romitaniy Xorazmga Bovard shahridan borganligi sababli xorazmliklar orasida Xoja Ali Bovardiy nomi bilan ham mashhur boʻladi.
«Matlab ut-tolibin»da uning ismi Xoja Shox Ali tarzida ham uchraydi. Ushbu asar muallifining yozishicha, Xoja Ali oʻzi gaplashgan har bir kishiga «azizon» («ulugʻlar», «ulugʻlarim», «ulugʻim») deb murojaat qilgani sababli unga shunday laqab berishgan. Biroq xojagon-naqshbandiya tariqatining ungacha yaratilgan manbalari Xoja Ali Romitaniyning tom maʼnoda ulugʻ soʻfiylardan boʻlganligini isbotlash maqsadida Jaloliddin Rumiy qalamiga mansub boʻlgan quyidagi bayt unga bagʻishlab yozilganligini taʼkidlashadi:
Gar na ilmi hol favqi qol budiy, kay shudiy
Banda a’yoni Buxoro Xojayi Nassojro?
Mazmuni: Hol ilmi qol ilmidan ustun boʻlmaganida edi, Buxoro a’yonlari toʻqimachi Xojaga qullik qilgan boʻlarmidilar?
Romitaniy ustozi Mahmud Anjir Fagʻnaviyning xizmatini ixlos bilan ado etgan eng sadoqatli, ulugʻ shogirdlaridan biri boʻlib yetishdi. Shu sababli uning vafotidan soʻng xojagonlik silsilasini boshqargan. «Silsilai sharif»da oʻn uchinchi halqa piri hisoblanadi.
Uning toʻrt xalifasi – Xoja Muhammad Kulohdoʻz, Xoja Muhammad Halloj Balxiy, Xoja Muhammad Bovardiy va Xoja Muhammad Bobo Samosiy boʻlgan. U oʻlimi oldidan Xoja Muhammad Bobo Samosiyni oʻz oʻrniga qoldirib, barcha murid va xalifalarni uning tobeligiga topshiradi.
Yuqorida taʼkidlab oʻtilganidek, Xoja Azizon Romitanda bir necha yil ilm tarqatgach, soʻng Bovardga (Bovard, Abivard – Oʻrta asrlarda bugungi Turkmaniston hududining Janubi-sharqiy qismida mavjud boʻlgan qadimiy shahar) koʻchadi, u yerda ham muridlar tarbiyalaydi. Nihoyat Xorazmga borib, oʻsha yerda muqim yashaydi. Bu haqda Xoja Azizonning oʻgʻli Xoja Ibrohim tasniflagan kitobida otasining Bovardda yashagan kezlari xonaqoh va uy qurgani, shu sababli uni «Xoja Ali Bovardiy», xorazmliklar «Xoja Ali Xorazmiy», buxoroliklar esa «Xoja Ali Buxoriy Romitaniy» deb atashganini eslatib oʻtadi.
Xoja Ali Romitaniydan «Xojayi Xurd» («Kichkina Xoja») laqabi bilan mashhur Xoja Muhammad hamda Xoja Ibrohim ismli ikki oʻgʻil qolib, ularning har ikkisi diniy ilmlarda olimlik, tasavvufda esa oriflik va valiylik darajalariga yetgan. Romitaniy vafoti oldidan kichkina oʻgʻli Xoja Ibrohimga irshod ruxsatini beradi.
Manbalarda Ali Romitaniy 721/1321-yili Xorazmdagi Toshhovuz (hozirgi Turkmaniston hududi)ning Koʻhna Urganchida olamdan oʻtgan va oʻsha yerda dafn etilgan. «Manoqibi Xoja Ali Romitaniy Azizon» muallifi Muhammad ibn Nizom Xorazmiy Arzangiy bu toʻgʻrisida shunday yozadi: «Hozirda ul hazratning muborak qabrlari Xorazm shahrida boʻlib, ushbu qabr uzra maqbara, uning yonida esa xonaqoh bino etilgan. Soʻfiylar mazkur xonaqohda kunlik vazifalarini bajarish asnosida virdlar aytib, zikr qiladilar».
Shuni ham eslatib oʻtish joizki, bugungi kunda Buxoro aholisi orasida keng tarqalgan afsonaga koʻra, Xoji Ali Romitaniy qabri keyinchalik Buxoro xoni Abdullohxon II davrida (1534-yil) Xorazmdan Romitanga koʻchirilgan.
Istiqlol yillarida Xoja Ali Romitaniy maqbarasi obod ziyoratgohga aylantirildi. U yerda darvozaxona, jomeʼ masjidi, maqbara, milliy uslubda qurilgan ayvon, hovuz va toshquduq, mehmonxona hamda oshxona bunyod etildi. Hozirgi kunda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qayta obodonlashtirildi.
Asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]“Manoqibi Xoja Ali Azizon Romitaniy”, “Risolai Hazrati Azizon”
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]| Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
| Ushbu maqolada Oʻrta asr Sharq allomalari ensiklopediyasi maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |