Reparatsiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Reparatsiya (genetikada) – fizikkimyoviy omillar taʼsirida zararlangan DNK molekulasi tabiiy (nativ) strukturasining oʻz-oʻzidan qayta tiklanishi. Reparatsiya barcha organizmlar hujayrasi uchun xos boʻlib, hujayraning maxsus fermentlari ishtirokida amalga oshiriladi. Reparatsiya ultrabinafsha va ionlovchi nurlar taʼsirida zararlangan bakteriyaning DNK molekulalarida yaxshi oʻrganilgan. Reparatsiyaning 3 xil asosiy mexanizmi: fotoreparatsiya (fotoreaktivatsiya), ekssizion reparatsiya va postreplikativ reporatsiya aniqlangan. Fotoreparatsiya ultrabinafsha nurlar taʼsirida DNK molekulasida hosil boʻladigan siklobutan dezoksiribopirimidin – fotoliaza fermenti yordamida parchalanishidan iborat. Ekssizion reparatsiya – DNKning zararlangan joyini aniqlash, uni kesib tashlash va matritsa asosida kesilgan joyni qayta sintez qilib, DNK zanjirining izchilligini tiklash. Postreplikativ reparatsiya replikatsiyagacha DNKda paydo boʻlgan, lekin ekssizion replikatsiyada barcha jarohatlangan joylarni tiklash imkoniyati boʻlmagan takdirda ishga tushadi. Bunday hollarda jarohatlangan molekulalarning yangilanishi bir zanjirli kemtik (nuqsonli) molekulalarning paydo boʻlishiga olib keladi; nativ (tabiiy) strukturani tiklash esa rekombinatsiya orqali amalga oshiriladi.

Reparatsiya jarayonining fermentlari reduplikatsiya, rekombinatsiya va mutatsion jarayonlar reaksiyalarini kataliz qilishda ham ishtirok etadi. Mutatsion jarayonda hujayrada xatolikka yoʻl qoʻyishga moyil boʻlgan induksion reparatsiyaning oʻziga xos tipi ishga tushadi. Natijada DNK ning tabiiy strukturasi tiklanadi, ammo undagi genetik axborotda xatoliklar paydo boʻladi. Reparatsiyaga toʻsqinlik qiluvchi mutatsiyalar koʻpincha mutatsion jarayonning tezligini oshirishi yoki kamaytirishi mumkin. Bir qator irsiy kasalliklar (pigmentli kseroderma, ataksiya – teleangiektaziya, progeriya) reparatsiyasi sistemasi nuqsonlari bilan bogʻliq. reparatsiyada nuqsonlarga ega boʻlgan va jarohatlovchi omillarga nisbatan juda sezgir bakteriya va zamburugʻ shtammlaridan genetik toksikologiyada indikatorlar sifatida foydalaniladi. Radiobiologiyada reparatsiya tushunchasi ultrabinafsha va ionlovchi nurlardan zarar koʻrgan biologik obʼyektlarning qayta tiklanishidan iborat. Koʻp hujayrali organizmlarda reparatsiya nurlanishidan zararlangan organ va toʻqimalarning regeneratsiyasi shaklida namoyon boʻladi.

Abdukarim Zikiryoyev[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil