Rep

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Rep Janri[tahrir | manbasini tahrirlash]

Rep janri yarim asrlik tarixi davomida birmuncha o'zgacha yo'llardan o'tib kelmoqda. Musiqaning bu turida asosiy e'tibor so'zlar(lyrics), ritm va ularga yo'nalish belgilovchi oqim(flow)ga qaratiladi. Shuningdek, DJ'lik asnosida zarbdor ohang(beat)ni yo'naltirish, erkin mavzuda so'zlarni qisqa muddatda ohangga mos yo'naltirish - freestyle, ikki repperning sahnada bir-biri bilan freestyle orqali kuch sinasishi - battlelar va shuningdek, hech qanday ohang va ritmlarsiz faqatgina so'zlar orqali rep aytish - a cappella'lar repning asosiy elementlaridan bo'lib, bu hususiyatlar bilan boshqa musiqa janrlaridan ajralib turadi. Rep, odatda, yangi ritm va ohanglarni yaratmaydi aksincha ularni jazz, rock va punk janrlaridan o'zlashtiradi va qayta ishlaydi. Ba'zi repperlar bir necha janrlarni aralashtirib o'z yo'nalishini yaratishadi.


Rep Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

1. Ibtido

Rep 1970-yillar Nyu-Yorkida, afro-amerikaliklar tomonidan yaratilgan. Nyu-Yorkning Janubiy Bronks qismidagi DJ'lar Koop Herch va Gransmaster Flashlarning ritmlarida ilk rep alomatlari paydo bo'lgan va shu yillarda repning birinchi shakllariga tamal toshi qo'yilgan. Rep avvaldan qora tanlilar uchun hayotdagi adolatsizliklar, irqchilik va politsiya zo'ravonligini aytish uchun sahna vazifasini o'tagan va bu keyingi davrlarda yanada kengaygan.

2. Yuksalish

80-yillar ikkinchi yarmiga kelib rep dovrug' qozona boshladi. Endi uning shukuhi klublar va mahalliy battllarga sig'may qoldi va Amerika bo'ylab yoyildi. Shu yillarda, Run-D.M.C, Furious Five, N.W.A. kabi guruhlar tashkil topdi va o'z fan bazasiga ega bo'la boshladi.

3. Repning Oltin Davri

1980-yillar oxiri va 1990-yillar haqli ravishda "Repning Oltin Erasi" maqomini olgan. Kaliforniyaning Kompton shahri guruhi - N.W.A ning 1988-yilgi "Straight Outta Compton" albomi AQSH bo'ylab shuhrat qozondi va G'arbiy Qirg'oq yo'nalishini belgilab berdi - gangsta. Gangsta janri, asosan, ovoz toni va ritmga urg'u beradi va gangsterlar hayotini ritmga solib, rep aytadi. Bu janrda Tupac Shakur (2Pac nomi bilan tanilgan), Snoop Dogg, Dr.Dre, Eazy-E, Ice Cube'lar samarali ijod qilishgan.

Repning vatani Sharqiy Qirg'oq esa LL Cool J, The N.O.T.O.R.I.U.S BIG (Biggie sifatida tanilgan), Nas, Wu-Tang Clan, DMX va Jay-Z kabi repperlarni yetishtirdi. Ular e'tiborni punk janri ritmlariga, getto hayotini so'zlarda ritmga solishga qaratish yo'lidan ketishdi va katta fan bazasiga ega bo'lishdi.

4. Sharq-G'arb Urushi

1991-yilda, Suge Knight Los-Angelesda "Death Row Records" prodyuserlik kompaniyasini tuzadi. Asta-sekin, cho'kayotgan N.W.A dan ajralib chiqqan Dr. Dre va u kashf etgan Snoop Dogg bu jamoaga qo'shilishdi. Nyu-Yorkda esa 1993-yilda Puff Daddy boshchiligida "Bad Boy Records" markazlashgan studiyasi tuziladi. Kelasi yili studiyaning ilk ishi - mahalliy repper Biggiening "Ready to Die" albomini chiqariladi. Ilk oylaridanoq katta shuhrat va millionlab muxlislarga ega bo'lgan albom barcha davrlarning eng yaxshi albomlari qatorida haligacha e'tirof etiladi. Huddi shu yilda asli Nyu-Yorkda tug'ilgan, lekin Kaliforniyada yashab, ish yuritgan Tupac Shakur "Death Row Records" bilan shartnoma imzolaydi. O'sha yilda uning "Thug Life" albomi ham yaxshigina muvaffaqqiyat qozonadi. Yil oxirlarida 2pac'ga qarshi Nyu-Yorkda jinsiy zo'ravonlik va noqonuniy qurol saqlash vajida jinoiy ish ochishadi. U 30-noyabrda Manxettenga soliqlarini yopishga kelganida "Bad Boy Records" a'zolaridan iborat Junior M.A.F.I.A guruhi bilan uchrashadi. Uchrashuvdan ikki daqiqadan keyin esa mashinasida unga 5 marta o'z uziladi. Mana shu hodisa ortidan Sharq-G'arb urushi avj olgan edi.

1995-yil fevralida Biggie "Who Shot Ya?" singlini chiqaradi. Trek 2Pacga o'q uzilishidan avval yozib olingan deb qayta-qayta aytib kelinganiga qaramay, ko'pchilik muxlislar buni 2Pacga yo'naltirilgan deb ishonishadi. Bu yilda yana bir qancha janjal-to'polonlar, otishmalar bo'ladi va bular hatto katta sahnalarda ham ro'y beradi. Junior M.A.F.I.A 2Pac'siz ojizlanib qolgan G'arbga bir qancha diss treklar chiqaradi. Ammo tuzalib chiqganidan keyin bu jangda Axill rolini 2Pac oladi. U Sharqiy Qirg'oqdagi har bir repperga ketma-ket diss treklar chiqaradi. Birinma-ketin unga o'q uzilganiga javoban barchaga "qasos o'qlari"ni o'tadi. Biggie'ning rafiqasini treklarida bir necha bor haqorat qiladi. Ular orasida eng mashxuri bo'lgan va barcha davrlarning eng yaxshi diss treki deb tan olingan "Hit 'em Up" singlini u to'g'ridan-to'g'ri Biggie, Puff Daddy, Junior M.A.F.I.A a'zolari, "Bad Boy Records" va butun Sharqiy Qirg'oqqa yo'naltiradi:


Who shot me? But ya punks didn't finish now you 'bout to feel the wrath of a menace nigga, I hit 'em up!


Afsuski, bu urush rep tarixidagi eng katta yo'qotishlarga sabab bo'ldi. 1996-yil, 7-sentabr, Las Vegasda 2Pac mashinada ketayotganda unga yana o'q uziladi. Ko'pchilik tomonidan barcha davrlarning eng yaxshi repperi deb tan olingan - Tupac Amaru Shakur olti kundan so'ng shifoxonada vafot etadi. Bu mudxish voqeadan so'ng, 1997-yil fevral oyida Snoop Dogg murojaat bilan chiqadi va urushni tugatishni so'raydi. Lekin chiqishdan bir oy o'tar-o'tmas Biggie Los-Angelesda mashinasida ketayotganida otib ketiladi. Bu qasos edi, har ikki taraf yetakchilari urushda qurbon bo'lishadi shu bilan barchasi tugaydi. AQSH politsiyasi ikki repperning qotillarini uzoq vaqt qidirdi, bir necha gumonlanuvchilarni so'roq qildi lekin mana chorak asrdan beri bu jumboqligicha qolmoqda.

5. Tijoriy muvaffaqiyat

90-yillar ikkinchi yarmida Dr. Dre o'z studiyasi "Aftermath Entertainment"ni tashkil qiladi. Aynan bu studiya keyinchalik Eminem, Kendrick Lamar, 50 Cent va Mary J. Blige kabi nomlarni dunyoga taqdim etadi. 1999-yil Eminemning "The Slim Shady LP" albomi AQSHda 4 karra Platinum sotiladi va oq tanli artistning ham repda muvaffaqqiyat qozonishi mumkinligini isbotlaydi. Huddi o'sha yilda, Dr. Dre "2001" albomi - rep tarixidagi eng yaxshi albomlardan birini taqdim etiladi. Shu yillardan tijorat va biznes repda birinchi darajaga ko'tarila boshlaydi. Ketma-ket yillarda Eminemning "The Marshall Mathers LP", "The Eminem Show", Jay-Z ning " The Blueprint" va 50 Centning debyut "Get Rich or Die Trying" albomlari dunyo chartlarida birinchilikni bermay kelishadi. Bu davrda sahnaga Kanye West, J. Cole, OutCast va Lil' Wayne kabi yangi nomlar repga yangicha janrlarda kirib kelishi va Eminemning Rihanna, Jay-Z ning Beyoncé bilan hamkorligi ta'sirida rep janri pop, R&B, soul, alternativ, funk kabi musiqa janrlari bilan adaptatsiyaga uchraydi. Endi repperlarning faqatgina ikki shtatdan emas, butun Amerikadan nomlari chiqa boshlaydi. Detroitdan Eminem, Janubdan Lil' Wayne va O'rta Shtatlardan Kanye West kabi artistlar repda dominantlik qilishadi. 90-yillarda kamdan-kam qo'lga kiritilgan GRAMMY, MTV mukofotlarini bu davr repperlari o'nlab-o'nlab olishadi. Eminemning hayotiga asoslangan "8 Mile" va N.W.A guruhining faoliyati haqida olingan "Straight Outta Compton" filmlari repperlar hayotining ko'zga ko'rinmas taraflarini tasvirlaydi. Eminem tomonidan kuylangan, "8 Mile" filmining bosh saundtreki "Lose Yourself" Oskar yutgan ilk rep qo'shiq sifatida tarixga muxrlanadi.

6. Trap Dominantligi va Globallashuv

2010-yillarda YouTube, SoundCloud, Spotify, Apple Music tarmoqlari rivojlangani sari, rep ham ularga moslasha boshladi. Avvalgi gangsta, punk yoki R&B replar o'rnini trap musiqaga bo'shatib berishdi. Travis Scott, Migos, Future kabi repperlar trap musiqaning yetakchilariga aylanib bu janrni ommalashtirishdi. Drake va Kanye West kabi repperlar avvalgi ochiq, tajovuzkor repdan qochib nisbatan popga yaqin janrda o'zlarini topishgan bo'lsa, Dr. Dre kashf etgan Kendrick Lamar "storytelling" ga asosiy urg'u qaratuvchi o'z uslubini yaratdi. Lil' Wayne esa mumble rep ni ommalashtirdi va tom ma'noda bu janrning "ota"siga aylandi. Yosh - XXXTENTACION va Juice WRLD lar repda o'z uslublarida qisqa vaqt ijod qilishdi. Billboard 200, Spotify xalqaro chartlarida singl va albomlari birinchi o'rinlardan tushmay yurdi. Dunyo bo'ylab bir necha yuz millionlab yoshlarning kumiriga aylanishdi. Ammo ikkalasi ham birin-ketin X 2018-yilda, Juice esa 2019-yilda vafot etdi. Ular yigirmaga to'lmay yuqori darajada ijod qilganliklari e'tiborlidir.

Umuman olganda repning globallashuvi davom etmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar, filmlar uchun treklar chiqarilmoqda, bu asnosida yangidan-yangi, noan'aviy uslublar dunyoga kelmoqda.


Rep va Jamiyat[tahrir | manbasini tahrirlash]

Rep avvaliga qora tanlilarning jamiyatdagi adolatsizliklar, kambag'allik va kamsitilishlarni aytish uchun yaratilgan maydon bo'lsa-da, har qanchaga o'zgarishlarga qaramay unda haligacha bunday mavzular tilga olinmoqda. Rep hamon insonlarni yaxshilikka undamoqda, adolatsizliklarga barham berishga chaqirmoqda. Repperlar ayollar huquqi, bolalik travmalari, getto hayoti, irqchilik va zo'ravonlik mavzularida aytgan treklarining ko'p qismini o'zlarining hayotidan olishadi. Ular o'z tajribalaridan kelib chiqib, so'zlari bilan tinglovchilarga dalda bera olishadi. 2Pac, Eminem, Akon'lar aytgan muammolarni hozirda Kendrick Lamar, Drake, J. Cole kabi repperlar o'z uslublarida olib chiqishyapti. Rep musiqa olamida qisqa fursatdayoq katta tarix yarata oldi va yana rivojlanishda davom etadi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]


Rap so'zining ma'nosi zarbadir