Rajabiylar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Rajabiylar — 20-asr oʻzbek sanʼatiga ulkan hissa qoʻshgan sanʼatkorlar sulolasi. Sulola boshligʻi Yunus Rajabiy [1897.5(17).1—Toshkent — 1976.23.4] — bastakor, xonanda va sozanda (nay, dutor), oʻzbek musiqa merosini toʻplovchisi. Oʻzbekiston xalq artisti (1953), Oʻzbekiston FA akad. (1966). Madrasada, keyinchalik Turkiston xalq konservatoriyasida (1919— 23), Toshkent Oliy musiqa maktabining tayyorlov kursi (1934) hamda Moskvada tashkil etilgan bastakorlar kursi (1940—41)da taʼlim olgan. Dutor chalishni Mirza Qosimdan, keyinchalik oʻzbek mumtoz musiqa merosini Sh. Shoumarov, Hoji Abdulaziz, Toʻychi hofiz, Domla Halimlardan oʻrgangan. Samarqand pedagogika bilim yurtida musiqa oʻqituvchisi (1923—25). Samarqand teatrining musiqa rahbari (1925—27), Oʻzbekiston radiokomiteti qoshidagi xalq cholgʻu asboblari ansambli (keyinchalik xalq cholgʻulari orkestri) tashkilotchisi va badiiy rahbari (1927—42, 1945—59), Yangiyoʻl teatri musiqa rahbari (1942—45), Oʻzbekiston teleradiosining "Maqom" ansambli tashkilotchisi va badiiy rahbari (1959—76). Yoshligidanoq shirali va taʼsirchan ovozga ega boʻlgan isteʼdodli xonanda va mohir sozanda sifatida tanilgan. Uning repertuaridan maqom parchalari, "Girya", "Ushshoq", "Koʻcha bogi", "Eshvoy", "Kurd", "Qalandariy", "Gulyor—Shahnoz", "Bayet", "Dugohi Husayniy", "Chorgoh", "Miskin", "Nasrulloyi" kabi ashula va kuy turkumlari oʻrin olgan. U bir qancha qad. oʻzbek xalq kuy va ashulalarini qayta ishlab tiklagan: "Subhidam", "Yolgʻiz" "Sayqal", "Figʻon", "Oraz", "Begi Sultan" va boshqa Ijrochilik faoliyatini bastakorlik bilan birgalikda olib borgan Yu. R. oʻzbek musiqali dramasining shakllanishiga muhim hissa qoʻshgan. Dastlab "Farhod va Shirin" (Xurshid, 1922—25, Sh. Shoumarov bilan hamkorlikda), "Layli va Majnun" (Xurshid, 1926), "Rustam" (U. Ismoilov, 1933), "Avaz" (A. Hidoyatov, 1935), "Xolisxon" (Hamza, 1940) kabi spektakllarga xalq ashulalari asosida kuylar bastalagan. Keyinchalik B. Nadejdin bilan hamkorliqsa "Qasos" (A. Umariy, Uygʻun, 1941), N. Mironov bilan "Qoʻchqor Turdiyev" (S. Abdulla, Chustiy, 1942), G. Mushel bilan "Muqanna" (H. Olimjon, 1943), O. Halimov bilan "Nodira" (S. Kosimov, Ya. Mamatxonov, 194243), B. Zeydman bilan "Oʻgʻil uylantirish" (H. Fylom, 1964), Sayfi Jalil bilan "Navoiy Astrobodda" (I. Maxsumov, 1968) singari musiqali dramalarni yaratgan. U "Zaynab va Omon" operasi (1958; B. Zeydman, D. Zokirov va T. Sodikrvlar bilan) ning yozilishida ishtirok etgan.

YU. R., shuningdek, "Fabrika yallasi", "Bizning davron", "Mirzachoʻlda tuy", "Oʻzbekiston", "Yangrasin Gulyor", "Dugonalarga", "Kadah", "Koshki", "Gul sochar", "Judo", "Raʼnolanmasun", "Chapandoz", "Kuygay" kabi qoʻshiq va ashulalar, "Oʻyin Bayoti", "Oʻyin Dugohi", "Paxta" singari rake kuylari yaratgan.

YU. R.ning , ayniqsa, oʻzbek musiqa merosini toʻplashdagi xizmatlari katta. U 1935 yildan xalq, kuy va ashulalarini notaga yoza boshlagan. Natijada Ye. Romanovskaya va Il. Akbarov tuzgan "Oʻzbek xalq qoʻshiqlari" (1939) toʻplamidan Yu. R. notaga olgan 29 ta xalq musiqa namunasi urin olgan. 1955—59 yillarda Yu. R. 5 jildli "Oʻzbek xalq musiqasi" (I. A. Akbarov taxririda) tuplamini nashr ettirdi. Unga mingga yaqin turli janrdagi oʻzbek (bir kancha tojik, uygʻur) kuy va ashulalari, Buxoro Shashmaqomi, Fargʻona — Toshkent maqom yoʻllari, katta ashulalar, 20-asr bastakorlari (Hamza, K. Jabborov, N. Hasanov, S. Kalonov, F. Sodiqov, T. Jalilov, M. Mirzayev va boshqalar)ning asarlari kiritilgan. "Makom" ansambli bilan ishlashi jarayonida Yu. R. Shashmaqomning 6 jildli yangi nashrini (1966—74, F. Karomatov taxririda) hamda grammplastinka yozuvlar mukammal tuplamini (Toshkent grammyozuvlar studiyasida, 1970-yillar) tayyorladi. T. Sodikrv, D. Zokirov, D. Soatqulov, F. Sodikrv, N. Hasanov, K. Jabborov, S. Kalonov, K. Moʻminov, O. Imomxoʻjayev, B. Dovidova, K. Ismoilova, O. Alimahsumov, T. Alimatov va boshqa sanʼatkorlar Yu. R .ning shogirdlaridir. Yu. R. Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1971), "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni (2000) bilan mukofotlangan. Oʻzbekiston teleradiokompaniyasi qoshidagi "Maqom" ansambli, Jizzax musiqali drama va komediya teatri, Toshkent musiqa pedagogika bilim yurti, Toshkentdagi koʻchalardan biri, metro bekati Yunus Rajabiy nomi bilan yuritiladi. Uning hayoti va ijodiga bagʻishlangan "Yunus Rajabiy" ("Oʻzkinoxronika" studiyasi, 1967; "Oʻzbektelefilm" studiyasi, 1990), "Umr daftari" (Oʻzbekiston televideniyesi, 2001) filmlari suratga olingan. Yunus Rajabiy 1957—76 yillar yashab ijod etgan uy (Toshkent, Yunus Rajabiy koʻchasi, 20)da 1997 yilda Rajabiy uymuzeyi ochilgan. 2001 yil Yunus Rajabiy madaniyat markazi tashkil etilgan.

Rizqi Rajabiy (1887— Toshkent — 1977.20.7) — sozanda (tanbur), oʻzbek musiqa ijrochilik sanʼatining yirik namoyandasi. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist (1940). Yunus Rajabiyning akasi. Toshkent musiqa texnikumini tugatgan (1923). Samarqand musiqa bilim yurtida oʻqituvchi va viloyat musiqali teatrida sozanda (1924— 27). Oʻzbekiston radioqoʻmitasi huzuridagi Xalq musiqa cholgʻulari ansamblida sozanda, konsertmeyster (1927—42). Toshkent musiqa texniku mida (1930—39), Toshkent konservatoriyasida (1972—77) oʻqituvchi. Ijro uslubi noxun zarblarini hamda musiqa bezak (nolish, sayqal)larini kuy harakteri va mazmuniga moslab ishlatishi bilan ajralib turadi. Repertuaridan maqom yoʻllari (Tasnifi va Samoy Dugoh, GulyorShahnoz, Garduni va Ufari Segoh va boshqalar) hamda mumtoz cholgʻu kuylari (Miskin, Nasrulloyi, Tanavor, Munojot, Abdurahmonbegi, Girya, Suvora kabi) oʻrin olgan. Sanʼatshunoslik i.t. institutida 200 dan ortiq, Oʻzbekiston radiosi va Toshkent grammyozuvlar studiyalarida R. R. ijrosida 100 ga yaqin kuy yozib olingan. U bir necha ashula ("Soralar", "Yashnasin", "Yorugʻlik", "Ovoraman", "Tantana", "Oftobim") va kuy ("Chaqir", "Olgʻa", "Uxlasin")lar muallifi. Akbar Haydarov, Mahmud Yunusov, Orif Qosimov va boshqa uning shogirdlaridir.

Ahmad Yunusov (1923.10.5, Toshkent) — musiqa muharriri, rej. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi (1968), Yunus Rajabiyning oʻgʻli. Oʻrta Osiyo unti (1952), Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutining 1 yillik rej.lik kursini (1953) tugatgan. Yangiyoʻldagi "Toshsovet" teatrida aktyor (1941—45). Toshkent toʻqimachilar k-ti klubi (1947—94), ToshMI qoshida (1948—94), Mirzachoʻl (hozirgi Guliston) shahar madaniyat uyida (1964—69) "Xalq teatri" unvoniga sazovor boʻlgan havaskor teatr jamoalarining tashkilotchisi va rahbari. Rej. sifatida saxnalashtirgan spektakllari: "Yurak sirlari" (B. Rahmonov), "Makr va muhabbat" (F. Shiller), "Imon" (I. Sulton), "Sharqtongi" (N. Safarov), "Mexribonlar", "Toshkesar" (Alp Jamol) va boshqa Ayni paytda Oʻzbekiston televideniyesining musiqa tahririyatida muharrir va boʻlim boshligʻi lavozimlarida ishlab (1957—94), "Marxabo, talantlar", "Sanʼatkorlar hosil ustalariga" kabi turkum koʻrsatuvlar, shuningdek, Sh. Rahimova, M. Azizova, M. Mirzayev, Sayfi Jalil, S. Kalonov, S. Xoʻjayev, M. Gʻofurov kabi sanʼatkorlarning ijodiy portret va konsertlarini tayyorlagan.

Rajabov Ishoq Rizqiyevich (1927.2.1 — Toshkent — 1982.1.12) musiqashunos, sozanda (dutor, tanbur). Sanʼatshunoslik fanlari d-ri (1971). Zamonaviy oʻzbek maqomshunosligi asoschilaridan. Rizqi Rajabiyning oʻgʻli. Oʻrta Osiyo universitetining Sharq fakultetini tugatgan (1950). Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyida ilmiy xodim (1955—61), Hamza nomidagi Sanʼatshunoslik i.t. institutida shoʻʼba mudiri (1961—82), ayni paytda Toshkent konservatoriyasi oʻqituvchisi (1972—79). Otasi Rizqi Rajabiy bilan birgalikda ijro etgan koʻpgina oʻzbek mumtoz kuylari grammyozuvga yozilgan. Ilmiy asarlari Oʻrta asr Sharq musiqasi risolalari, maqom sanʼati tarixi va nazariyasi (Oʻn ikki maqom tizimi, namudlar, Shashmaqom va boshqalar) masalalariga bagʻishlangan ("Maqomlar masalasiga doir", T., 1963 va boshqalar). "Shashmakrm"ning 6 jildli nashri (1966—74)ga muharrirlik qilgan.

Obid Yunusov (1934.20.11, Toshkent) — aktyor, Oʻzbekiston xalq artisti (1990). Yunus Rajabiyning oʻgʻli. Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutini tugatgan (1956). 1956—98 ylar Hamza teatri (hozirgi Oʻzbek milliy akademik drama teatri)da ishladi. Erkin ("Aytsam tilim, aytmasam dilim"), Qayum ("Yurak yonmogʻi kerak"), Xolmat ("Boy ila xizmatchi"), Abbos ("Mirzo Ulutbek"), Maʼmur ("Kelinlar qoʻzgʻoloni"), Kirill qon"), Sino ("Abu Ali ibn Sino"), Oʻtkuriy ("Parvona") kabi obrazlari bilan teatr sahnasidan mustahkam oʻrin oldi. U bir qancha filmlar ("Armon", "Toʻylar muborak", "Chinor ostidagi duel", "Chayon gul", "Shaytanat", "Sharpa" va boshqalar)da ham suratga tushgan. U serqirra, murakkab va ayni chokda yaxlit harakter yaratuvchi aktyor boʻlib, uning qahramonlari jasoratli, ulugvor, harakat bilan nutqining rang-barangligi, musiqiy va sermaʼnoligi bilan ajralib turadi. Dublyaj sanʼatining mohir ustasi sifatida 1000 ga yaqin bosh rollar ("Kirol Lir"da Lirga, "Sangam"da Sundurga va boshqalar)ga ovoz bergan. Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1989), "Mehnat shuhrati" ordeni bilan takdirlangan (2003).

Hasan Rajabiy (1942.22.7, Toshkent) — xonanda va sozanda (tanbur). Oʻzbekiston xalq xrfizi (1990). Yunus Rajabiyning oʻgʻli. Otasidan soz chalishni va xonandalik sanʼatini oʻrgandi. Tanbur yoʻllarini T. Alimatov va S. Karimovlardan oʻzlashtirgan. Hamza nomidagi musiqa bilim yurtini tanbur ijrochiligi boʻyicha hamda ToshDUning filol. fakultetini tugatgan (1967). Hamza nomidagi Sanʼatshunoslik i.t. institutida ilmiy xodim (1967—75). "Maqom" ansamblida sozanda va xonanda (1976—96), Yunus Rajabiy uymuzeyining direktori (1996 yildan). Keng diapazonli, shirali ovozga ega boʻlgan H.R.ning ijro uslubi sheʼrlar mazmunini chuqur x,is etish, soʻzlarni donadona qilib aytish, oʻziga xos vazminlik, nolakorlik va kamerlik (xonakilik) bilan ajralib turadi. Repertuaridan maqom yoʻllari ("Saraxbori Dugoh" taronalari bilan, "Bayoti Sheroziy Talqinchasi va Soqiynomasi", "Ushshoq", "Segoh", "Moʻgʻulchai Dugoh Talqinchasi", "Saraxbori Oromijon", "Dugoh Husayn" IV—V, "Oraz" va boshqalar), mumtoz ashulalar ("Munojot", "Figʻon", "Adoyi" va "Asiriy", "Sayyora", "Girya" III, "Erkin Tanavor" kabi), bas ("Oqshomdan tushgacha"), Yormat ("Qutlugʻ takorlar asarlari ("Koshki", "Ne navo", "Kuygay", "Gul sochar", Yu. Rajabiy; "Kuyla, dilkash dutorim", "Topmadim", S. Kalonov; "Boʻl menga mahbub", F. Sodiqov; "Men ketar boʻldim", T. Jalilov va boshqalar) oʻrin olgan. T. Rajabiy, M. Tojiboyev, M. Sattorova, G. Erqulova, N. Sattorova kabi sanʼatkorlarga ustozlik qilgan. Oʻzbek mumtoz musiqasiga bagʻishlangan risola va maqolalar muallifi. "Doʻstlik" ordeni bilan mukofotlangan (1997).

Tohir Rajabiy (1946.9.5, Toshkent) — sozanda (qashqar rubobi). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist (1990). Yunus Rajabiyning oʻgʻli. Toshkent konservatoriyasini tugatgan (J969). Navoiy teatrida (1969—73), Oʻzbekiston teleradiokompaniyasining Doni Zokirov nomidagi Oʻzbek xalq cholgʻulari orkestri (1973—91 va 2002 yildan), Estradasimfonik orkestri (1991—2001 )da yakka sozanda. Jozibali, musiqa bezaklariga boy ijro uslubi yuqori texnikasi, nozik krchirimlari bilan ajralib turadi. Repertuaridan oʻzbek mumtoz kuylari ("Nasri Segoh", "Galdir", "Oromijon", "Hojiniyoz", "Girya", "Bayet II", "Ushshoq" va boshqalar), bastakorlar asarlari (I. Ikromovning "Munojot" I—II, "Guluzorim", T. Jalilovning "Otmagay tong", D. Zokirovning "Ey sabo", "Koʻrmadim", Yu. Rajabiyning "Koshki", "Raʼnolanmasun" va boshqalar) oʻrin olgan. Shuningdek, oʻzbek xalq cholgʻulari, kamer va estradasimfonik orkestrlari joʻrligida Oʻzbekiston (S. Hayitboyev, B. Giyenko, Sayfi Jalil, Hab. Rahimov, M. Bafoyev, D. Omonullayeva, A. Nazarov va boshqalar) va chet el (F. List, S. Aleskerov, G. Xonmamedov, R. Pauls, M. Legran va boshqalar) kompozitorlari asarlarini ijro etgan. T. R. bir qancha qoʻshiqlarga musiqa yozgan ("Yoding dil ardogʻida", "Kuylar osmonida", "Rajabiy madhi" va boshqalar).

Adabiyot[tahrir]

  • Ahmedov M., Yunus Rajabiy, 2nashri, T., 1980; Akbarov I. Yunus Rajabiy, M., 1982; Rajabiyxonlik, T., 1993; Rajabiyxonlik, T., 1994; Gʻofurbekov T., XX asr oʻzbek musiqasi va Yu. Rajabiy. Musiqa ijodiyoti masalalari, T., 1997.

Hasan Rajabiy.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil