Qiziltomir astragal

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Qiziltomir astragal
Ilmiy tasniflashUshbu tasnifni tahrirlash
Olam: Eukariotlar
Tip: Yuksak oʻsimliklar
Sinf: Ikki urugʻpallalilar
Turkum: Astragal
Oila: Burchoqdoshlar
Binar nomi
Astragalus rubrivenosus

Qiziltomir astragal (lotincha: Astragalus rubrivenosus) – ikki urugʻpallalilar sinfi burchoqdoshlar oilasi astragal turkumiga mansub koʻp yillik gulli oʻsimlik turi. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Toshkent viloyati Oqsoqotasoy, Boshqizilsoy hamda Serkalisoy hududida tarqalgan[1].

Tavsifi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Balandligi 3-4 sm gacha yetadigan koʻp yillik oʻt oʻsimlik. Oʻq ildiz sistemasiga ega. Poyasi juda qisqa, deyarli yoʻqolib ketgan, yerbagʻirlab oʻsadi. Bargi murakkab, bandli, uzunligi 10-12 sm, bargchalari asosan ellips shaklida oʻtkir uchli, ustki tomoni siyrak, ostki qismi qalin, yotiq tuklar bilan qoplangan. Gulpoyasi mustahkam, uzunligi 12-15 sm. Gullari ikki jinsli, boshsimon. Gultojibarglari och pushti yoki qizgʻish tusda. Gulkosachabarglari toʻrsimon, shishgan tomirli. Hasharotlar yordamida changlanadi. Iyun oyida gullab mevasi iyulda pishadi. Mevasi quruq dukkak meva. Dukkagining uzunligi 13-14 mm, eni 0,5 sm, meva qobigʻi pardasimon yupqa tuzilgan. Urug‘i va vegetativ yoʻl bilan koʻpayadi.

Tarqalishi va oʻsish sharoiti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tabiatda juda kam tarqalgan, Oʻzbekiston hududida oʻsuvchi 3500-4000 dona tupi borligi aniqlangan. Toshkent viloyati Chatqol tizmasida, Oqsoqotasoy, Boshqizilsoy, Ertoshsoy va Serkalisoy hududlarida uchratish mumkin. Dengiz sathidan 1800-2000 m balandlikda tosh shagʻalli yonbagʻirlarda oʻsadi. Hayvonlar tomonidan isteʼmol qilinishi, raqobatga chidamsizligi va maʼlum sharoitga moslashganligi sababli areali qisqarib ketgan. Ugom-chatqol davlat tabiat milliy bogʻi va Chatqol biosfera qoʻriqxonasi hududida muhofaza ostiga olingan[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Astragalus rubrivenosus Gontsch“.
  2. O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.