Kontent qismiga oʻtish

Qamariddin Shayxov

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Qamariddin Shayxov
Tavalludi 30-may 1992-yil (1992-05-30) (33 yosh)
Fuqaroligi  Uzbekistan Oʻzbekiston
Kasbi Jurnalist
Mukofotlari “Shuhrat” medali

Qamariddin Qutbiddin oʻgʻli Shayxov (1992-yil 30-may kuni tugʻilgan) — oʻzbek jurnalisti[1]. Qalampir.uz internet nashri asoschisi[2] va bosh muharriri[3].

Tarjimai holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qamariddin Shayxov 1992-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Otasi – Qutbiddin Abrorovich Shayxov (1955-yil 10-yanvarda tug‘ilgan) tadbirkor. Onasi – Muazzam Rizayevna Shayxova (1958-yil 21-avgust kuni tug‘ilgan) o‘qituvchi.

2015-yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetini Xalqaro jurnalist mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 2023-yil Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat departamentining Xalqaro yetakchilar dasturi (International Visitor Leadership Program) bitiruvchisi.

Qamariddin Shayxov mehnat faoliyatini O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston” radiosi “Kelajak tongi” bolalar va o‘smirlar eshittirishida bovlovchilikdan boshlagan. Radiodagi besh yillik faoliyati davomida ko‘plab radioeshittirishlarda boshlovchilik va mualliflik qilgan. 2009-2010 yillarda NTT telekanalining “Hudud” tahliliy-informasion dasturida muxbir lavozimida ishlagan. “Fayzli yurt odamlari” mualliflik ko‘rsatuvini tayyorlagan. 2010-2015 yillarda “Darakchi” gazetasida faoliyat olib borgan. 2015 yilning noyabrida QALAMPIR.UZ internet-nashriga asos solgan.

Bugungacha uning radio va televideniyeda 100 dan ortiq lavha va ko‘rsatuvlari efir yuzini ko‘rgan. Gazeta va jurnallar, ilmiy nashrlarda 500 ga yaqin maqolalari chop etilgan. YouTube platformasida 10 dan ortiq turkum mualliflik ko‘rsatuvlar tayyorlagan.

Qamariddin Shayxov mahalliy va xorijiy OAVdagi o‘z jurnalistik materiallarida xalqaro terrorizm va unga qarshi kurash, islomofobiya va irqchilik, ijtimoiy tengsizlik, ikkiyoqlama standartlar, ochlik, xalqaro muhojirlar inqirozi, ayollar va bolalar huquqlari, korrupsiya muammolarini olib chiqqan. Shuningdek, u, qator mavzularda jurnalistik surishtiruvlar tayyorlagan. Xalqaro muhojirlar inqirozi mavzusida tayyorlagan turkum maqolalari ortidan Iroq va Suriyadan Turkiyaga o‘tib, boshpana olgan muhojirlarning hayotini o‘rganish maqsadida Turkiyaning Usmoniya va Shonli Urfa shaharlaridagi qochoqlar lagerlarida bo‘lib, mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan ushbu masalada muloqot qilgan.

2005 yilning 13 may kuni Andijonda sodir bo‘lgan qonli voqealar Qamariddin Shayxov eng ko‘p murojaat qiladigan, jurnalistik surishtiruvlar olib boradigan mavzulardan biri sanaladi. U ushbu voqealar haqida turkum dasturlar, xususan Andijon haqiqatlari haqida hujjatli film tayyorlagan. O‘zbekiston Respublikasining sobiq Ichki ishlar vaziri (1991-2006) Zokirjon Almatovich Almatov va Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Boymirzayevna Ortiqova bilan Andijon voqealari haqida maxsus intervyular o‘tkazgan.

Qamariddin Shayxov xalqaro voqealar, xususan qaynoq hududlardan ham uzoq turmaydi. U Armaniston tomonidan ishg‘ol qilingan Ozarbayjonning Qorabog‘ viloyati haqida turkum maqola va ko‘rsatuvlar tayyorladi. Buning uchun Qorabog‘dagi xavfli hududlargacha borib, haqiqatlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Uning jurnalistik faoliyatida voqealarga ko‘r-ko‘rona yondashish emas, guvoh bo‘lish, o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini yozish ustuvorlik qiladi. 2021 yilning noyabr oyida Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkiloti birinchi media forumida aynan Qorabog‘ haqiqatlari va 2020 yilning sentyabr oyida boshlangan qurolli to‘qnashuvlar xalqaro matbuotda qanday yoritilgani bo‘yicha katta nutq qildi. Q.Shayxov o‘z nutqida Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida umumiy alifboni qabul qilish zarurati mavjudligi, ushbu tashkilotga a’zo, ayni til va dinga, mushtarak qadriyatlar va tarixga mansub xalqlar o‘zlari haqidagi axborotni G‘arb yoki rus ommaviy axborot vositalaridan emas, qardosh xalqlar mediasidan o‘qishlari va ko‘rishlari shartligi, haqiqatlar xorijiy ommaviy axborot vositalari qo‘lida istalgan shaklda o‘zgartirmasligi kerakligini aytdi. Uning turk tilidagi ushbu nutqi va unda bildirilgan takliflar qardosh xalqlar tomonidan mamnuniyat bilan kutib olindi va media forumning rasmiy hujjatlariga kiritildi.

Hozirda Qamariddin Shayxov QALAMPIR.UZni boshqarish bilan birga, qator ko‘rsatuvlarga mualliflik ham qilib keladi. Uning har hafta yakunlari bo‘yicha efirga uzatiladigan “Hafta voqealari tahlili” ko‘rsatuvi O‘zbekiston va qo‘shni mamlakatlar bo‘ylab o‘z tomoshabinlariga ega. Dasturda xorijda va O‘zbekistonda sodir bo‘lgan so‘nggi voqealar tanqidiy va tahliliy ruhda ko‘rib chiqiladi.

  • 2021-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga ko‘ra “Shuhrat” medali[5] va “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi”[6] ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan.
  • 2018-yilda “Oltin qalam” XIII milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning Turkiya elchixonasi tomonidan ta’sis etilgan “O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar haqidagi eng yaxshi material uchun” nominatsiyasi g‘olibi. [7]
  • 2018-yilda “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi sovrindori.
  • 2020-yilda TURKSOY xalqaro turk madaniyati tashkilotining “Turksoy xalqaro media mukofoti” sovrindori. [8]
  • 2024-yilda “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan “Oramizdagi qahramon” mukofoti.
  • 2025-yilda “Oltin qalam” XIX milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning “Dolzarb mavzudagi eng yaxshi tanqidiy-tahliliy materiallar uchun” nominatsiyasi g‘olibi.

Instagram sahifasi

Facebook sahifasi