Pesnya bez slov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
„Pesnya bez slov“
„Kino“ qoʻshigʻi
„Zvezda po imeni Solnse“ albomidan
Chiqarilgan sanasi 1989
Yozib olingan 1989
Janr yangi toʻlqin
Davomiyligi 5:07
Leybl General Records
Matn muallif(lar)i Viktor Soy
Bastakor(lar) Viktor Soy
„Zvezda po imeni Solnse“ xronologiyasi
Pesnya bez slov „Zvezda po imeni Solnse“

Pesnya bez slov“ (ruscha: Песня без слов, yaʼni „Soʻzsiz qoʻshiq“) — „Kino“ sovet rok musiqa guruhi ijro etgan qoʻshiq. Guruhning 1989-yil eʼlon qilingan ayni nomli studiyaviy albomiga birinchi trek oʻlaroq kiritilgan. Qoʻshiq matnini ham, kuyini ham guruh xonandasi Viktor Soy yozgan.

„Kino“ guruhi ashulani 1989-yil „Vzglad“ teledasturida ijro etgan. Dastur davomida ashula nomi „Beliy den“ (ruscha: Белый день) deb koʻrsatilgan.

Ashulani bugunga qadar bir necha xonanda va musiqiy guruh kaver qilgan. Xususan, „Alisa“ guruhi qoʻshiqning kaver versiyasini hozirlagan. Guruh solisti Konstantin Kinchev eʼtiqodidan kelib chiqib, „Har bir oʻgʻriga oʻgʻirlash imkoniyati“ (ruscha: Каждому вору — возможность украсть) misrasini „Har bir oʻgʻriga oʻgʻirlamaslik imkoniyatini“ (ruscha: Каждому вору — возможность НЕ красть) oʻlaroq oʻzgartirib kuylagan[1].

Tahlili[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Pesnya bez slov“ qoʻshigʻi matnini bir necha adabiyotshunos olim tahlil qilgan. S. Petrovaning fikricha, qoʻshiqda hayotda harakat qilish yoki qilmaslik hamda dunyoda oʻz oʻrnini topish mavzulari haqida soʻz boradi. Adabiyotshunosning soʻzlariga koʻra, qoʻshiq matnida „borliqning ikki tarafliligining ontologik muammosi hamda inson taqdirida turli vaziyatlar oldini olib boʻlmasligi“ mujassamlangan[2]. Petrova qoʻshiqning ilk baytida (ruscha: Песня без слов, ночь без сна. Всё в своё время — зима и весна), yaʼni „Soʻzsiz qoʻshiq, uyqusiz tun. Hammasi oʻz vaqtida — qish va bahor“) disgarmonik holat tasvirlanganini xulosa qilgan. Uning soʻzlariga koʻra, uyqusiz tun boʻlmaganidek, soʻzsiz ashula boʻlmaydi va Soy „Pesnya bez slov“ ashulasida odatiy soʻz birikmalari va tasavvurlar qay tarzda buzilishi mumkinligini ifodalagan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Песня без слов – Виктор Цой“ (ruscha). Репродуктор. Qaraldi: 31-iyul 2022-yil.
  2. Петрова, С. (2013). „«Песня без слов» Виктора Цоя: особенности поэтики“. Русская рок-поэзия: текст и контекст (ruscha). № 14. 124–126-bet.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]