Nurhaci

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Nurxatsidan yoʻnaltirildi)
Nurhaci
努爾哈赤
Hou Szin (Soʻnggi Szin) sulolasi xoni
Mansab davri
1616 – 1626
(Oysingoro Nurhaci (xit. an’anaviy 愛新覺羅 努爾哈赤) ismi ostida)
Oʻtmishdoshi sulolaga asos solgan
Vorisi Oysingoro Abaxay
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 21-fevral 1559-yil
Hetu-Ala, Manjuriya
Vafoti 30-sentyabr 1626-yil(1626-09-30)
(67 yoshda)
Aiji Fort, Manjuriya
Turmush oʻrtogʻi 16 xotin
Bolalari 16 oʻgʻil va 8 qiz
Onasi Syuan (Hitara sulolasidan)
Otasi Taksi

Nurhaci (talaffuzi: Nurxatsi; manjurcha:ᠨᡠᡵᡤᠠᠴᡳ — Nurgaci, mongolcha:ᠨᠤᠷᠠᠭᠴᠢ — Нурхач, xit. an’anaviy 努爾哈赤, soddalashtrilgan 努尔哈赤, pinyin: Nǔ'ěrhāchì yoki Nǔ'ěrhāqí (努爾哈齊); 1559—1626) — manjur xoni. Oysingoro qavmidan. Min sulolasi tumanboshisi Mangu Temurning avlodi. Da Szin — „Buyuk oltin“ (yoki Hou Szin — „Soʻnggi oltin“) deb nom olgan manjur imperiyasi asoschisi (Chjurchjenlarning 1115—1234-yillarda mavjud boʻlgan imperiyasi Birinchi yoki Qadimgi Szin imperiyasi deyiladi). Imperiya 1636-yil Da Sin — „Buyuk Sof“ deb atala boshlagan.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manjurlarni birlashtirishi va davlatga asos solishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nurhaci XV asr birinchi yarmida koreys askarlarining bosimi bilan Pektusan togʻi yonbagʻirlaridan Manjuriyaning janubiy qismiga kelib joylashgan chjurchjenlarning Tun urugʻidan. Beyle (manjurcha knyaz) Giochangining nabirasi, beyle Taksining oʻgʻli[1] Nurhaci Suksuxe-Bira daryo vodiysidagi 6 kichik qal’a shaharlarning hokimi (knyazi) edi. 1115—1234-yillarda Xitoy shimoli va Ichki Mongoliyada hukm surgan chjurchjenlarning Szin (xitoychadan tarjimasi „Oltin“) sulolasiga ham mansubligi bor edi. Shu sababli u oʻz sulolasini „Oltin sulola“ (Oysingoro) deb atadi. Nurhacining sulolasi Suksuxe-Bira daryosi vodiysi yerlarini boshqarishga daʼvogarlik qilishgan, shu asnoda Manjou hududlariga ham egalik qilishgan.

U Fushun shahrida Min sulolasi qoʻmondoni Li Chenlyan xonadonida askar sifatida tarbiya topgan. U yerda xitoy tilini va mahkama ishlari yuritiladigan Kvonxa lahjasini oʻrgangan. U xitoyliklarning „Uch qirollik romantikasi“ va „Suv chegarasi“ asarlarini oʻqib, ularning harbiy va siyosiy strategiyalarini oʻrganib chiqqan.[2][3][4]

1582-yil Nurhacining otasi va bobosi chjurchjen qabilalari oʻrtasidagi oʻzaro sulolaviy janglar paytida Lyaodun bosi Li Chenlyan boshchiligidagi Xitoy qoʻshinlari qoʻlidan vafot etishadi. Xitoy solnomalariga koʻra bu ish uchun Li Chenlyanni Min hukumati bilan kelishib turgan Giochangi va Taksiga qarshi gijgijlagan chjurchjenlarning Turun shahri hokimi Nikan Vaylan aybdor koʻrilgan. 1584-yil Nurhaci otasi va bobosi uchun oʻch olish maqsadida 13 sovutdor sipohiy bilan Nikan Vaylanga qarshi chiqdi. Nikan Vaylan Erxunga qochib ketdi, 1587-yilda Nurhaci uni yana ta’qib ostiga oldi. Nikan Vaylan bu safar Li Chenlyan huzuriga qochdi, Li Chenlyan Nurhaci bilan munosabatlari buzilishini istamay Nikan Vaylanni Nurhaciga topshirdi. Nurhaci uning boshini tanasidan judo etdi. Li Chenlyanning qoʻllab-quvvatlashi bilan Nurhaci katta siyosatga kirib keldi.

Nurhaci isteʼdodli siyosatchi va qoʻmondon ekanini koʻrsata oldi. Aynan u chjurchjen qabilalarini birlashtirdi va Manjur davlatiga asos soldi. Koʻplab sovgʻalar, koʻp kunli bazmlar va nikoh aloqalari orqali Nurhaci qoʻshni qabila oqsoqollarini oʻz tomoniga ogʻdira oldi. Oʻz navbatida ular, oʻgʻillari, qullari va qoʻshinlari bilan Nurhaci boshqarayotgan hududlarga doimiy yashash uchun koʻchib kelishdi va yangi hukmdorlariga xizmat qila boshlashdi. Shu asnoda qabilalar oʻrtasida ishonchli ittifoq tuzildi. Tez orada bu ittifoq kuchli harbiy va quldorlik tizimiga asoslangan ibtidoiy davlat boshqaruvi darajasiga yetdi.

1585—1589-yillarda Nurhaci Min sulolasining Szyanchjou veyi qabilalarini boʻysundirib (chegaradoshi), ularni Manjou xalqi tarkibiga birlashtirdi. Soʻng u chanbayshan qabilalari va xulun qabilalar ittifoqini oʻziga boʻysundirishga harakatlar qildi. Yigirma yil ichida manjurlar qoʻshnilariga qarshi yigirmaga yaqin harbiy harakatlar qildilar. Nurhaci hokimiyatini mustahkamlash maqsadida Pekinga — imperator Vanli huzuriga bordi.

1589-yil Nurhaci oʻzini van deb eʼlon qildi, 1596-yil esa oʻzini Szyanchjou davlatining vani sifatida tanitdi. 1606-yil sharqiy mongol hokimlari unga Kundulenxon unvonini berdilar.

1616-yil Nurhaci oʻzini yangi tashkil etilgan davlat monarxi deb eʼlon qildi. Oʻzini xon deb atab 1234-yil mongollar tomonidan yoʻq qilingan Aysin Gurun (manjurcha: Oltin davlat)ni qayta tiklanganini maʼlum qildi. Uning asosini 8 qismdan iborat armiya tashkil etgan. Har bir qismning tugʻi (bayrogʻi) boʻlib, ularning rangi bir-biridan farq qiladi. Shu tufayli Nurhacining armiyasi „8 tugʻli armiya“ deb nomlangan. Xitoy solnomalarida bu mamlakat Szin (1115-1234) deb nomlanib, xitoylik tarixchilar Nurhaci tuzgan davlatni Hou Szin („Soʻnggi Szin“) sifatida qayd etadilar. U davlatiga „Dajin“ (Ulugʻ oltin maʼnosida) deb nom bergan[5]. Shu asnoda Nurhaci boshqaruvining shiori boʻlmish — Samoviy yorliq (Tangri yorligʻi) tuziladi. Manjur sulolasining rasmiy tarixiga koʻra u oʻzini Samoviy yorliq asosida butun zamin uzra hukmdor boʻlmish Samo farzandi deb eʼlon qiladi. Manjur davlatining poytaxti Sinszin shahri boʻladi. Nurhacining diplomatik va harbiy faolligi natijasida 1619-yil yangi tuzilgan davlat atrofida chjurchjenlarning koʻplab qabilalari birlashdilar.

Sarxu togʻi etagidagi jang

Manjurlar davlatining kengayishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manjou davlatining kuchayishi va hududining Xitoy chegaralariga tobora yaqinlashishi Lyaodunda Nurhaci va Min imperiyasi munosabatlarini keskinlashtira bordi. 1618-yil Nurhaci „Yetti shikoyat“ nomli manifestini eʼlon qildi. Unda Nurhacining fikricha xitoyliklar shaxsan uning va uning xalqi oldida qilgan ayblari keltirib oʻtilgan. Shu yil yigirma ming kishilik qoʻshin bilan Lyaodun viloyati orqali Xitoy hududiga bostirib kirib uchta muhim qal’ani hamda beshta shaharni qoʻlga kiritadi. Shaharlar vayron qilinadi, shahar aholisi esa (Xitoy tarixchilariga koʻra — besh yuz mingdan ortiq kishi) Manjouga olib ketiladi. Sin tarixchilariga koʻra Min imperiyasi bunga javoban Lyaodunda 200 ming kishilik qoʻshin toʻplaydi. Bunga qarshi Nurhaci faqat ellik ming kishini toʻplay olgan, xolos. Ammo xitoylik qoʻmondonlarning notoʻgʻri yoʻl tutishi manjouliklarni qutqarib qoladi. Min qoʻmondonlari qoʻshinni toʻrt guruhga boʻladilar, guruhlar Manjouning poytaxtiga alohida-alohida hujum qiladilar. Bu Nurhaciga qoʻl kelib, qoʻshinlardan uch guruhini magʻlub etadi. Ushbu voqea tarixga Sarxu jangi nomi bilan kirgan. Toʻrtinchi guruh chekinishga majbur boʻladi. Xitoyliklarga yordamga kelgan Xan Xonnipning koreys qoʻshinlari manjurlar tomonidan Shenxe daryosi boʻyida qarshilikka uchrab tez orada magʻlub boʻldilar.

Nurhaci ogʻir yaralangan Ningyuan jangi sxemasi

1621-yil manjurlar Lyaodun hududiga bostirib kirib xitoy qoʻshinlarini tor-mor etdilar. Nurhaci qoʻshinlari Shenyan (manjurcha nomi Mukden, mukdembi — „yuksalmoq“ soʻzidan) va Lyaoyan shaharlarini qamal orqali qoʻlga kiritdi. Bu hududda mustahkam oʻrnashish maqsadida shahar aholisini Manjouga koʻchirmadi. 1622-yil majurlar Lyaosiga hujum qilib Xitoy jangchilarini tor-mor qildilar. Xitoyliklar himoyaga zoʻr berib mudofaa ishlarini qaytadan tashkil etishga majbur boʻlishdi. Nurhaci 1625-yil poytaxtni Mukdenga koʻchirdi. 1626-yil Nurhaci qoʻshinlari Lyaosi hududinig asosiy shahri boʻlgan — Ningyuan qal’asini qoʻlga kirita olmadi. Ningyuan himoyasida xitoyliklarga yevropacha (xungipao) tipdagi artilleriyadan foydalangan holda iyezuit Adam Shal fon Bell yordam berdi. Bu urushda Nurhaci qattiq jarohat olib maʼdanli buloqlar yordamida davolanish uchun qaytib ketadi. Qal’a hujumidagi magʻlubiyatlaridan alamzada boʻlgan manjurlar Szyuxuadao orolini bosib olishadi va Xitoyga qarashli Bohay koʻrfazi flotining asosiy kuchi hisoblangan ikki mingta kema va oziq-ovqat omborlarini yoqib yuborishadi.

Xitoy bilan urushlar qilish davomida Nurhaci hali unga boʻysunmagan chjurchjen qabilalarini boʻysundirishni ham davom ettirardi. 1619—1625-yillarda Nurhaci va uning oʻgʻli Xuantayszi (Abaxay) toʻrt marotaba muvaffaqqiyatli yurishni amalga oshirdilar. 1626-yil sentabrda Nurhaci vafot etdi. Baʼzi tadqiqotchilar Nurhacining oʻlimiga fevral oyida Ningyuanyu jangida olgan ogʻir jarohati va magʻlubiyatdan olgan ruhiy zarbasi sabab boʻlgan deb hisoblaydilar. Oʻlimidan oldin u taxt vorisini tayinlamaydi. Uning yaqinlari sakkizinchi oʻgʻli — Xuantaytsi (Abaxay)ni taxt vorisi etib tayinlaydilar.

Oilasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • bobosi: Giochangi (覺昌安)
  • otasi: Taksi (塔克世)
  • onasi: Syuan, Hitara sulolasidan nikohsiz olingan (喜塔拉氏)
  • qorindosh ukasi: Surxatsi (蘇爾哈吉)
  • xotinlari:
  1. Syaosigao imperator xonim (孝慈高皇后), asl ismi Mongo, Yexenara sulolasidan Yanginuning qizi
  2. Yuan, asl ismi Xaxanaszyasin, Tunszya sulolasidan
  3. Szi, asl ismi Gunday, Fusa sulolasidan
  4. Syaoleu imperator xonim (孝烈武皇后), asl ismi Abaxay, Ulanara sulolasidan Mantayning qizi
  • oʻgʻillari:
  1. Suen (褚英) (1580—1615), taxt vorisi, uch nafar oʻgʻli boʻlgan
  2. Daysan (代善) (1583-yil 19-avgust — 1648-yil 25-noyabr), shahzoda Li (1636—1648), sakkiz nafar oʻgʻli boʻlgan
  3. Abay (阿拜)(1585-yil 8-sentabr — 1648-yil 14-mart), yetti nafar oʻgʻli boʻlgan
  4. Tangulday (湯古代) (1585-yil 24-dekabr — 1640-yil 3-noyabr), ikki nafar oʻgʻli boʻlgan
  5. Mangultay (莽古爾泰) (1587 — 1632-yil 11-yanvar)
  6. Tabay (塔拜) (1589-yil 2-aprel — 1639-yil 6-sentabr), sakkiz nafar oʻgʻli boʻlgan
  7. Abatay (阿巴泰) (1589-yil 27-iyul — 1646-yil 10-may), shahzoda Raoyu (1644—1646), besh nafar oʻgʻli boʻlgan
  8. Abaxay (皇太極) (1592-yil 28-noyabr — 1643-yil 21-sebtabr), xon, keyinchalik Sin imperiyasi imperatori (1626—1643). 11 nafar oʻgʻli 14 nafar qizi boʻlgan
  9. Babutay (巴布泰) (1592-yil 13-dekabr — 1655-yil 27-fevral), uch nafar oʻgʻli boʻlgan
  10. Degeley (德格類) (1592-yil 16-dekabr — 1635-yil 11-noyabr), beyle, uch nafar oʻgʻli boʻlgan
  11. Babuxay (巴布海) (1596-yil 15-yanvar —1643),
  12. Ajige (阿濟格) (1605-yil 28-avgust — 1651-yil 28-noyabr), shahzoda In (1644—1651), 12 nafar oʻgʻli boʻlgan
  13. Laimbu (賴慕布) (1611-yil 26-yanvar — 1646-yil 23-iyun), shahzoda Fu, bir nafar oʻgʻli boʻlgan
  14. Dorgon (多爾袞) (1612-yil 17-noyabr — 1650-yil 31-dekabr), Sin imperiyasi regenti (1643—1650)
  15. Dodo (多鐸) (1614-yil 2-aprel — 1649-yil 29-aprel), shahzoda Yu (1636—1649), sakkiz nafar oʻgʻli boʻlgan
  16. Fiyangu (費揚果) (1620-yil noyabr — ?), toʻrt nafar oʻgʻli boʻlgan.

Shajarasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Mangu Temur (Mentemu) (猛哥帖木耳) (1370—1433)
    1. Chuyan (Agu) (1433-yil oʻldirilgan)
    2. Chunshan (充善) (1433—1467), Mangu Temurning ikkinchi oʻgʻli
      1. Tolo (Szyanchjoulik chjurchjenlarning yoʻlboshchisi) (妥罗) (1467—1481)
      2. Toymo (妥义谟)
      3. Sibaosibyanchu (锡宝齐篇古) (1481—1522)
        1. Fuman (福滿) (1522—1542)
          1. Deshiku (德世庫)
          2. Lyuchan (劉闡)
          3. Sochanya (索長阿)
          4. Baolanʼa (包朗阿)
          5. Baoshi (寶實)
          6. Giochangi (覺昌安) (1542—1582)
            1. Lidun-Baturu ((禮敦巴圖魯)
            2. Ergun (額爾袞)
            3. Szekan (界堪)
            4. Tachabyangu (塔察篇古)
            5. Taksi (塔克世) (1582-yil oʻldirilgan)
              1. Nurhaci (努爾哈赤) (1559—1626)
              2. Murhaci (穆爾哈齊) (1561—1620)
              3. Surhaci (舒爾哈齊) (1564—1611)
              4. Yarhaci (雅爾哈齊) (1565—1589)
              5. Bayala (巴雅喇) (1582—1624)

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Кузнецов В. С. Нурхаци. — Новосибирск, 1985.
  2. Geoffrey Parker. Global Crisis: War, Climate and Catastrophe in the Seventeenth Century, illustrated, Yale University Press, 2013. ISBN 0300189192. 
  3. Kenneth M. Swope. The Military Collapse of China's Ming Dynasty, 1618-44, illustrated, Routledge, 2014 — 16 bet. ISBN 1134462093. 
  4. Victor H. Mair, Sanping Chen, Frances Wood. Chinese Lives: The People Who Made a Civilization, illustrated, Thames & Hudson, 2013. ISBN 0500771472. 
  5. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil