Navoiy kon-metallurgiya kombinati
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
| Qisqartma | NKMK |
|---|---|
| Turi | kombinat |
| Sanoat | tog'-kon metallurgiya sanoati, qazib olish |
| Maqomi | amalda |
| Ishga tushgan sanasi | 1958 |
| Joylashuvi | Navoiy viloyati |
| Hududiy xizmati |
|
| Bosh direktor | Quvondiq Sanaqulov |
| IITKIga harajatlar |
|
| Vebsayti | ngmk.uz |
Navoiy kon-metallurgiya kombinati AJ ("NKMK" AJ) - 1958-yilda tashkil topgan. Kombinatda oltin, kumush, qurilish materiallari, marmar mahsulotlari qazib olinadi. Bundan tashqari mashinasozlik texnika ishlab chiqariladi. Qidiruv-razvedka ishlari, maʼdanni qazib olish va uni qayta ishlashdan boshlab sof (999,9) oltin olishgacha boʻlgan tugallangan jarayonni amalga oshiruvchi sanoat korxonasi hisoblanadi.
Faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kombinat tarkibida respublikaning 5 ta viloyatida joylashgan 5 ta kon boshqarmasi va ular negizida qurilgan Navoiy, Uchquduq, Zarafshon, Nurobod, Muruntov konidan oltin rudalari qazib olish shaharlari hamda boshqa sanoat, madaniy-maishiy obʼyektlar bor.
Shimoliy kon boshqarmasi (Uchquduq shahri) 1958-yilda tashkil etilgan. Korxonaning asosiy faoliyati Uchquduq koni negizida uran maʼdanini ochiq va yer osti usullarida, shuningdek, yer ostida tanlab eritmaga oʻtkazish usuli orqali qazib olish va qayta ishlashdan iborat. „Kokpatas“ konining tarkibida oltin mavjud boʻlgan maʼdanlarni qazib olish va boyitish ishlari ham korxona faoliyat yoʻnalishiga kiradi.
Markaziy kon boshqarmasi (Zarafshon shahri) — Muruntov noyob oltin konini oʻzlashtirish uchun 1964-yilda barpo etilgan. 1967-yilning mart oyidan boshlab ochiq usulda kon ishlarini olib boradi.
Janubiy kon boshqarmasi (Nurobod shahri) — Sobirsoy uran konini oʻzlashtirish maqsadida 1964-yil yanvar oyida tashkil etilgan. Faoliyati uran qazib olish, Zarmitan va Marjonbuloq konlaridagi tarkibida oltin boʻlgan maʼdanlarni qazib olish, marmar qazib olish hamda undan silliqlangan va pardozlash taxtachalarini ishlab chiqarish, shuningdek, turli diametrdagi polivinilxlorid va polietilen quvurlar ishlab chiqarishni oʻz ichiga oladi.
5-kon boshqarmasi (Zafarobod shahri) — Buxoro viloyati hududida joylashgan. 1971-yil fevral oyida Bukinoy uran konlar guruhini sanoat usulida oʻzlashtirish maqsadida Leninobod kon-kimyo kombinatining boʻlinmasi sifatida tashkil etilgan. 1993-yilda Navoiy kon-metallurgiya kombinati tarkibiga uning tarkibiy boʻlinmasi sifatida kirgan. Faoliyati uranni yer ostida tanlab eritmaga oʻtkazish usuli orqali qazib olishdan iborat.
2-kon boshqarmasi (Krasnogorsk shaharchasi) — Toshkent viloyatining Parkent tumani hududida joylashgan. 1954-yilda Chovli uran konini oʻzlashtirish maqsadida kon qazib olish korxonasi sifatida tashkil etilgan. 1995-yildan boshlab Navoiy kon-metallurgiya kombinati tarkibida faoliyat yuritadi. Faoliyati pardozlovchi gabbro toshini sanoat usulida qazib olish hamda fosforit xomashyosini qayta ishlashdan iborat.
„Navoiy mashinasozlik zavodi“ ishlab chiqarish birlashmasi — 1963-yilning oktabrda kombinat boʻlinmalarining ish faoliyatini taʼminlash uchun taʼmirlash bazasi sifatida tashkil etilgan. Zargarlik zavodi (Zarafshon shahri) — 1992-yilda Oʻzbekiston va Amerika ishtirokidagi qoʻshma korxona sifatida tashkil etilgan. 1996-yildan boshlab kombinat tarkibidagi boʻlinma sifatida faoliyat yuritadi. Faoliyati zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan. „Agama“ davlat trikotaj firmasi — 1990-yilda xalq isteʼmoli mollarini ishlab chiqarish va ularni sotish boʻyicha qoʻshma korxona sifatida tashkil etilgan. 1997-yildan boshlab ustki trikotaj buyumlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Navoiy kon-metallurgiya kombinatining shoʻba korxonasi hisoblanadi. Zarafshon qurilish boshqarmasi — 1967-yilda tashkil etilgan. Tarkibiga 7-qurilish-montaj boshqarmasi, temir-beton buyumlari zavodi, mexanizatsiyalashtirilgan ishlar boshqarmasi hamda ishlab chiqarish-texnologik va butlash boshqarmalari kiradi. Korxona sanoat va fuqarolik qurilishini amalga oshiradi, shuningdek, avtomobil va temir yoʻllar qurilishi bilan shugʻullanadi.Qizilqum fosforit majmuasi — maʼdan qazib olish va fosforit unini ishlab chiqarish boʻyicha korxonaning birinchi navbati 1998-yilda ishga tushirilgan. 2001-yil avgust oyidan boshlab kuydirilgan fosforit konsentratini ishlab chiqaradi va uni Samarqand kimyo zavodi hamda Olmaliqdagi «Ammofos» aksiyadorlik jamiyatiga yetkazib beradi.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng mamlakatda oltin va uran qazib olish sanoatining rivojlanishida yangi tarixiy bosqich boshlandi. Ushbu davr mobaynida Navoiy kon-metallurgiya kombinatida Uchquduqda oltin ajratib olish majmuasi, 3-gidrometallurgiya zavodi hamda Koʻkpatos va Dovgostov oltin konlarining qurilishi yakunlandi va ular ishga tushirildi. Shuningdek, «Zarafshon–Newmont» qoʻshma korxonasi tashkil etildi hamda emulsiyali portlovchi moddalar ishlab chiqaruvchi zavod qurildi.
Kombinatda ishlab chiqarilgan oltin yombilar. Tarkibida oltin mavjud boʻlgan maʼdanlarni qazib olish va qayta ishlash boʻyicha Navoiy KMK koʻp yillar mobaynida yuqori texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlar bilan barqaror ishlab kelmoqda. Mamlakat mustaqilligi yillarida oltin ishlab chiqarish 1,5 baravar koʻpaydi. Ishlab turgan korxonalarni texnik qayta jihozlash, yangi navbatlarni qurish, shuningdek, oltin ishlab chiqarish samaradorligini sezilarli darajada oshirish imkonini beruvchi eng yangi ilmiy-texnik tadqiqotlar joriy etildi.
Kombinat Oʻzbekistondagi yirik ilmiy markazlar va muassasalar, oʻquv yurtlari, jahondagi konchilik va rangli metallurgiya sanoatidagi eng yirik kompaniyalar bilan hamkorlik qiladi. Mashhur firmalar bilan uzoq muddatli mustahkam aloqalar oʻrnatgan. Navoiy KMK „Doʻstlik“ ordeni bilan mukofotlangan (2000-yil). Kombinat direktori Nikolay Kucherskiy, ekskavator mashinisti Anatoliy Panin, Quvondiq Sanaqulovga „Oʻzbekiston Qahramoni“ unvoni berilgan, koʻpgina xodimlar mehnatdagi yutuqlari uchun Oʻzbekiston Respublikasining orden va medallari bilan mukofotlangan.[1][2]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Official site (Wayback Machine saytida 2024-05-06 sanasida arxivlangan)
- http://www.wise-uranium.org - World Information Service on Energy
| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |