Namangan viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Namangan viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi1918-yil 19- apreldagi Turkiston respublikasi xalq komissarlari sovetining dekretiga asosan Namangan shahar xalq ta'limi bo‘limi tasarrufidagi 7 yillik 1-rus o‘rta maktabi binosidan ikkita xona ajratilib fizika muzey-kabineti sifatida ishga tushirildi[1]. 1920-yil 20-avgustdagi Turkiston oqsoqollari Kengashi qaroriga asosan muzey faoliyatini yanada kengaytirish maqsadida Namangan shahrining markazidagi savdogar Hamdam Qalandarov do‘koni binosi muzey uchun ajratib berildi

[2]. 1922-yilga kelib muzey eksponatlari soni 2000 taga yetdi. Tarixiy asori-atiqalarni to‘plashda shahar aholisi qo‘ldan kelgancha o‘z yordamini ko‘rsatdi. 1923-yilga kelib muzeyda Zoologiya, Minerologiya, Anatomiya, Numizmatika, O‘quv qurollari bo‘limlari faoliyat yuritgan. Muzeyning yangi eksponatlar bilan boyitishda rahbarlardan 1920-1927-yillarda V.I.Ivanov, 1927-1937 yillarda Inomjon Nizambaev xizmatlari katta. Ilk tashkil etilgan davrda Namangan shahar o‘lkashunoslik muzeyi, 1934-yildan keyin tumanlararo, 1938-yildan boshlab esa M.I.Ben-Gerariy[3] nomidagi Namangan viloyat o‘lkashunoslik muzeyi deb atala boshlandi. M.I.Ben-Gerariy nomidagi Namangan viloyat o‘lkashunoslik muzeyi 1920-yildan 1930-yilgacha bo‘lgan davrda ekspozitsion zallarini muntazam ravishda to‘ldirib bordi. Bu davrda muzeyda to‘qqizta: Zoologiya bo‘limi, Qishloq xo‘jaligi bo‘limi, Paxtachilik, ipakchilik bo‘limlari, Agronomiya va zararkunandalarga qarshi kurash bo‘limi, Inqilob bo‘limi, Suratlar galereyasi, haykaltaroshlik va gravyura namunalari, Tarixiy arxeologik bo‘lim, Hunarmandchilik bo‘limlari mavjud edi. 1938-yilda muzey ko‘rgazma zallarini qayta jihozlash maqsadida vaqtinchalik yopildi. 1939-yilda tabiat, tarix, sotsializm qurilishi bo‘limlari tashkil etilib, jihozlash ishlari tugagach, yana o‘z ishini davom ettirdi. 1940-yilga kelib esa eksponatlar soni 10000 tani tashkil etdi. Unda o‘lkamiz tabiati, tarixiy yodgorliklari, me'morchilik, amaliy san'at, tibbiyot, madaniy hayotini aks ettiruvchi eksponatlar jamlandi. 1941-yil 2-jahon urushi bo‘layotganligi sababli 1943 yilga qadar muzey o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi. 1943-yil 8-sentyabrda O‘zbekiston Oliy sovetining Namangan viloyatini tashkil etish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitasi tomonidan Namangan viloyat o‘lkashunoslik muzeyini qayta ochish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. 1945-yildan viloyat o‘lkani o‘rganish muzeyi 4 ta bo‘limga ega bo‘lgan holda qaytadan ish boshladi. 1970-yildan boshlab muzey ilmiy xodimlari etnografik ma'lumotlar hamda eksponatlar yig‘ish ishlarini kengaytirishdi. Natijada juda ko‘plab Namangan viloyatida rahbarlik qilgan va frontda qahramonlik ko‘rsatgan insonlar to‘g‘risida ma'lumotlar jamlandi. 1971-1976 va 1978-1979-yillarda muzeyga rahbarlik qilgan Ikromjon Akbarov direktorligi davrida muzeyning oldingi yillar davomida erishilgan yutuqlari inobatga olinib, 1976-yilda Ikkinchi toifali muzeylar qatoridan joy oldi[4]. 1979-1986-yillarda muzeyda direktorlik qilgan Xamidxon Dadaboev davrida muzey uchun yangi moslashtirilgan bino qurish masalasi kun tartibiga qo‘yiladi. 1986 yilda qurilish ishlari boshlandi, 1987 yil yakunida bino qurib bitkazildi[5]. Bino 3 qavatli bo‘lib, umumiy maydoni 53201 kvadrat metrdan iborat, 1700 kvadrat metr ekspozitsion maydon, 520 kvadrat metr fond xonalari maydonini tashkil etadi. 1987-yilda O‘ktamjon Rustamov direktorligi davrida yangi binoga ko‘chib o‘tildi. 1988-yil 22-aprelda Namangan shahrining Nodim Namongoniy ko‘chasida qad rostlagan yangi binoni ochilish marosimi o‘tkazildi. Xodimlarning jonbozliklari va samarali mehnatlari natijasida muzey 1998-yilda Birinchi toifali muzeylar qatoriga kirdi. Shu yili uning direktori Saidaxon Muhammadieva boshchiligida 2-qavatda tabiat bo‘limini jihozlash ishlari boshlandi. Viloyat rassomlar uyushmasining To‘ra Ashurov boshchiligidagi musavvirlar guruhi viloyat tabiatini ochib berish uchun ajratilgan ko‘rgazma zallarini o‘zgacha ko‘rinishda bezadilar. Keyingi yillarda tabiat bo‘limini viloyatimizning tabiati, o‘simlik va hayvonot dunyosi namunalari va turli mavzularga oid diorammalar, vitrinalar bilan jihozlash ishlarini olib borishda Erkin Qoraboev rahbarligida faoliyat yuritgan ilmiy xodimlarni xizmatlari beqiyosdir. Ibrohimjon Yunusovich Yusupov 2004-yil avgustidan Namangan viloyat o‘lkani o‘rganish muzeyiga direktor bo‘lib tayinlandi. Shu kundan boshlab muzeyning ilmiy salohiyatida tubdan o‘zgarishlar yasaldi, muzey taraqqiyotida rivojlanish bosqichiga ko‘tarildi. Jumladan, 2004-2008 yillarda 3 qavatda tarix, etnografiya, Namangan viloyati sporti, mustaqillik yillarida Namangan, Namangan adabiy muhiti ko‘rgazma zallari zamon talabi asosida rejali tematik-ekspozitsion reja asosida jihozlandi.

Bu ishlarni amalga oshirishda shu yillarda tarix fanlari nomzodi, dotsent Erkin Mirzaalievlar, Latifa Ahmadalieva, tarixchi mutaxassis Erkin Qoraboev, Nigora Mo‘minova jonbozlik ko‘rsatdilar. 2004 yildan boshlab ilmiy salohiyatga e'tibor kuchayganligi muzey xodimlari tomonidan yozilib, Namangan, Farg‘ona va Toshkent bosmaxonalarida uch ming nusxada chop etilib, keng xalq ommasiga taqdim etilgan “Tarix ma'naviyat ko‘zgusi”, “Namangan viloyati me'moriy obidalari sirlari”, “Axsikent”, “Namangan viloyati o‘lkani o‘rganish muzeyi: kecha va bugun”, “Namangan shahar tarixidan lavhalar” nomli risolalari hamda muzey ishi faoliyati aks etgan uslubiy ko‘rsatmalarda ko‘rish mumkin. Namangan viloyat hokimining 2012-yil 15-iyundagi 220-sonli qarori asosida Kosonsoy tumani tarixi muzeyi (1980-1995 yillarda Tarixiy, mehnat va jangovar shon-shuhrat muzeyi, 1996-2012 yillarda Kosonsoy tuman “Xalq” muzeyi, 2012-2017 yillarda Kosonsoy tumani o‘lkashunoslik muzeyi nomlari bilan yuritilgan) Namangan viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyiga filial sifatida biriktirildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-dekabrdagi 975-sonli qaroriga asosan Namangan muzeyi “Namangan viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi” nomiga o‘zgartirildi Bugungi kunda Namangan viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyida tarix, tabiat, adabiyot, san'at, xazina, xotira va qadrlash, ma'naviyat bo‘limlari faoliyat yuritmoqda. 2-3 qavat ko‘rgazma zallari bo‘lib, unda Namangan viloyati tarixi, tabiati, adabiyoti, san'atini aks ettiruvchi eksponatlar asosida ekspozitsiyalar tashkil etilgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Мирзаалиев Э. Наманган вилоят ўлкани ўрганиш музейи : кеча ва бугун. – Фарғона. Фарғона нашриёти, 2010. – Б. 10.
  2. Каримов И. И. Музей тарихига бир назар // Маданият.– Тошкент, 2019 йил, 12 сентябрь.– №37
  3. Михаил Исаевич Бен-Герарий 1892 йилда Дербентда (Доғистон) Яшайге Равиннович оиласида туғилади. Полшада ўқиб юртига қайтиб 1915-1922 йиллар оралиғида ўқитувчилик билан шуғилланади. Шу билан бирга шеърлар ва шеърий драмалар ёзади. Доғистонда янги театр ташкил этиб бошқа тиллардан таржима қилинган спектакллар намойиш этади. Бен-Герарий яхудийларнинг биринчи нашр этилган Кадима (Олдинга) ва Шаҳарит (Тонг) газеталарида муҳаррирлик қилади. 1927 йилда янги мактаблар учун “Тоғ гули” номли дарслик нашр этади.
  4. Мирзаалиев Э. Наманган вилоят ўлкани ўрганиш музейи : кеча ва бугун. – Фарғона. Фарғона нашриёти, 2010. – Б. 18.
  5. Мирзаалиев Э. Наманган вилоят ўлкани ўрганиш музейи : кеча ва бугун. – Фарғона. Фарғона нашриёти, 2010. – Б. 22.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]