Kontent qismiga oʻtish

Mungli koʻzlar

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Mungli koʻzlar
Muallif(lar) Xudoyberdi Toʻxtaboyev
Til oʻzbekcha
Janr(lar)i roman
Nashriyot „Yosh gvardiya“ (1-nashr)
„Kamalak“ (2-nashr)
Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi 1988 (1-nashr)
1991 (2-nashr)
Sahifalar soni 285 (1-nashr)
288 (2-nashr)
ISBN ISBN 5-683-00140-0 (1-nashr)
ISBN 5-633-00695-X(2-nashr)

"Mungli koʻzlar" – oʻzbek yozuvchisi Xudoyberdi Toʻxtaboyev qalamiga mansub roman. Ilk bor 1988-yil Toshkent shahrida „Yosh gvardiya“ nashriyotida chop etilgan[1]. 1991-yil „Kamalak“ nashriyotida qayta nashr etilgan[2]. 2021-yil „Global Books“ nashriyotida 368 betlik yumshoq muqovada 3000 nusxada chop etilgan. Soʻnggi marta 2023-yil „Yoshlar Matbuoti“ nashriyotida 303 betlik yumshoq muqovada 2000 nusxada chop etilgan. Romanda mol-dunyoga berilgan ota-ona va ularning farzandlarining fojiali qismati haqida soʻz yuritiladi.

Romanda oʻziga toʻq Karimovlar oilasi haqida hikoya qilinadi. Oila birdan muammolar ichida qoladi: ota pora bilan qoʻlga tushadi, noqonuniy savdo bilan shugʻullanuvchi tillafurush onaning jinoyatlari fosh boʻla boshlaydi. Natijada Zafar va uning nogiron akasi Akbar, ukasi Zufar, singlisi Nigora otadan, onadan, oilaviy doʻstlardan, molu-dunyolaridan, huzur-halovatlaridan ayrilishadi. Bu bolalarga qattiq zarba boʻladi. Natijada Akbar oʻzini yoqib yuboradi. Ota oʻz jinoyatini yengillatish uchun farzandi Zufarga atalgan mashinadan voz kechishiga toʻgʻri keladi. Lekin, „Sovgʻa qilingan“ „Volga“ mashinasi ishni yengillatishda yordam bermaydi: ota 11 yil qamoq jazosiga hukm etiladi. Afsuski, yuragi kasal ona sudigacha yashamaydi. Sudigacha vaqtinchalik qamoqda boʻlgan payti shuncha gʻalvalarni koʻtara olmagan yuragi toʻxtaydi. Oʻziga atalgan „Volga“dan ayrilgan alamzada Zufar, mashina otasining ishini yengillatishga yordam bermaganini koʻrib, mashinani yangi egasidan ogʻirlaydi. Natijada mashinani olib qochayotgan Zufar qoʻshni viloyat hududida avto halokatda vafot etadi. Avto halokatning sababchisi – „Volga“ga urilgan pritsepli traktor: yoʻlni kesib chiqqan, va natijada, „33-33 KShA“ nomerli „Volga“ mashinasi va ichidagi haydovchi vayron boʻlgan.

  • Zafar – bosh qahramon. Karimovlar oilasining farzandi.
  • Akbar – Zafarning nogiron akasi.
  • Nigora – Zafar va Akbarning singlisi.
  • Zufar – Zafar va Akbarning ukasi, Nigoraning akasi.
  • Ataullo Isayevich – Akbarga muallimlik qilgan oʻqituvchi. Erta yetim qolgan.
  • Yoqutxon Karimova – Zafarning, aka-ukalaring oyisi. Kasbi hojatbarorlik, lekin Akbar oʻgʻli oʻz oyisini chayqovchi deb taʼriflaydi.
  • Saidjon Karimov – Karimovlar oilasining boshi. Zafarning taʼbiri bilan aytganda: „Bazaning bosh omborchisi“. Yoqutxonning turmush oʻrtogʻi, Zafar, Zufar, Akbar, Nigoralarning otasi.
  • Lutfixon – Karimovlar oilasida xizmatkor.
  • Bozorvoy – Karimovlar oilasining yaqin qarindoshi, Lutfixonning turmush oʻrtogʻi.

Asarning birinchi nashri 1988-yil Toshkent shahrida „Yosh gvardiya“ nashriyotida chop etilgan. 1991-yil „Kamalak“ nashriyotida qayta nashr etilgan. Ikkinchi nashr oxirida Abdugʻafur Rasulovning roman haqidagi maqolasi keltirilgan. Ikkinchi nashrni tayyorlashda quyidagi shaxslar ishtirok etgan: S. Saydaliyeva – muharrir, V. Valiyev – rassom, H. Rahmatullayev – rasmlar muharriri, J. Nadirova – texnik muharrir, M. Nabiyeva, Sh. Valiyeva – musahhihlar. Kitob adadi – 60 000 nusxa. 2021-yil „Global Books“ nashriyotida 368 betlik yumshoq muqovada 3000 nusxada chop etilgan. Soʻnggi marta 2023-yil „Yoshlar Matbuoti“ nashriyotida 303 betlik yumshoq muqovada 2000 nusxada chop etilgan.

  1. „Mungli koʻzlar“ (ruscha). Rossiya davlat kutubxonasi. Qaraldi: 2016-yil 16-sentyabr.
  2. „Mungli koʻzlar“ (ruscha). Rossiya davlat kutubxonasi. Qaraldi: 2016-yil 16-sentyabr.