Molxona (novella)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Molxona
Animal Farm (uzbek edition).jpg
Asl nomi Animal Farm: A Fairy Story
Muallif Jorj Oruell
Janr Novella
Mamlakat Birlashgan Qirollik
Til inglizcha
Tarjimon Karim Bahriyev
Nashriyot "Secker and Warburg"
Nashr etilgan sanasi 1945-yil
Oʻzbek tilida nashr etilgan 2021-yil ("NIHOL" nashriyoti)
Sahifalar soni

112 bet (Original nashr)

100 bet (O'zbekcha nashr)
Bosh muharrirlar M.A. Nurmuhamedova
ISBN 978-9943-23-149-8 (O'zbekcha nashr)

Molxona – bu 1945-yil 17-avgustda Jorj Oruell tomonidan yozilgan rivoyat-qissadir. Asarda bir guruh ferma hayvonlarining oʻz inson xoʻjayinlariga qarshi qoʻzgʻalib, natijada erkin, teng va baxtli jamiyat qurishga umid qilishlari hikoya qilinadi. Asar voqealari "Qoʻrgʻoncha" nomli fermada boʻlib oʻtadi. Oxir-oqibat hayvonlar inqilobga erishib mustaqil jamiyat qurishni niyat qilishadi. Ammo Napoleon deb atalmish choʻchqa diktaturasi ostida oldingidan ham ayanchli hayot kechira boshlaydi.[1][2]

Oruellning oʻzi taʼkidlashicha, mazkur asar 1917-yilgi Rus inqilobi va undan keyingi SSSRdagi Stalin davri hodisalariga nisbatan oʻxshatishdir.[3] Asardagi hayvonlar ma'lum tarixiy shaxslar ramzi sifatida namoyon boʻladi. Shuningdek, asardagi Napoleon, Snouboll, Qichqiroq kabi qahramonlar hukmron tabaqa illatlarini, Boksyor, Klover, Benjamin, Molli kabi laqabli hayvonlar esa ishchi tabaqa vakillari hayotini aks ettirish uchun xizmat qilgan.

Asar haqida

“Molxona” mashhur ingliz yozuvchisi Jorj Oruell tomonidan 1945-yilda chop etilgan masal janridagi satirik asar. Asar fermadagi hayvonlarning xoʻjayinlarini haydab, hayvonlar diktaturasini oʻrnatishi haqida. Bunda Oruell inqilobiy prinsiplar evolyutsiyasini, yaʼni sekin-asta tenglik va birodarlik gʻoyalaridan utopiya va diktatura sari qadamini mohirona ochib bergan. Mashhur fransuz inqilobchisi Dantonning “Inqilob oʻz farzandlarini Saturn xudosi kabi yeb bitiradi” degan iborasi ham asara oʻz aksini topgan. “Molxona” Rossiyada boʻlib oʻtgan 1917-yilgi inqilobga va SSSRdagi tuzumga nisbatan allegoriya shaklida yozilgan. Oruell bu asarini 1943-yil noyabr oyidan 1944-yil fevraligacha yozib tugatgan.

Fleshbek

Men bu asarni birinchi martta bundan uch yil oldin oʻqib chiqqan edim. Oldin u haqda eshitgan boʻlsam-da, Oruellning “1984”dan kuchliroq asari yoʻq deb oʻylardim. Oʻsha paytlar har kuni kechki payt 10 kilometr masofaga yugurish va yurish bilan shugʻullanardim. Qulogʻimda esa naushnikda audiokitoblar eshitardim. Aytilgan masofaga yugurib, qaytishda yurib kelardim. Bu asarni ham audiokitob shaklida eshitganman. Asar meni shu darajada oʻziga qiziqtirgandiki, menga har kuni shu ish bilan shugʻullanishga motivatsiya berardi. Xuddi boʻlib-boʻlib serial koʻrayotganday, har kuni yugurishga chiqqandagina eshitar edim, va bugungi “seriya”sida nima boʻlar ekan degan qiziqish baʼzida paydo boʻladigan dangasalikni yengib oʻtib, yana yugurishga chiqishga majbur qilar edi.

Syujet

Janob Jons Angliyaning Uillingdon shaharchasi yaqinidagi Manor fermasiga egalik qiladi. Bu fermada bir kuni tunda qari choʻchqa Mayor bu yerda yashaydigan barcha hayvonlarni katta omborga toʻplaydi. Mayorning soʻzlariga koʻra, barcha hayvonlar qullikda va qashshoqlikda yashaydi, chunki insonlar hayvonlarning mehnat mahsulini olib qoʻyadi, evaziga esa ularga juda yomon munosabatda boʻladi. U hayvonlarni isyonga chaqiradi: siz odamdan qutulishingiz kerak, shunda hayvonlar darhol erkin va boy boʻladi, deb “Angliya hayvonlari” nomli eski qoʻshiqni kuylaydi. Hayvonlar joʻr boʻladi.

Qoʻzgʻolonga tayyorgarlikni eng aqlli hayvonlar deb hisoblangan choʻchqalar oʻz zimmasiga oladi. Ular orasida Napoleon, Snoubol va Baqiroq deganlari bor edi. Ular Mayor taʼlimotini animalizm deb atalgan falsafiy tizimga aylantiradi hamda yashirin yigʻilishlarda boshqa hayvonlarga uning asosini tushuntiradi. Taʼlimotning eng sodiq oʻquvchilari Bokschi va Klover ismli otlar edi. Qoʻzgʻolon kutilganidan ancha oldin sodir boʻladi, chunki Jons piyonista edi va uning ishchilari fermani butunlay tashlab, chorvani boqishni toʻxtatgandi. Hayvonlarning sabr-toqati tugaydi, ular xoʻjayinlariga tashlanib, ularni haydab chiqaradi.

Endi ferma hayvonlarga tegishli. Ular egasini eslatadigan hamma narsani yoʻq qiladi; uning uyi muzey sifatida qoladi, ammo ularning hech biri bu yerda yashamasligi kerak. Mulkka yangi nom beriladi – Hayvonlar fermasi.

Animalizm tamoyillari yetti moddaga qisqartirilib, ombor devoriga yoziladi. Bundan buyon hamma jonivorlar “Hayvonlar fermasi”da shu qoidalar asosida yashashga majbur:

Ikki oyoqlilar – dushman;

Toʻrt oyoqlilar va qanotlilar – doʻstlar;

Hayvonlar kiyim kiymasligi kerak;

Hayvonlar toʻshakda uxlamasligi kerak;

Hayvonlar spirtli ichimliklarni isteʼmol qilmasligi kerak;

Hayvonlar boshqa hayvonlarni oʻldirmasligi kerak;

Barcha hayvonlar tengdir.

Barcha moddalarni eslab qola olmaydiganlar uchun Snoubol ularni bitta jumlaga qisqartiradi: “Toʻrt oyoqli yaxshi, ikki oyoqli yomon”.

Jonivorlar baxtli edi, garchi ular ertalabdan tushgacha ishlasa-da. Bokschi uch kishining ishini qiladi. Uning shiori – “Men bundan ham koʻproq harakat qilaman”. Yakshanba kunlari umumiy yigʻilishlar oʻtkaziladi; qarorlarni doim choʻchqalar taklif qiladi, qolganlar ovoz beradi. Keyin hamma “Angliya hayvonlari” madhiyasini kuylaydi. Choʻchqalar ishlamaydi, boshqa hayvonlarni boshqaradi.

Jons va uning ishchilari Hayvonlar fermasiga hujum qiladi, lekin jonovirlar oʻzlarini himoya qiladi va odamlar vahima ichida chekinadi. Gʻalaba hayvonlarni hayratga soladi. Ular bu voqeani Molxona jangi deb ataydi, birinchi, ikkinchi darajali “Hayvonlar qahramoni” ordenini taʼsis etadi, u bilan Snoubol va Bokschi taqdirlanadi.

Snoubol va Napoleon uchrashuvlarda doimo bahslashadi, ayniqsa shamol tegirmonini qurish masalasida. Gʻoya Snoubolga tegishli, uning oʻzi oʻlchovlar, hisoblar va chizmalar bilan shugʻullanadi: generatorni shamol tegirmoniga ulashni va fermani elektr energiyasi bilan taʼminlashni xohlaydi. Napoleon boshidan eʼtiroz bildiradi. Snoubol hayvonlarni yigʻilishda Napoleonga qarshi ovoz berishga ishontirgan paytda toʻqqizta dahshatli it omborxonaga kirib, Snoubolga tashlanadi. U zoʻrgʻa qochadi; shu bilan uni boshqa hech kim koʻrmaydi.

Napoleon har qanday yigʻilishni bekor qiladi. Endi barcha savollarni u boshqaradigan choʻchqalarning maxsus qoʻmitasi hal qiladi; ular alohida yigʻiladi, keyin oʻz qarorlarini eʼlon qiladi. Qoʻrqinchli itlar birov eʼtiroz bildirishiga yoʻl qoʻymaydi. Bokschi: “Agar oʻrtoq Napoleon aytgan boʻlsa, bu toʻgʻri demakdir”, degan umumiy fikrni bildiradi. Shu vaqtdan boshlab uning ikkinchi shiori “Napoleon doim haq” boʻlib qoladi.

Napoleon shamol tegirmonini barpo etish kerakligini eʼlon qiladi. Aniqlanishicha, Napoleon doim bu qurilishni talab qilgan, Snoubol esa shunchaki uning gʻoyasini oʻgʻirlab, hisob-kitoblari va chizmalaridan foydalangan. Napoleon esa unga qarshi ekanligini daʼvo qilishi kerak edi, chunki “xavfli, barchaga yomon taʼsir koʻrsatgan” Snouboldan qutulishning boshqa usuli yoʻq edi. Bir kuni tunda sodir boʻlgan portlash yarim qurilgan shamol tegirmonini vayron qiladi. Napoleonning aytishicha, bu Snoubolning sharmandali surguni uchun qasosidir. U koʻplab jinoyatlarda ayblanadi, unga oʻlim jazosi eʼlon qilinadi. U barchani shamol tegirmonini tezda tiklashga chaqiradi.

Koʻp oʻtmay Napoleon hayvonlarini hovlida yigʻib, itlar hamrohligida paydo boʻladi. U bir marta unga eʼtiroz bildirgan choʻchqalarni, bir nechta qoʻy, tovuq va gʻozlarni Snoubol bilan yashirin aloqasini tan olishga majbur qiladi. Itlar darhol ularni boʻgʻzidan oladi. Shokka tushgan jonivorlar motam ruhida “Angliya hayvonlari”ni kuylashni boshlaydi, ammo Napoleon madhiyani abadiy kuylashni taqiqlaydi. Bundan tashqari, oltinchi moddadani oʻzgartiradi: “Hayvonlar sababsiz boshqa hayvonlarni oʻldirmasliklari kerak”. Endi hammaga ayonki, oʻz ayblarini tan olgan xoinlar qatl qilinishi kerak.

Qoʻshni janob Frederik 15 nafar qurollangan ishchisi bilan Hayvonlar fermasiga hujum qiladi, koʻplab jonivorlarga jarohat yetkazadi, oʻldiradi va yangi qurilgan shamol turbinasini portlatadi. Hayvonlar hujumni qaytaradi, lekin oʻzlari ham holdan toyadi. Ammo Napoleonning tantanali nutqini tinglab, ular Shamol tegirmoni jangida eng katta gʻalabaga erishganiga ishonadi.

Bokschi haddan tashqari koʻp ishlash tufayli oʻladi. Yillar davomida fermadagi isyondan oldingi hayotni eslaydigan hayvonlar kamayib boradi. Hayvonlar fermasi asta-sekin boyib boradi, ammo choʻchqalar va itlardan tashqari hamma och edi; ular somon ustida uxlaydi, ariqdan suv ichadi, kecha-yu kunduz dalada ishlaydi, qishda sovuqdan, yozda jaziramadan azob chekadi. Baqiroq esa hisobot va xulosalar yordamida fermada kundan kunga hayot yaxshilanayotganini gapirib yuradi (Oʻzbekiston televideniyesi kabi). Hayvonlar boshqalarga oʻxshamasligidan gʻururlanadi: axir ular Angliyada hamma teng, erkin va oʻz manfaati uchun ishlaydigan yagona fermaga egalik qiladi.

Bu orada choʻchqalar Jonsning uyiga koʻchib oʻtadi va uning toʻshaklarida uxlay boshlaydi. Napoleon alohida xonada yashaydi va qimmatbaho idishlarda ovqat yeydi. Choʻchqalar odamlar bilan savdo qilishni boshlaydi. Ular oʻzlari pishirgan viski va pivoni ichadi.

Keyingi moddani buzgan holda choʻchqalar uni oʻziga mos keladigan tarzda qayta yozadi. Ombor devorida bittagina buyruq qoladi: “Barcha hayvonlar tengdir, ammo baʼzi hayvonlar boshqalarga qaraganda tengroqdir”. Oxir-oqibat choʻchqalar Jonsning kiyimlarini kiyib, ularni olqishlayotgan qoʻylarning qarsaklari ostida orqa oyoqlarida yurishni boshlaydi: “Toʻrt oyoqli yaxshi, ikki oyoqli yaxshiroq”.

Qoʻshni fermalardan odamlar choʻchqalarni ziyorat qilish uchun keladi. Stolda mehmonlar va choʻchqalar qarta oʻynaydi, pivo ichadi, doʻstlik munosabatlari uchun deyarli bir xil tostlar aytadi. Napoleon ferma bundan buyon choʻchqalarning umumiy mulki ekanini tasdiqlovchi hujjatlarni koʻrsatadi va uni yana Manor fermasi deb nomlaydi. Keyin janjal koʻtariladi, hamma qichqiradi va urishadi, odam qayerda, choʻchqa qayerda, bilib boʻlmay qoladi...

Tahlil

Jorj Oruellning “Molxona”sini oʻqib chiqib, hokimiyatga boʻlgan chanqoqlik, murakkab munosabatlar, yolgʻonga asoslangan ijtimoiy hayotni mohirona satira va sarkazm bilan ochib bera olganining guvohi boʻlishingiz mumkin. Bu narsalar nafaqat odamlarga, balki hayvonlarga ham xos xususiyatlar ekani haqidagi taassurot paydo boʻladi. Ammo bu muallif muammoni oʻquvchilarga iloji boricha aniqroq yetkazish uchun foydalangan juda nozik metafora boʻlib, odamlarga “yaxshi niyat” niqobi ostida kuch va gʻoyaviy manqurtlashtirish orqali fikr va soʻz erkinligini boʻgʻishga qaratilgan jamiyatlarni koʻrsatadi. Ushbu romanda jamiyat asoslari toʻgʻridan toʻgʻri fermer xoʻjaligida yashaydigan hayvonlar hayoti misolida aks ettirilgan. Bu hayvonlardagi insoniy xususiyatlar, qahramonlar ortida aslida kim yashiringan ekanini aniq koʻrsatib beradi.

Syujet juda gʻayrioddiy, u nafaqat asosiy qahramonlar – hayvonlar va chorvachilik hovlisidagi voqealar rivojlanishi bilan, balki muallif tomonidan aks ettirilgan jamiyat muammolarining dolzarbligi bilan ham ajralib turadi. Roman kuchsiz va kuchli, ahmoq va aqlli hokimiyat egalari oʻrtasidagi munosabatlar haqida. Aslida bu muallifning hayoti davomida koʻrgan diktatorlik rejimlarining allegorik namoyishidir.

Odamlar va hayvonlar oʻrtasidagi ichki siyosiy qarama-qarshilik, tenglik tamoyillariga asoslangan yangi ideal jamiyatni shakllantirish bilan tugaydi. Hayvonlar dunyosida tabaqalanish asta-sekin sodir boʻladi, ammo uning boshlanishi choʻchqalarning dastlabki harakatlarida namoyon boʻladi. Napoleonning hokimiyatga kelishi tabiiy ravishda (ferma aholisi uning rahbarligiga oʻrganib qolgani) va kuch orqali (toʻqqiz dahshatli it tomonidan qoʻllab-quvvatlangani) yuz beradi. Aytilayotgan siyosiy shiorlar (“Toʻrt oyoq yaxshi, ikkitasi yomon!”) Napoleonning mavqeini mustahkamlash quroli boʻlgan yolgʻon va propaganda edi. Ombor devorida yozilgan yetti modda doimiy ravishda oʻzgarib turadi va rahbarlar uchun moslashtirilaveradi. Fermada roʻy beradigan hamma narsani Baqiroq teskari tomonga oʻzgartiradi. Hayvonlar ongida, och yashasa-da, osmon musaffoligi, tinch-totuv ekaniga shukrona hissini uygʻotadi. Hikoya odamlar bilan doʻstona munosabatlarni oʻrnatish va choʻchqalarni toʻliq assimilyatsiya qilish bilan tugaydi, ular dastlab oyoqlarda yurishni boshlaydi, soʻngra odam kiyimini kiyadi.

Asosiy qahramonlarning badiiy obrazlari oʻziga xos tarixiy yoki umumlashtirilgan prototiplarga ega. Bokschi nomli mehnatkash ot har kungi mehnat orqali hayotini yaxshilashning yagona yoʻlini koʻradigan ishchi sinfini anglatadi. Fermada vaziyat qanchalik ogʻir boʻlsa, ot shunchalik qattiq ishlaydi. Bokschi safdoshi oʻrtoq Napoleonga ishonadi.

Jamiyatning dissident qatlami – keksa eshak Benjamin. Koʻpincha jim yuradi, lekin vaqti-vaqti bilan hukumatning xatti-harakatlariga hayvonlarning koʻzlarini ochmoqchi boʻladi. Aynan mana shu qahramon “Molxona”da sodir boʻlayotgan voqealarning mohiyatini yaxshi tushunadi: “Ular hech qachon bundan yaxshiroq yoki bundan batarroq yashamagan – ochlik, haddan tashqari ish va aldangan umidlar, demak, bu hayotning oʻzgarmas qonuni”.

Shunday qilib, asta-sekin hayvonlarning siyosiy elitasi inson elitasidan ajralib boʻlmaydigan holga keladi. Va bu yerda jamiyatning oddiy aʼzosi tizimda qanday rol oʻynashi haqida shaffof eslatma mavjud. “Molxona” romani bugungi kunda ham dolzarb boʻlib qolmoqda, chunki shiorlar va “yaxshi niyatlar” oʻzgaradi, vositalar ham, lekin OAV koʻp jihatdan yoʻq narsalarni bor qilib rahbarlarning rejalarini amalga oshirishni davom ettirmoqda (Andijondagi uy berish holatini eslang). Koʻplab rahbar va amaldorlar katta katta vaʼdalarni berib, bajarmay kelmoqda.

Xulosa

Ushbu satirik asar totalitar davlatni yaratilish yoʻlini tasvirlaydi. Muallif shuni koʻrsatadiki, hatto eng yorqin va toʻgʻri gʻoya orqali ham shafqatsiz va dahshatli haqiqatni yaratishingiz mumkin. Jamiyat qanday qilib podaga aylanishi haqida hikoya. Bu har birimizga tegishli. Hamma narsa hammaga ochiq koʻrinadigan darajada sodda tilda tasvirlangan. Ammo kimdir oʻzining qulay joyidan tashqarida nima boʻlayotganini koʻrishni istamasa, ular koʻrmaydi. Hikoya davomida asta-sekin hamma tenglashadi, ammo baʼzilari boshqalarga qaraganda tengroq boʻladi. Boshqalardan tengroq...

Hayvonlarning birgalikdagi saʼy-harakatlari bilan odamni fermadan haydab chiqardi, ular umumiy saʼy-harakat bilan dalada yer haydadi. Hamma teng koʻrilsa-da, choʻchqalar boshidanoq aniq ajratilgan edi, ammo boshqa hayvonlar ahmoq va koʻr boʻlib, hamma teng boʻlib qoldi deb ularning koʻrsatmalariga amal qildi. Koʻp oʻtmay choʻchqalar ularning xoʻjayiniga aylanadi. Qolgan hayvonlar oʻz qoʻli bilan choʻchqalarni taxtga koʻtarib, ularga qamchi berdi. Hammamiz bilamizki, bu asarda aslida hayvonlar haqida emas, odamlar haqida gap ketmoqda, odamlar podasi haqida...

Oruell Sovet Ittifoqini tanqid qilarkan, hayvonlarning rasmlarini haqiqiy shaxslar deb atab, totalitar tuzumni va uning despotik xarakterini tanqid qilsa ham, kitob hokimiyatning buzilgan tabiati va uning insonga taʼsiri kabi kengroq muammolarni namoyish etadi. Tilni omma kayfiyatini boshqarish va manipulyatsiya qilish vositasi sifatida, shuningdek, aralashmaslik va befarqlikni erkin jamiyatni qullikka olib boruvchi asosiy omil sifatida koʻrsatib beradi. “Molxona”ni allegoriya sifatida har xil tushunib oʻqish mumkin, shuning uchun uni ham kattalar, ham bolalar uchun qiziqarli va juda foydali kitob deb bilaman.

Iqtiboslar

Barcha hayvonlar tengdir. Ammo baʼzi hayvonlar boshqalarga qaraganda tengroq;

Ular koʻzlarini choʻchqadan odamga, odamdan choʻchqaga va yana choʻchqadan odamga oʻgirishdi, ammo ularning qaysi biri kim ekanligini aniqlab boʻlmadi;

Bugun ariqdagi suv qanday mazali! Barchasi rahbarimizning dono rahbarligi tufayli;

Majlisga kelish, albatta, ixtiyoriy, ammo kelmaganlar uchun ovqatning yarmi ushlab qolinadi;

Shunga qaramay, ularda faqat raqamlar bilan emas, yesa boʻladigan narsalar bilan ovqatlanishni afzal koʻradigan kunlar ham boʻlgan.

Qiziqarli faktlar

- Oruell antiutopiyasidagi katta choʻchqa Napoleon deb nomlanadi. Ammo Fransiyada hikoyaning birinchi nashri tarjima qilinib bosmadan chiqqanida bu choʻchqa Sezar nomi bilan atalgan. Keyingi tarjimalarda asl ismi qaytarilgan;

- 1977-yili dunyoga mashhur Pink Floyd rok guruhi roman asosida Animals albomini chiqargan;

- Uollingtonda yashaganida Oruell va uning rafiqasi Eylin bir nechta uy hayvonini parvarish qilgan. Ulardan biri Muriel ismli echki edi. “Molxona” kitobida shu nomdagi echki aqlli va munosib hayvonlardan biri sifatida tasvirlangan.


Fayl:Animal Farm — 1st edition.jpg
Birinchi (1945) nashr muqovasi

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. "12 Things You May Not Know About Animal Farm". Metro.
  2. "Animal Farm: Sixty Years On". History Today.
  3. Bloom, Harold (2009). Bloom's Modern Critical Interpretations: Animal Farm – New Edition (1st ed.). Infobase Publishing. ISBN 978-1604135824.

4. Asaxiy.uz Jorj Oruell: Molxona