Moʻgʻultogʻ

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Mo'g'ultog'dan yoʻnaltirildi)

Moʻgʻultogʻ (xitoycha: 莫卧儿塔格, 莫高勒套)— Qurama tizmasining janubi-gʻarbidagi togʻ. Oʻzbekiston va Tojikiston chegarasida joylashgan. Jan.-gʻarbdan Shimoli-sharqqa yoʻnalgan. Qurama tizmasining gʻarbiy tarmoqlari boʻlmish Oltintopgan va Qoramozor tizmalaridan Mirzarabot beli bilan ajralgan. Jan.-gʻarbiy etaklari Sirdaryo vodiysiga tutashadi. Uzunligi 85 km chamasida. Eng baland joyi 1624 m (Moʻzbek togʻi), janubi-gʻarbda Katta Supa togʻi (balandligi 1277 m gacha) mavjud. Togʻ kuchli parchalangan, yalangʻoch, qoyali yon bagʻirlarida yozda qurib qoladigan chuqur soy koʻp. Ular nuragan jins parchalari bilan qoplangan. Etaklari keng prolyuvial shleyflar bilan band. Geologik tuzilishida quyi silur davrining granitli, filitli slanetslari, qumtoshlari, shuningdek, yuqori devon quyi karbon davrlarining ohaktoshlari va marmar toshlari ishtirok etgan.

M.da Mozorbel, Chingildi, Daxchal dovonlari bor. Yiliga 200–250 mm yogʻin tushadi. 1200 m balandlikkacha boʻz tuproqlarda efemerlar (rang, qoʻngʻirbosh), undan yuqorida yuvilgan jigarrang tuproqlarda turli oʻtli bugʻdoy-iqzorlar siyrak holda uchraydi. Togʻ etagida Kattaayri, Choruhdayra qishloklari joylashgan.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil