Mirzo Farmonqul

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Mirzo Farmonqul
Tavalludi 1868-yil
Fuqaroligi Buxoro amirligi
Buxoro Xalq Sovet Respublikasi
O‘zbekiston SSR
Kasbi Miroxoʻr, dodxoh
Faoliyat yillari 19011925
Turmush oʻrtogʻi Xadicha
Bolalari qizi Robiya
o‘g‘illari Barot, Abdurahim, Allaqul
Otasi Berdimurod

Mirzo Farmonqul (1868-yil, Xatirchi — ?) — BXSR Yer ishlari nozirligida kotib, Buxoro amirligida qorovulbegi, miroxoʻr, dodxoh lavozimlarida ishlagan.

Mirzo Farmonqul Berdimurod oʻgʻli 1868-yilda Navoiy viloyati Xatirchi tumanida tugʻilgan. Mirzo Farmonqul madrasa taʼlimini bitirgach, dastlab Xatirchi begi Nasrullobek qoʻlida kotib, keyin amlokdor boʻlib ishlaydi. 1901-yilda Nasrullobek tavsiyasi bilan qorovulbegi (poruchik) sifatida amir xizmatiga olinadi. Mirzo Farmonqul otasining vafotidan keyin miroxoʻr, 1917-yildan 1920-yilgacha dodxoh lavomida ishlagan[1]. 1920-yilning avgustida sovet armiya bilan boʻlgan jangda Mirzo Farmonqul yigitlari shaxsan amir himoyasi uchun mas’ul boʻlgan. Farmonqul amirni Gʻijduvonga yetguncha himoya qiladi. Shundan keyin qizil armiyaga bas kelib boʻlmasligini anglagach, amirni Sharqiy Buxoroga chiqarib yuborish uchun dushmanni chalgʻitishga harakat qiladilar. Dodxoh yigitlari goh hujumga oʻtib, goh turli tomonga tarqalib, Xatirchiga chekina boshlaydi. Keyin Mirzo Farmonqul askarlarga tezlik bilan turli tarafga yashirinishga, keyinroq amir orqasidan Dushanbega borishga buyruq beradi[2].

Bu vaqtda amir Olimxon afgʻon amiri Omonulladan vaqtinchalik boshpana soʻraydi. Mazkur iltimosnomani Omonullaxonga Mirzo Farmonqul dodxoh yetkazadi. Keyin Omonullaxon bilan kelishuvga muvofiq barcha harbiylar ortga qaytadi.

Farmonquli dodxoh Buxoroga kelgan vaqtda qoʻlga olinib, 10 kun davomida tergov qilinadi. Soʻng Fayzulla Xoʻjayev hukumati tomonidan Yer ishlari nozirligida kotib lavozimiga ishga olinadi. Keyinroq bu ishni tashlab, 1921-yildan Xatirchiga qaytib, dehqonchilik bilan shugʻullanadi. 1922-yilda BXSR hukumati uni yana ishga olib, Kattaqoʻrgʻon shahriga amlokdor qilib tayinlaydi. 1924-yilgacha shu ishda faoliyat yuritadi. Keyinroq Xatirchi qozisining kotibi boʻlib ishlaydi.

1925-yilning 22-aprelida Mirzo Farmonqul Berdimurod oʻgʻli Xatirchida hibsga olinadi. Farmonqul tergovda oʻzining amir Said Olimxonning dodxohi boʻlgani va shu tufayli amirni himoya qilib, afgʻon amiri Omonullaxon bilan uchrashgani, Olimxonning roziligi bilan Buxoroga qaytganini taʼkidlaydi. 1925-yil 4-sentabr kuni Mirzo Farmonqul Berdimurod oʻgʻli OGPU yigʻilishida 3 yilga Sibirga surgun qilinadi. 1928-yil 20-aprel kuni esa hukm muddati hech bir asossiz yana 3 yilga uzaytiriladi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Muhammad Ali Baljuvoniy. Tarixi Nofeiy. Toshkent Akademiya 2001 — 126 bet. 
  2. Bahrom Irzayev „Ularning “aybi” vatanni sevgani edi“ (2022-yil 17-mart). Qaraldi: 27-iyul 2023-yil.