Merkantilizm

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Merkantilizm (fransuzcha: mercantilisme, italyancha: mercante — savdogar) — 1) Iqtisodiy tafakkur tarixida muhim yoʻnalishlardan biri boʻlib, hukmron hokimiyat va savdogarlar mafkurasini nazariy asoslashga xizmat qilgan; 2) Kapitalning dastlabki jamgʻarilishi davrida davlatning xoʻjalik hayotiga faol aralashuvini yoqlovchi iqtisodiy siyosat. Merkantilizmning vujudga kelishi va rivojlanishi Buyuk geografik kashfiyotlar va mustamlakachilik tizimining paydo boʻlishi bilan bogʻliq. Merkantilizm, dastlab, qonuniy yoʻl bilan pulni koʻpaytirishga qaratilgan siyosatni targʻib qilgan. Xorijdan kelgan savdogarlarning pulni oʻz mamlakatiga olib ketishini taqiqlagan, savdodan tushgan pulga mahalliy sanoat mahsulotlarini xarid qilish zarur boʻlgan. Merkantilizm davlatning iqtisodiyotga faol aralashishini talab etadi. Merkantilizm taʼlimotiga koʻra, boylik ishlab chiqarishda emas, balki muomala sohasida yuzaga keladi va u aynan mamlakatdagi oltin, kumush va boshqa javohirlarda oʻz aksini topadi. Merkantilizm 15-asrning 2-yarmidan rivojlana boshlab, 17-asrda ravnaq topdi va 18-asrning 1-yarmiga qadar nufuzini saqlab keldi. Uning asosiy nazariyotchilari boʻlmish T. Men (Angliya), A. Serra (Italiya), A. Monkretyen (Fransiya) faol savdoni targʻib qildi, yaʼni mamlakatdan tayyor sanoat mahsulotlarini boshqa joylarga olib borib sotish, bir mamlakatdan arzon bahoda tovar sotib olib, boshqa davlatga qimmat narxda sotish tamoyilini ilgari surdi. Merkantilizm mohiyatan oʻtkinchi taʼlimot boʻlishiga qaramasdan, uning gʻoyalari tovar-pul, moliya-kredit, savdo rivojiga muhim hissa qoʻshdi. Kapitalizmning paydo boʻlishi bilan merkantilizmning asosiy qoidalari yangi iqtisodiy sharoitga mos kelmay qoldi. Merkantilizmning oʻrnigaga erkin iqtisodiy (proteksionizmga qarshi) faoliyatni nazariy asoslagan klassik siyosiy iqtisod maktablari vujudga keldi.

Abduxalil Razzoqov.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil