Markaziy Osiyo roʻmoli

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Markaziy Osiyo roʻmoli — Markaziy Osiyo xalqlarining bosh kiyimi boʻlib, etimologik kelib chiqishiga koʻra, „roʻy“ — yuz, „mol“ — artgich degan maʼnoni anglatadi[1].

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qadimda Markaziy Osiyo hududida ayollarning kundalik hayotda bosh kiyimsiz yurishi kuzatilmagan. Yozning issiq va quruq, qishning esa sovuq boʻlishi tufayli bosh kiyimlar hudud iqlimiga moslashtirilgan.

Ayollar roʻmoli qanday matodan tayyorlanganiga qarab dudoq roʻmol, ip roʻmol, shol roʻmol yoki jun roʻmol, toʻr roʻmol, ipak roʻmol, doka roʻmol, misqali doka roʻmol, gʻijim roʻmol, qalayaki roʻmol, qurdorli roʻmol (dokaday yupqa roʻmol), beshguli roʻmol, balxi roʻmol va gardi roʻmollardan iborat boʻlgan. Ayollar bu roʻmollarni yoshiga qarab mavsumiy bosh kiyim sifatida oʻragan[2].

Ayollar bosh kiyimi ustidan yopiladigan yoki oʻraladigan katta roʻmol „chalma“ deb nomlangan. Chalma oʻzining koʻrinishi va shakliga, tarqalgan hududiga qarab har xil boʻlgan. Baʼzi joylarda chalma katta toʻrtburchak, boshqa joylarda esa uzun kesilgan oq rangli mato parchasidan tayyorlangan[3].

Roʻmollar dastlab qoʻl dastgohlarda toʻqilgan matolardan, keyinchalik esa fabrika matolaridan tayyorlangan. XX asr boshlaridan eʼtiboran mintaqaga Rossiya fabrikalarida ishlab chiqarilgan „farangi roʻmol“ kirib kela boshlagan va tez orada mintaqadagi ayollar orasida ommaviylashgan.

Kelinlar va qizlar oʻrta oʻlchamdagi roʻmol oʻragan. Bunday roʻmollar boshning peshana qismiga bogʻlangan va bars, durra, nozbandaq, chakkabandaq, durracha nomlari bilan atalgan. Yosh qizlar, kelinchaklar yorqin rangdagi roʻmollar oʻragan boʻlsa, yoshi oʻtgan ayollar oq, nim rang, kichik oʻlchamli roʻmollarni katta roʻmollar ostidan oʻrab yurgan[4].

Xorazm ayollari ipakdan tikilgan doirasimon shakldagi gulli tahyo (doʻppi)ga ipdan yoki qush patidan popuk oʻrnatib tangalar osganlar. Tahyo ustidan, odatda, roʻmol yopingan. Bu yerda roʻmol turlari koʻp boʻlgan: mahalliy ustalar toʻqigan oq takana va ipak roʻmol (chitkor gul bosgan), jundan toʻqilgan naqshli serjun roʻmol, chetdan keltirilgan boku roʻmol, parang (fransuz yoki yevropa) roʻmoli va hokazolar.

Janubiy Xorazm oʻzbeklari sallani lachak kiymasdan oʻrama salla shaklida aylantirib, bir uchini koʻkragiga tashlaganlar. Odatda, ilgari uydan tashqariga chiqilsa, ayollar salla ustidan mursak yoki uchburchak roʻmol shaklida oq yoki qizil ip matodan tikilgan charchi yopinib chiqqanlar.

Ayollarning aksari vaqt oʻtib anʼanaviy bosh kiyimi salladan voz kechib, har xil rangdagi turli matolardan toʻqilgan roʻmol yopina boshlagan. Roʻmol oʻrash yoki yopinish ham turlicha. Faslga qarab, katta, rangli, koʻp gulli ipak, jun yoki toʻqilgan tivit roʻmol keng tarqalgan. Yoshi katta ayollarining oq doka roʻmol oʻrash odati hozirgacha saqlangan[5].

Qadriyat[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kelin salom — Kelin kuyovning uyiga uzatilayotgan paytda boshiga paranji yoki chopon kiydirib, yuzini xarir roʻmol bilan yopib qoʻyilgan (mazkur odat Samarqand va Buxoroda keng tarqalgan). Toʻyning ertasi kuni „kelin salom“ paytida kelin gul-naqshlar bilan bezatilgan roʻmolni oʻng qoʻlida ushlab turgan (Samarkandda)[6].

Xalqimiz toʻy-tantanalarida, „roʻmol oʻrar“, „oqoʻrar“, „bet ochar“ marosimlarini ham roʻmol ishtirokisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Masalan, nikoh toʻyining ertasi kuni bajariladigan „bet ochar“ udumida kuyov tomondan bir yosh oʻgʻil bola qoʻlidagi oʻqlov yoki mevali daraxt novdasi bilan kelinning boshiga solingan maxsus yopingʻich — roʻmolni koʻtarib, yuzini ochadi. Bu „kelin salom“ udumi bilan bogʻlanib ketadi va kuyov tomon qarindoshlar kelinga koʻrmana sifatida ataganlarini hadya etadi[7].

Oʻzbeklarning motam marosimida ham roʻmol alohida ahamiyatga ega. Azador xonadonlarga bosh kiyimsiz borish uyat hisoblanadi. Marhumning yaqinlari 40 kun ustiga koʻk kiyib, boshiga roʻmol bogʻlaydi. Bu ularning azador ekanini koʻrsatib turadi[8].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Adolat koʻzgusi gazetasi, № 1 (1017), Roʻmol va uning xususiyatlari, Munira Nazarova, 08.01.2015
  2. Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasi, 2006
  3. Uzbekskiy natsionalniy kostyum: istoriya i sovremennost, Zumrad Rashidova, Natsionalniy institut xudojestv i iskusstv im. K. Bexzoda, Tashkent, 2017
  4. Oʻzbek milliy bosh kiyimlari. XIX — XX asrlar, Nafisa Sodiqova, Sharq, 2014
  5. Libos tarixi, D.Rahmatullayeva, U.Xodjayeva, F.Ataxanova, Toshkent 2015
  6. Libos tarixi, D.Rahmatullayeva, U.Xodjayeva, F.Ataxanova, Toshkent 2015
  7. Oʻzbek folklori, Darslik,T.Mirzayev, Sh.Turdimov, M.Joʻrayev,J.Eshonqulov, A.Tilavov, Omonulla Madayevning umumiy tahriri ostida, Toshkent, 2020
  8. Adolat koʻzgusi gazetasi, № 1 (1017), Roʻmol va uning xususiyatlari, Munira Nazarova, 08.01.2015