Manchester mumiyosi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Manchester Tabiat Tarix Jamiyati muzeyi 1850-yilda, ushbu binoda Hannah Beswickning mumiyolangan jasadi namoyish etilgan.

Hannah Beswick (1688 –1758), Birchin Bower, Hollinvud, Oldham, Buyuk Manchester shaharlarida yashagan, dafn etilishidan patologik qoʻrquvga ega badavlat ayol boʻlgan[1]. 1758-yilda vafotidan soʻng, uning jasadi tiriklik belgilarining bor yoki yoʻqligini tekshirib turish uchun balzamlab qoʻyilgan va dafn etilmasdan saqlab turilgan.

Balzamlash qaysi usulda oʻtkazilgani qayd etilmagan, ammo qonni skipidar va vermilion moddalari bilan almashtirilgani aniq. Keyin esa jasad eski soat qutisiga solingan va Beswickning oilaviy shifokori doktor Charles Whitening uyida saqlangan. Beswickning ushbu gʻayrioddiy irodasi uni mashhurlikka olib chiqqan. Ushbu jasadni doktorning uyida qiziquvchilar uchun koʻrishga ruxsat berilgan.

Beswickning mumiyolangan jasadi Manchester muzeyiga keltirilgan va koʻrgazmaga qoʻyilgan. Manchester mumiyosi yoki Birchin Bower mumiyosi nomini olgan. Manchester yepiskopi ruxsati bilan Beswick dafn qilinishi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan. Dafn marosimi 1868-yil 22-iyul kuni Harpurhey qabristonida, oʻlimidan 100 yillardan ortiq vaqtdan keyin boʻlgan. Qabri ham nomaʼlum.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

A wooden coffin in a stone vault being opened by a shrouded figure inside.
Antoine Wiertz L'Inhumation précipitée (Bevaqt dafn), 1854

18-asrning oʻrtalarida odamlarda adashib tiriklayin koʻmilishdan qoʻrquv kuchaygan[2] va oʻlim belgilarining noaniqligi haqida koʻp munozaralar boʻlgan. Dafn qilishdan oldin hayotlik belgilarini tekshirish boʻyicha turli xil takliflar ilgari surilgan: murdaning ogʻziga sirka va murch quyishdan tortib, oyoqlari va hatto toʻgʻri ichakka ham issiq poker qoʻllashgacha[3]. 1895 yilda shifokor J. C. Ouseley har yili Angliya va Uelsda 2700 ga yaqin odam vafot etib ulgurmasidan oldin dafn etilganligini daʼvo qilib yozgan; J. Stenson Hooker bu raqamni 800 ga yaqinroq deb hisoblagan[4]. Hannah Beswick 1688-yilda Manchester shahridagi Cheetwood Old Hallda Jon va Patiens Beswick oilasida tugʻilgan. U 1706-yilda vafot etgan otasidan katta boylikni meros qilib olgan[5]. Oʻlimidan bir necha yil oldin, Xannaning akalaridan biri Jon vafot etdi deb hisoblanib tobut qopqogʻi endi yopilmoqchi boʻlganida, hayot alomatlarini koʻrsatgan. Motamdagilar Jonning qovoqlari qimirlayotganini payqashgan, oilaviy shifokor doktor Charlez White tekshiruv oʻtkzagach uning tirikligini tasdiqlagan. Jon bir necha kundan keyin xushiga kelgan va yana uzoq yillar yashagan[6].

Jessi Dobson, Angliya Qirollik Jarrohlar Kolleji muzeyining yozuvchisi, 1758-yilda Beswickning oʻlimidan keyin sodir boʻlgan voqealar haqida koʻplab „notoʻgʻriliklar va qarama-qarshiliklar“ borligini aytgan. Beswick oilaviy shifokoriga 25 000 funt sterling qoldirganini taxmin qilishgan. Ammo bir shart bilan: doktor White[7] badavlat xonimning tanasini yerdan yuqorida saqlash va vaqti-vaqti bilan tiriklik alomatlari borligini tekshirishi kerak boʻlgan[8]. Biroq, Beswickning 1757-yil 25-iyulda yozilgan vasiyatnomasiga koʻra White 100 funt sterling (2021-yil holatiga koʻra 14 000 funt sterling) olishi kerakligi va dafn marosimi uchun 400 funt sterling (2021-yil holatiga koʻra 57 000 funt sterling) olishi kerakligi aytilgan. Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, White Beswickning vasiyatini bajargan va u 400 funt sterlingni olgan, bu puldan dafn marosimi uchun xarajatlar toʻlanganidan keyin har qancha ortgan pulni olishiga ruxsat berilgan. Beswickning tanasi balzamlanganligi va dafn etilmagani unga ushbu pulning barchasini oʻzida saqlab qolishga imkon bergan. Shu bilan bir qatorda, Whitening Beswickdan anchagina qarzi borligi taxmin qilinadi, bu qarzni dafn marosimidan keyin toʻlashi kerak boʻlgan[9]. 1866-yilda oʻlimidan keyin yillar oʻtib, vasiyatnomaning tafsilotlari hali ham bahsli boʻlgan[10].

Balzamlanishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Beswickning 1757-yildagi vasiyatnomasida uning oʻzining balzamlanish istagi yozilmagan. Taxminlarga koʻra, Whitedan Beswickning oʻlganligi maʼlum boʻlgunga qadar uni yerdan yuqorida ushlab turishni soʻrashgan, ammo u oʻzining eksponatlari toʻplamiga mumiyo qoʻshish vasvasasiga qarshi tura olmagan. Shuning uchun uni mumiyalashga qaror qilgan[11]. White Londonda tibbiyotga oʻqiyotganda anatomiyaga alohida qiziqishi uygʻongan va shu asosida skelet va mumiyolardan iborat „qiziqishlar“ toʻplamini yaratgan[12].

White tomonidan qoʻllaniladigan balzamlash usuli aniq koʻrsatilmagan. Lekin 1748-yilda arterial embalmingning dastlabki tizimini ishlab chiqqan anatomist William Hunterdan saboq olgan. shu sababli White ham ustozining usulidan foydalangan boʻlishi mumkin[13]. Arteriyalarga turpentin va vermilion aralashmasi yuborilgan, soʻngra organlar koʻkrak qafasidan olib tashlangan. Murdadan iloji boricha koʻproq qon siqib chiqarilgan va butun tana spirt bilan yuvilgan. Keyingi bosqichda ichki aʼzolarni almashtirish va turpentin va vermilion aralashmasi qayta yuborilgan. Keyin tana boʻshliqlari kamfora, niter va qatron aralashmasi bilan toʻldirilgan, tana tikilgan va barcha teshiklarni kofur bilan yopilgan. Yakuniy yuvishdan soʻng, tanadagi har qanday namlikni soʻrib olish uchun gips solingan qutiga joylangan[14]. Uni koʻproq saqlab qolish uchun, smola bilan qoplangan boʻlishi ham mumkin[13].

Koʻrinishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Beswick xonimning mumiyolangan jasadi dastlab Beswick oilasining yana bir aʼzosining uyi boʻlgan Ancoats Hallda saqlangan, ammo tez orada u Manchesterning Sale shahridagi doktor Whitening uyiga koʻchirilgan va u uyda eski soat qutisida saqlangan. Beswickning gʻayrioddiy irodasi uni mashhur qilgan; yozuvchi Thomas de QuinceyWhitening uyiga mumiyoni koʻrgani kelganlardan biri boʻlgan[15]. 1813-yilda doktor Whitening oʻlimidan soʻng, Beswickning balzamlangan jasadi doktor Ollierga vasiyat qilingan.1828-yilda doktor Ollierning vafoti munosabati bilan Manchester Tabiat Tarixi Jamiyati muzeyiga topshirilgan[16]. Ushbu muzeyda Manchester mumiyosi yoki Birchin Bouer mumiyosi sifatida tanilgan[17]. U muzeyning kirish zalida[18], Peru va Misr mumiyolari yonida taqdimotga qoʻyilgan. Beswick xonimning qarindoshlariga oʻzlari xohlagancha uni ziyorat qilishlariga ruxsat berilgan[19]. Mumiyo 1844-yilda muzey tashrif buyuruvchilari tomonidan „muzeydagi eng diqqatga sazovor narsalardan biri“ deb taʼriflangan[20].

Hannah Beswickning suratlari yoʻq. U haqida taʼriflardan biri mahalliy tarixchi Philip Wentworth tomonidan taqdim etilgan:

Mumiyolangan tana yaxshi saqlangan, lekin yuzi biroz timdalangan va qoraygan. Oyoqlari va tanasi qattiq mato bilan mahkam bogʻlangan. Kampirning tanasi tobutga mos shaklga keltirilgan.

1867-yilda Beswickni dafn qilish vaqti keldi deb qaror qilindi[21]. Biroq, 1837-yildan beri Buyuk Britaniya qonunchiligiga koʻra, dafn qilishdan oldin tibbiy ekspertiza oʻlim toʻgʻrisidagi guvohnoma berilishi kerak. Beswick 1758-yilda vafot etganligi sababli, uni dafn etish toʻgʻrisida buyruq chiqargan Davlat kotibiga murojaat qilish kerak boʻlgan. Manchester yepiskopi ruxsati bilan Hannah Beswick 1868-yil 22-iyulda Harpurxey qabristonidagi nomaʼlum qabrga dafn qilingan[22].

Xazinasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shahzoda Charlie 1745-yilda oʻzining bosqinchi armiyasini Manchesterga kiritdi, bu esa Beswickning xazinasi uchun tahdid hisoblangan edi. Shu sababli u xazinasini koʻmishga qaror qilgan. Oʻlimidan sal oldin u xazina qayerda yashiringanini qarindoshlariga koʻrsatishga vaʼda bergan, biroq aytishga ulgurmasdan vafot etgan. Uning uyi boʻlgan Birchin Bower bekasining vafotidan keyin ishchilar uyiga aylantirildi. Ushbu manzilgohda yashovchilarning baʼzilari qora ipak xalat va oq qalpoq kiygan sharpani koʻrganliklarini daʼvo qilishgan va uni Hannah Beswick deb taʼriflashgan. Aytilishicha, Beswickning vafotidan keyin tez orada bir toʻquvchi tosh tagida yashiringan Beswickning xazinasini topib olgan[23]. Oliphantʼs ismli oltin sotib oluvchi ushbu oltinlarning har biriga oʻsha payti £3 funt-sterling toʻlagan. Bu 2021-yilgacha boʻlgan inflyatsiya va boshqa omillarni hisobga olib aytganda har biri uchun 2021-yil holatiga koʻra £530 funt-sterlingga teng boʻlgan.

Ferranti zavodiga yo'l ochish uchun Birchin Bower buzib tashlangan[24]. Beswickning oilaviy uyi bo'lgan Chetwood Old Hall 1890-yilda g'isht zavodi qurish uchun buzib tashlangan. O'sha payti pudratchilar mehmonxona ostida ko'milgan qo'shaloq tobutni topgan. Tobutning siri hech qachon ochilmagan, ammo o'sha paytda bu Beswick oilasi va Hannah Beswick Oldhamga ko'chirilgandan u yerda yashagan doktor White bilan bog'liq deb hisoblangan[25].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Hough & Randles 1993, s. 43.
  2. Bondeson 2001, s. 77.
  3. Bondeson 2001, s. 56, 71.
  4. Bondeson 2001, s. 239.
  5. „Manchester Times“ (1890-yil 22-avgust). Qaraldi: 2017-yil 2-fevral.
  6. Hyde, O'Rourke & Portland 2004, s. 44.
  7. Cooper 2007, s. 87.
  8. Clendening 2005.
  9. Dobson 1953, s. 432.
  10. Portland 2002, s. 43.
  11. Portland 2002, s. 41.
  12. Dobson 1953, s. 433.
  13. 13,0 13,1 Zigarovich, Jolene (2009), „Preserved Remains: Embalming Practices in Eighteenth-Century England“, Eighteenth-Century Life, Duke University Press, 33 (3): 65–104, doi:10.1215/00982601-2009-004, S2CID 143636284
  14. Dobson 1953, s. 434-435.
  15. Bondeson 2001.
  16. Portland 2002, s. 85.
  17. Cooper 2007, s. 88.
  18. Bondeson 1997.
  19. Hyde, O'Rourke & Portland 2004, s. 43.
  20. Kohl 1844.
  21. Cooper 2007.
  22. Portland 2002, s. 86.
  23. Hyde, O'Rourke & Portland 2004, s. 43-44.
  24. Hough & Randles 1993, s. 42.
  25. „Dundee Courier“ (1890-yil 3-mart). Qaraldi: 2017-yil 2-fevral.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]