Makrogliya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Makrogliya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Makrogliya hujayralari ektodermadan rivojlanadi. Uning hujayralarini kumush bilan ishlangan preparatlarda ko'rish mumkin. Makrogliya o‘z navbatida astrogliya, ependimogliya, oligodendrogliya va multipotentsial gliyaga bo'linadi. ==Astrogliya==. Astrotsitar gliya markaziy nerv sistemasining (M N S) tayanch apparatini hosil qiladi. U mayda ko‘p o‘simtali kichik hujayralardan iborat bo‘lib, nurli yulduz ko‘rinishiga ega. Bunday tipdagi neyrogliya hujayralari astrotsitlar (yunon. astra yulduz; cytos - hujayra) nomini oladi o‘simtalarning tuzilishiga qarab 2 xil astrotsitlar farqlanadi: 1) protoplazmatik yoki qisqa o‘simtali astrotsitlar (astrocytiprotoplasmatici); 2) tolali yoki uzun o‘simtali astrotsitlar (astrocyti fibrosi). Protoplazmatik astrotsitlar M N S asosini hosil qiladi va asosan kulrang moddada, ya’ni neyronlar sohasida joylashadi. Bu hujayralarning tanasi ko‘p qirrali bo‘lib, undan kalta ko'p tarmoqlanuvchi va «oyoqchalar» hosil qilib tugallanuvchi o‘simtalar chiqadi. Hujayra kattaligi 15—20 m km bo‘lib, yadrosi nisbatan katta, xromatini kamdir. Sitoplazmasida ko‘p miqdorda glikogen,mitoxondriyalar hamda sust rivojlangan donador endoplazmatik to‘r topilgan. Tolali astrotsitlar asosan M N S oq moddasida, ya’ni nerv tolalari sohasida joylashgan. Ularning hujayra tanasi nisbatan kichik bo‘lib, shakli cho‘zinchoqdir. Kattaligi 10—20 m km bo‘lib,sitoplazmaning ko'p qismini yadro egallagan. Hujayra tanasidan 20—40 tagacha ingichka kam shoxlanuvchi o'simtalar chiqib, glial tolalarga aylanadi va miyaning tayanch apparatini tashkil qiladi. Astrotsitlarning o‘simtalari ko‘pincha mayda qon tomirlar devorlarida tugmachasimon kengaymalar (perivaskulyar oyoqchalar) hosil qilib tugallanadi.

Ependimogliya[tahrir | manbasini tahrirlash]

U asosan ependimotsit (ependym ocyti) hujayralaridan tashkil topgan.Yetuk ependimotsitlar epiteliy kabi silindrsimon shaklda bo'lib , orqa miya kanalini va bosh miya qorinchalarining devorini qoplab turadi. Bosh miya qorinchalarining qon tomirlari chigallarini qoplovchi ependimotsitlar kubsimon shaklga ega.Ependimotsitlar sitoplazmasida mitoxondriyalar, yog‘lar, pigmentlar va boshqa tuzilmalarni uchratish mumkin. Ependimotsitlar chegaralovchi, tayanch vazifalarni bajaradi hamda serebrospinal suyuqlikni hosil qilishda ishtirok etadi. Ayrim hujayralar esa sekretor funksiyani o‘taydi. Ependimotsitlarning nerv nayining ichiga qaragan yuzasida embrional davrda kiprikchalar bo'ladi, ular postembrional davrda yo‘q bo'lib ketadi va M N S ning faqatgina ayrim qismlaridagina saqlanib qolishi mumkin. Bu hujayralarning bazal qismidan esa birgina uzun o'simta chiqadi. Bu o'simta tarmoqlangan va tarmoqlanmagan bo'lishi mumkin. Tarmoqlangan o'simtalar miyaning oq va kulrang moddasida joylashgan neyronlar va boshqa gliya hujayralari o'simtalariga tegib yotadi. Gliotsitlarning o'simtalari ko'pincha shoxsimon tarmoqlangan bo'lib, ular nerv nayining hamma qavatlaridan o'tib, tashqi chegaralovchi membranani (membranalimitans gliae superficialis) hosil qilishda ishtirok etadi.

Oligodendrogliya[tahrir | manbasini tahrirlash]

U neyrogliyaning eng ko'p sonli hujayralari bo'lgan oligodendrotsitlarni(oligodendrocyti) o'z ichiga oladi. Oligodendrotsitlar mayda hujayralar bo'lib, shakli turlichadir. Ularda dumaloq kichik yadro bo'lib , u yupqa donador sitoplazma bilan o'ralgan. Bu hujayralarning o'simtalari kam va sust tarmoqlangan (yunon. oligos — kam ). Oligodendrotsitlar miyaning oq va kulrang moddasida keng tarqalgan bo'lib,M N S va periferik nerv tugunlarining hujayralarini o'rab turadi (gliotsit satellitlar). Ular miyelinli va miyelinsiz nerv tolalarining pardalari hosil bo'lishida hamda nerv oxirlarining shakllanishida ishtirok etadi. Bunda ular neyrolemmotsitlar (Shvann hujayralari yoki lemmotsitlar) deb ataladi. Ular trofik funksiyani bajaradi, nerv hujayralarining modda almashinuvi protsessida ishtirok etib, nerv tolalarining degeneratsiyasi va regeneratsiyasida ahamiyati katta. Oligodendrotsitlar aktiv oqsil va boshqa moddalarni sintez qilish qobiliyatiga ega. Bu hujayrada donador endoplazmatik to'r va Golji kompleksi kuchli rivojlangan. Oligodendrotsitlar tuzilishi bo'yicha neyronlarga yaqin turib , ulardan neyrofibrillalari yo'qligi bilan farqlanadi.

Multipotensial gliya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Makroglyaning multipotensial gliya deb nomlanuvchi turi asosan kam differensiallangan hujayralardan iborat bo'lib , ular tuzilishiga ko‘ra glioblastlarni eslatadi. Shu bilan birga ularni mikrogliya hujayralari bilan ham adashtirish mumkin, chunki mikrogliya kabi mayda hujayralar bo'lib , kichik o ‘simtalarga ega. Biroq kelib chiqishi va funksiyasi jihatidan bu hujayralar mikrogliyadan tubdan farq qiladi. Multipotensial gliya hujayralari bo'linish va differensiallanish qobiliyatiga ega. Bu hujayralar boshqa tipdagi makrogliya hujayralariga - astrotsitlarga, ependimotsitlarga, oligodendrotsitlarga aylanishi mumkin. Bu jarayonda multipotensial gliya hujayralari sitoplazmasida astrotsitlar, oligodendrotsitlar va ependimotsitlarga xos o‘zgarishlar ro‘y beradi. Demak, multipotensial gliya hujayralari makrogliya uchun ko‘payuv va almashinuv manbai bo'lib hisoblanadi. Ularni makrogliyaning o‘ziga xos o‘zak hujayralari deyish ham mumkin.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

[1]

  1. Gistalogiya. Toshkent: Ibn Sino, 2005 — 160-161 bet. 9-dekabr 2022-yilda qaraldi.  (Wayback Machine saytida 2022-07-09 sanasida arxivlangan)