Lyudvig van Betxoven

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Ludwig van Beethovendan yoʻnaltirildi)
Lyudvig van Betxoven
Lyudvig van Betxoven
Bastakor
Tavallud sanasi: 17-dekabr, 1770-yil(1770-12-17)
Tavallud joyi: Bonn, Olmoniya
Vafot sanasi: 26-mart, 1827-yil(1827-03-26)
(56 yoshda)
Vafot joyi: Vena, Avstriya

Lyudvig van Betxoven (Ludwig van Beethoven, 1770-yil 17-dekabr, Bonn, Germaniya1827-yil 26-mart Vena, Avstriya) — buyuk olmon bastakori, dirijyor va pianisti.

Betxoven — nemis kompozitori, pianinochi va dirijyor. Vena klassik maktabining vakili. 1792-yilda Venaga koʻchgan va tez orada oʻzining erkin va taʼsirchan, yangi ijro uslubi bilan isteʼdodli pianinochi, badihachi-improvizator sifatida tanilgan. Venada (1795—1800) yaratgan fortepiano konsertlari, 8-chi „Patetik“ fortepiano sonatasi, kvartetlari, 1-chi simfoniyasi, „Prometeyning yaratmalari“ baletidayoq Betxovenga xos, Buyuk Fransuz inqilobi gʻoyalari taʼsiri ostida shakllangan ijodiy uslubi koʻzga tashlandi. 27 yoshidan qulogʻi ogʻirlashib, keyinchalik butunlay kar bulib qolsada, ichki uquv, his-tuygʻu bilan birtalay asarlar yaratdi, dirijyorlik qildi. Betxoven ijodi, ayniqsa 1801—1812 yillarda kamol topdi. Qahramonlik va demokratizm ruxi bilan yug'rilgan 3-chi („Qahramonnoma“), 5-chi simfoniyalari, „Fidelio“ operasi, I. Gyotening „Egmont“ fojiasiga yozgan musiqasi, „Appasionata“ fortepiano sonatasi, skripka va fortepiano uchun „Kreyserov“ sonatasi mashhur. Chuqur fojiaviylik va adolat tantanasiga ishonch ruxi bilan sugʻorilgan 9-chi simfoniyasi Betxoven ijodining choʻqqisidir. Soʻnggi asarlari (28—32 fortepiano sonatalari, 12—16 kvartetlari, bagatellar)da kompozitorning yangi ifoda vositalari topishga intilishi seziladi.

Musiqiy qahramonlik uslubini yaratgan Betxoven simfonik musiqa tafakkuri (q. Simfonizm) koʻlamini nihoyatda kengaytirgan, kamercholgʻu va vokal musiqasi, konsert janrlarining gʻoyaviy mazmunini teranlashtirgan, mavjud musiqa shakllari va janrlarini isloh etgan.

Ijodida turli (ingliz, venger, italyan, nemis, polyak, rus, ukrain) xalq kuylarini qayta ishlagan, Sharq mavzulariga murojaat qilgan (Saʼdiy sheʼrlariga 2 kanon). Betxovenning 5, 7, 8, 9-chi simfoniyalari, fortepiano va skripka konsertlari, birtalay fortepiano va skripka sonatalari, kamer ansambl va boshqa asarlari Oʻzbekistonda ijro etiladi.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Rollan R., Jizn Betxovena, M., 1964; Alshvang A., Betxoven. Ocherk jizni i tvorchestva, 5-izd., M., 1977; Karinsev N , Betxoven (T. Mirzayev tarjimasi), T., 1939.