Koreya respublikasida transport

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

KOREYA RESPUBLIKASIDA TRANSPORT Janubiy Koreyada transport o‘zida mamlakatning temir va avtomobil yo‘llari, havo va dengiz magistrallari kabi transport kommunikatsiyasini mujassamlashtiradi. Temir yo‘llarining umumiy uzunligi — 6240 kilometr (shundan 525 kilometri elektrlashtirilgan). Koreya Respublikasining olti yirik shahri — Seul, Pusan, Tegu, Inchxon, Kvanju va Tejonda metropoliten mavjud. Seul metropoliteni — mamlakatdagi eng qadimiy metropoliten hisoblanadi, Seul vokzalining Chxonnyannigacha bo‘lgan birinchi liniyasi 1974 yili ochilgan. Avtomobil yo‘llarining umumiy uzunligi — 97 252 km, shundan 74 641 km asfaltlashtirilgan. Mamlakatning bosh portlari: Chinxe, Inchxon, Kunsan, Masan, Mokpxo, Pxoxan, Pusan, Tonxe, Ulsan, Yosu, Sokchxo. Koreya Respublikasining asosiy avialiniyasi Korean Air va Asiana Airlineslardir. Har ikki avialiniya mamlakat ichkarisida ham, xorijga ham xizmat ko‘rsatadi. Seulda ikkita aeroport xizmat ko‘rsatadi: Inchxon va Kimpxo. Xalqaro reyslar asosan Inchxon aeroportida amalga oshiriladi, Kimpxo aeroporti mahalliy reyslar uchun xizmat qiladi. Boshqa yirik aeroportlar Pusan va Chejuda joylashgan. Mamlakatda aeroportlar soni 108 ta. Koreya Respublikasi nafaqat Osiyoda, balki butun jahonda rivojlangan transport infrastrukturasi bilan mashhur. Koreyada transportning zamonaviy turlari so‘nggi yillarda paydo bo‘lgan, ammo shiddatli rivojlanish, dinamik o‘sishi bilan ajralib turadi; sozlangan mexanizm kabi ishlaydi, hammasi toza, shinam va foydalanish uchun himoyalangan.