Kitob futuh ul-buldon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Navigatsiya qismiga oʻtish Qidirish qismiga oʻtish
Kitob futuh ul-buldon
Asl nomi arabcha: كتاب فتوح البلدان
Muallif al-Balozuriy (البلاذري)
Janr tarixiy
Til arabcha

Kitob futuh ul-buldon (arabcha: كتاب فتوح البلدان, „Mamlakatlarni fath etish kitobi“) — Abu al-Abbos Ahmad al-Balozuriyning tarixiy asari[1]. Kitobning toʻliq nusxasi yoʻqolgan, muallifning oʻzi tomonidan tuzilgan qisqartirilgan versiyasi bugungi kungacha saqlanib qolgan[2].

Al-Balozuriy (taxminan 820-892 yillar) asari tarixiy adabiyotning „Kutub al-magʻoziy“ (كتب المغازي), ya’ni „Yurishlar toʻgʻrisidagi kitoblar” janrining vakili hisoblanadi. Ammo „Futuh al-buldon“ avvalgi kitoblardan qamrovining kengligi va tizimliligi bilan ajralib turadi. Kitobning boblari geografik tamoyilga muvofiq joylashtirilgan. Har bir mintaqaga alohida bob bagʻishlangan boʻlib, tarixiy voqealar xronologik tartibda keltirilgan. „Kitob Futuh al-buldon“da arablarning Xuroson va Movarounnahrdagi yurishlari, Arab xalifaligi tarixi, iqtisodiyoti, madaniyati, qurolli kuchlari, savdo aloqalari, soliq tizimi haqida ma’lumotlar berilgan. Turkeshlarning arablarga qarshi kurashi, arab boshligʻi Qutayba ibn Muslimning Shosh va Isfijobga yurishlari, shuningdek, oʻrta asrlardagi Turkiston oʻlkasi haqidagi maʼlumotlar alohida ahamiyatga ega.

Al-Balozuriy asos boʻlgan manbalar asosan nomaʼlum, hikoyalarda esa isnodlar — axborot uzatuvchi zanjirlar yoʻq. Isnodlar mavjud boʻlsa ham, ular qisqartirilgan shaklda keltirilgan. Biroq kitobning bu xususiyatlari al-Balozuriyning ishonchli tarixchi sifatidagi obroʻsiga putur yetkazmadi. Keyinchalik tarixchilar oʻz asarlarida uning asarlaridan keng foydalanganlar. Jumladan, Yoqut al-Hamaviy oʻzining „Muʼjam al-buldon“ (Mamlakatlar lugʻati) geografik lugʻatida “Futuh al-buldon”ning toʻliq versiyasidan foydalangan, u hozirgacha yetib kelmagan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Казахстан. Национальная энциклопедия. том III, 2005, C. 228.
  2. Аль-Балазури. Книга завоевания стран. Отрывок / пер. Куббеля Л. Е, Матвеева В. В.. — Директ-Медиа. — С. 44—45. — 222 с. — ISBN 9785998966613.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Китаб футух ал-булдан // Казахстан. Национальная энциклопедия. — Алматы: Қазақ энциклопедиясы, 2005. — Т. III. — ISBN 9965-9746-4-0. (CC BY-SA 3.0)
  • Арабские источники VII—X веков по этнографии и истории Африка южнее Сахары. — М.—Л., 1960.