Kontent qismiga oʻtish

Kalliroi Parren

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Kalliroi Parren
Tavalludi 1861-yil
Retimno
Vafoti 15-yanvar 1940-yil
Afina, Markaziy Afina, Attika, Gretsiya
Fuqaroligi Yunoniston
Taʼlimi Arsakion
Kasbi yozuvchi, jurnalist
Retimnodagi Kalliroi Parren byusti

Kalliroi Parren (grekcha: Καλλιρρόη Παρρέν) — yunon pedagogi, jurnalisti va yozuvchisi. Gretsiyadagi feministik harakatning asoschisi[1].

Hayotining ilk davri[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kalliroi Parren Kritning Retimno shahrida oʻrta daromadli oilada tugʻilgan. Boshlangʻich maʼlumotni Pireydagi monaxxonada olgan Kalliroi Afinadagi eng yaxshi qizlar maktabida oʻqishni davom ettirgan va 1878-yilda Arsakionni tugatgan. Koʻplab tillarni, jumladan rus, fransuz, italyan va ingliz tillarini bilgan. Odessaga taklif qilingan Kalliroi bu yerda ikki yil davomida qizlar uchun yunon jamoat maktabini boshqargan[2]. Shuningdek, Edirnedagi yunon jamiyati maktabi Zapeyon maktabini boshqargan[2]. Oxir-oqibat,Konstantinopolda fransuz matbuot agentligini asos solgan rafiqasi Jan Parren bilan Afinaga joylashgan. Jan Parren ham jurnalist boʻlgan.

Tashabbuslari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hali Afinadaligida Yevropa va Amerika ayollar harakati bilan yaqindan hamkorlik qilgan va 1888, 1889, 1896, 1900-yillarda Parijda va 1893-yilda Chikagoda oʻtkazilgan xalqaro konferensiyalarda qatnashgan. Ayollar huquqlari uchun kurashuvchi Parren asosan ayollarning taʼlim olish imkoniyatlari va bandligiga eʼtibor qaratgan. Bu harakatlar taktik maqsadlarda amalga oshirilardi. 1908-yilda uning katta saʼy-harakatlari natijasida Xalqaro ayollar kengashi qoshida Ethniko Symvoulio ton Ellinidon (Yunon ayollari milliy kengashi) tashkil etilgan.

1890-1896-yillar orasida ayollar uchun Yakshanba maktabi, Saint-Catherine boshpanasi va Shoʻrva oshxonasi kabi turli ijtimoiy tashkilotlarga asos solgan. 1900-yilda vazir Teodoros Deliannisga murojaat qilib, bolalar va ayollarning mehnat sharoitlarini davlat tomonidan himoya qilishga erishgan[3].

Parrenning maqolalari orqali xotin-qizlarni vatanparvarlik nuqtai nazaridan faolroq boʻlishga daʼvatlari, ayollarning bu rolini kengaytirish borasidagi tashabbuslari yuqori baholangan.

1894-yilda Parren ayollar ozodlik ittifoqini, 1896-yilda esa Gretsiya ayollar ittifoqini tuzgan. Ittifoq 1897-yilgi Usmonli-Yunon urushi uchun mablagʻ yigʻish, askarlar uchun kiyim tikish va tibbiyot xodimlarini tayyorlashda faol ishtirok etgan. Yutuqlari qatorida 1911-yilda asos solgan Yunon ayollar oʻrta maktabi klubi ham bor. Parren shuningdek, 1650-yillardan 1860-yillargacha (yunon tilida) Yunon ayollari tarixini yozgan[3].

Parren butun Bolqon yarim orolida ayollarni birlashtirish uchun 1923-yilda tashkil etilgan Kichik Ayollar Antantasining asoschilaridan biri boʻlgan. Shuningdek, urushlararo davrda Tinchlik va erkinlik uchun Xalqaro xotin-qizlar ittifoqining yunon boʻlimi prezidenti sifatida ishlagan.

„Ayollar“ jurnali[tahrir | manbasini tahrirlash]

1887-yilda Afinada Ephemeris ton kyrion („Ayollar“ jurnali) ga asos solib, Gretsiyada feministik harakatni boshlagan[3]. Gazeta tahririyati butunlay ayollardan iborat boʻlgan. Gazeta 1908-yildan 1916-yilgacha har hafta 8 sahifada nashr etilgan. 1916-yildan oylik nashrga aylangan. Gazeta oʻsha davrning koʻplab taniqli yozuvchilari, jumladan, feministlarning asarlarini taqdim etgan. 1917-yilda Parren monarxiyani qoʻllab-quvvatlagani va Antanta tomonida Gretsiyaning Birinchi jahon urushida ishtirok etishiga qarshi chiqqani uchun Elefterios Venizelos maʼmuriyati tomonidan Gidra oroliga surgun qilingan va gazeta nashr etilishini toʻxtatgan.

Adabiy uchrashuv[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kalliroi oʻzining koʻp faoliyati bilan bir qatorda „Adabiy shanbaliklar“ nomli adabiy yigʻinga ham raislik qilgan. Juliet Adam, Giorgis Gavrilidis, Jyul Simon, Grigorius Ksenopulos va shoir Kostis Palamas bilan doʻst boʻlgan[2]. Palamas hatto Parren haqida mashhur sheʼr ham yozgan. Feministik manfaatlarni afzal koʻrgan boʻlsa-da adabiy yigʻinlarida ayollar ham, erkaklar ham qatnashgan[2].

Romanlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gazeta chiqarish, adabiy anjumanga rahbarlik qilishdan tashqari, qator romanlar muallifi hamdir. Oʻzining „Ayollar“ jurnalida ilk bor Maia taxallusi bilan asarlarini chop etgan. Ayol oʻquvchilardan ijobiy sharhlar olgan. Uning ilk romani 1900-yilda, ikkinchi romani 1901-yilda, uchinchi romani 1902-yilda nashr etilgan[2]. Uning dastlabki kitoblari birgalikda yunon ayollarining ozodlik uchun kurashiga bagʻishlangan „Ta Vivlia tis Avyis“ (Tong kitoblari) trilogiyasini yaratganlar[2]. Trilogiya kitobxonlar tomonidan yaxshi kutib olingan. Tanqidchilar Grigorios Ksenopulos va Kostis Palama trilogiyani yunon ijtimoiy romani rivojiga qoʻshgan katta hissa sifatida taʼkidlaganlar. 1907-yilda bu doston XX asrning eng mashhur dramatik aktrisalaridan biri boʻlgan Marika Kotopuli rol oʻynagan „Nea Yineka“ filmiga moslashtirilgach mashhurlik choʻqqisiga chiqqan. Parren tomonidan ushbu mashhur trilogiyaga Maramenon Krinon va Horis Onoma asarlari ham kiritilgan[2].

Oʻlimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kalliroi Parren 1940-yil 15-yanvarda Afinada vafot etgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Kalliroi Siganou-Parren“ (en). www.kretakultur.dk. 2021-yil 19-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 21-noyabr.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 2,6 Wilson, Katharina M.. An Encyclopedia of Continental Women Writers, Volume 1. Taylor & Francis, 1991 — 965–966 bet. ISBN 0-8240-8547-7. 
  3. 3,0 3,1 3,2 Ahmet Ersoy, Macie J. Gorny, Vangelis Kechriotis, (eds), Modernism: The Creation of Nation States.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Stefanidou, Xenia (2007). „Greek Women in Positions of Power.“ Paper presented at the Hellenic American Professional Society Annual Meeting. November 4.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]