Trilogiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Trilogiya (yun. tri — uch, logos — soʻz) — umumiy mazmuni, gʻoyasi, asosiy qahramonlari, syujet chizigʻining oʻzaro aloqadorligi, bogʻliqligi bilan bir butunlikni, yaxlitlikni tashkil etuvchi uch mustaqil asar. Triologiya xarakteridagi asarlarning eng dastlabkilari Yunonistonda yuzaga kelgan. Evripid, Esxil, Sofokl kabi yunon tragediyanavislari ilk dramatik Triologiyalarlar yaratganlar. Masalan: "Zanjirband Prometey", "Oresteya", "Fivaning yetti dushmani" singari asarlar shular jumlasidandir. Keyinchalik jahon adabiyotida (Bomarshe, F. Shiller, L. N. Tolstoy, S. T. Aksakov va boshqalar) dramatik va nasriy Triologiyalarning xilma-xil namunalari yaratildi.

Oʻzbek adabiyotida ham Triologiya janrida asarlar yaratilmoqda. M. Ismoiliyning "Fargʻona tong otguncha", Said Ahmadning "Ufq" ("Qirq besh kun", "Hijron kunlari", "Ufq boʻsagʻasida") asari Triologiya janrining namunalaridir. Lirik asarlarga nisbatan "Triologiya" termini kam qoʻllanadi.