Jumabay Medetbayev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jumabay Medetbayev
Tavalludi 1935-yil 8-mart
Shomanay qishlogʻi, Xoʻjayli tumani, Qoraqalpogʻiston
Vafoti 2005-yil 10-may
Olmaota, Qozogʻiston
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR Qozogʻiston bayrogʻi Qozogʻiston
Kasbi aktyor

Jumabay Medetbayev (qozoqcha: Жұмабай Медетбаев, 1935-yil 8-mart, Shomanay qishlogʻi, Xoʻjayli tumani, Qoraqalpogʻiston2005-yil 10-may, Olmaota, Qozogʻiston) — aktyor, Qozogʻiston (1998) va Qoraqalpogʻiston (1993) xalq artisti[1].

1960—1962-yillarda Toshkentdagi Teatr va rassomlik institutida tahsil olgan, Olmaota konservatoriyasini (hozirgi Qozoq milliy konservatoriyasi) tugatgan (1965). 1965—1966-yillarda Qaragʻanda viloyat drama teatrida ishlagan. Birinchi roli Muxtor Avezovning „Enlik – Kebek“ tragediyasidagi Kebek roli (1965). 1966-yildan Qozoq akademik drama teatri aktyori.

Teatrda oʻynagan asosiy rollari: Shuak, Alibek, Maman, Asan (Avezovning „Qora qipchoq qoʻbilandi“, „Ayman – Sholpani“ va „Karagʻozin“), Tolegen (G.Musirepovning „Qiz ipak“), Dolgov (Avezov va L. S. Sobolev " „Abay“), Battal (A.Tojiboevning „Mayra“), Oznobin (A.Nurpeyisovning „Qon va ter“), Barak (T.Axtanovning „Qasam“), Tabai (Q.Muhamedjonovning „Biz farishtalar emasmiz“), Oqjigit (M.Korimning „Oy tutilgan kechasi“), Oʻrinboy, Gʻani (S.Ahmadning „Kelinlar qoʻzgʻoloni“ va „Kuyov“da), Teatr direktori (F. Ervening „Tulki qiz“), Korifey (Evripidning „Medeya“), Abiz (Sofoklning „Podshoh Edip“) va boshqalar.

Jumabay Medetbayev qoʻshiqchilik va nogʻora chalish bilan ham shugʻullangan, „Qimizxona“ koʻp seriyali telespektaklida ishtirok etgan. Medetbayev radio, televidenie va kino sohasida munosib mehnat qilgan. Medetbayev ijrosidagi „Qambar botir“ qoʻshigʻi (1978) gramplastinkaga yozilgan. 1970-yildan kinofilmlarda rol oʻynagan: Aubakir („Qurmangazi“ telefilmi), Oʻrinbay („Ebelekte ", 1975), Kapan („Aqirgʻi Amanat“, 1980) va boshqalar.

Qozogʻiston Oliy Kengashining Faxriy yorligʻi bilan mukofotlangan (1976)[2]. 1980-yilda „Qozogʻiston SSRda xizmat koʻrsatgan artist“ faxriy unvoni (Qozoq va Sovet teatr sanʼati sohasidagi xizmatlari uchun), 1993-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq artisti, 1998-yilda Qozogʻiston Respublikasi xalq artisti faxriy unvoni (qozoq teatri va kinosi sohasidagi xizmatlari uchun) bilan taqdirlangan[3]. 2005-yil 10-mayda Olmaotada vafot etgan[3].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]